Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qopqoq ostiga berkitilgan orzular yoxud «qopqoq qullari»

Qopqoq ostiga berkitilgan orzular yoxud «qopqoq qullari»

Kechki payt ishdan charchab uyga kelamiz-u, hali ovqatlanmay ham qo‘limizga televizor pultini olib, kanallardan kanallarga sayr qilishni boshlaymiz. Hozirgi tanlov imkoniyati keng davrda to‘g‘risi birorta kanalni tuzukrok ko‘rmaymiz ham. Televizorimiz go‘yoki turk seriallari, mavzusi bir xil shou ko‘rsatuvlar va reklamalar o‘rtasidagi o‘zaro jang maydoniga aylanib qolgandek.

Seriallar haqida juda ko‘p gapirildi va ma’lum vaqt biror pichoqqa ilinadigan mavzu qolmasa, yana seriallar mavzusiga qaytilaveradi (garchi amaliy natija sezilmayotgan bo‘lsa ham).

Reklamalar esa — o‘zi singari tugamas mavzu. Unda tavsiya qilinayotgan mahsulotlar ko‘pligidan qaysi birini sotib olishga o‘ylanib qolasan va oxiri olmaslikka qaror qilasan kishi. Agar sal bolatabiat, qiziquvchan bo‘lsang va hali ham o‘sha mashhur olma pish, og‘zimga tush… shioriga ishonsang, reklama ichida ham reklama qilinishdan to‘xtamayotgan energetik ichimliklardan sotib olasan. Qaysi biridan sotib olishingning esa farqi yo‘q: hammasida Spark bor, Malibu bor.

Yuz yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan dunyoga mashhur Coca Cola, Pepsi ichimliklari qatorida teppa teng sotilayotgan va hozircha o‘zimizning bozorlardan «ortmayotgan» bu energetik ichimliklarga qaram bo‘lib borish, tadqiqotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 18-35 yoshlarni qamrab olayotgan bo‘lsa, bizda bu yosh ko‘rsatkichini 10 yoshdan 60 yoshgacha deb bemalol aytsa bo‘laveradi. Sababi oddiy: ichimliklar qopqog‘i ostidagi sovrinlar, ayniqsa osongina avtomobil yutib olishga ishtiyoq energetik ichimliklarga ikki baravar ko‘proq o‘rganib qolishga olib kelmoqda.

Chetdan qaraganda hammasi oson: energetik ichimliklarni sotib olasan, qopqoqlarni yig‘asan va mashina kaliti qo‘lingda! Bu o‘sha reklamalarda ko‘rsatilayotgani kabi oddiy jarayon. Agar hammasi shunday bo‘lganda bizga avtosalon, avtomobil bozorlarining umuman keragi qolmasdi va ularning ham allaqachon eshiklariga qulf osib, boshqa ish qidirishlariga to‘g‘ri kelardi. Lekin unday bo‘lmadi.

Mavzuning real tomoniga o‘tsak, jarayonlar butkul boshqacha tus ola boshlaydi. Ya’ni, siz haqiqatdan o‘sha qopqoqlar orqali mashina yutib olmoqchi bo‘lsangiz, mashinalarning 6ta qismini to‘liq to‘plashingiz kerak bo‘ladi. Buni hozirgi kunda ommalashib borayotgan WF, Sitro, Tizer kabi energetik ichimliklar o‘tkazayotgan sovrinli aksiyalar orqali ko‘rish mumkin. O‘sha 6ta qismdan 5tasini amallab, qanchadir mablag‘ sarflab (ehtimolki, bir necha million so‘m xarjlab) yig‘asiz.  U qismlarni har bir qopqoq ostidan ham topavermaysiz, qopqoqlarda boshqa katta-kichik sovg‘alar ham bor. Faqat reklamada ommabop bo‘lishi uchun asosan mashinalar aytiladi. Xullas, mashinaga deb yiqqan qopqoqlaringiz orasida qaysidir qismining chiqishi qiyinlashib boraveradi. Masalan Malibuning 2-qismi, Sparkning 4-qismi…

Bu shunchaki loxotron, bu shunchaki odamlarning pulini to‘yona singari yig‘ib olish ekani kundek ravshan bo‘lsa-da biz qopqoq yig‘ishda davom etaveryapmiz. E’tirozlarga esa javobimiz shu: «Arslon izidan qaytmaydi…»

Bu orada ishlab chiqaruvchilarning qancha foyda ko‘rishi haqida-ku gapirib o‘tirish ham shart emas. Mayli bu tadbirkorlik ham bo‘laqolsin. Ammo odam degani bunaqa energetik ichimliklarga sarflayotgan pullarini bir hisoblab ko‘rmaydimi? Bu ishning rosmana nodonlik ekanini anglamaydimi? O‘sha suvga ketayotgan millionlarni ko‘chadan topib olmagandir. Qiynalib, mehnat qilib topgan puliga uyiga bir kilo go‘sht olmay, men baribir mashina yutaman deb, 20-30 talab energetik ichimlik ko‘tarib kirsa-yu, qopqoqlardan hech narsa chiqmasa, alam qilmaydimi?

Aholining katta qismi o‘z qadrini, qimmatli sog‘ligini qopqoqlarga almashib tursa, xayollar og‘ushida osongina rulga o‘tirishdan boshqasini o‘ylamay, «qopqoqlar quli»ga aylanib boraversa, biz buyoqda oldindagi yuksak marralar, nurli kelajak haqida gapiraversak… oqibatda nimaga erishamiz?

Energetik ichimliklarning inson salomatligiga zarari haqida u ommalashib borayotgan vaqtdan to hozirga qadar juda ko‘p marotaba gapirilyapti, yozilyapti-yu, ammo ta’siri sezilmayapti.

AQShlik olimlar energetik ichimliklar — tarkibida kofein moddasi bo‘lgan boshqa ichimliklardan ko‘p marotaba xavfli ekanligini aniqladilar. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday ichimliklarni me’yoridan ko‘p iste’mol qilish kofein bilan zaharlanish (intoksikatsiya)ga olib kelishi mumkin. Bu katta yoshlilardan ko‘ra bolalarda kuchliroq namoyon bo‘ladi.

Energetik ichimliklarni doimiy ravishda ichish gepatit, keyinchalik esa jigarning sirrotik o‘zgarishlariga olib keladi.

Hozirda maktab o‘quvchilarining qo‘lida ham bunday ichimliklarni ko‘p ko‘ryapmiz. Ko‘ryapmiz-u, xavotirga tushish o‘rniga, «Dadasiga moshina yutib bermoqchi-da, azamat!..» – deb, yana ko‘proq olib ichishga ruhlantiryapmiz.  Ham orzu-havas deb, ham o‘rganib qolganidan kuniga uch-to‘rttalab, hatto undan ko‘p energetik ichimlik ichayotgan do‘stimizga  bu ichimlikning yuqorida keltirilgan zararlari haqida aytish o‘rniga, qopqoqlardan nima chiqqani bilan qiziqamiz. Chiqmasa ertaga chiqadi, deya tasalli ham beramiz. Ertasiga yana sotib olinadi. Pul, vaqt, sog‘lik yo‘qolib boraveradi…

Balki kimlargadir bu mavzuni ko‘targanimiz erish tuyular. Shundan ham katta muammo yasash shartmi, deyishar. Ha, bu – katta muammo va uni ko‘tarish shart!

Yosh bolalar bu ichimliklarning zarari haqida bilmaydi yoki tafakkur qilmaydi, eshitsa ham e’tibor bermaydi, chunki unga sovrinli qopqoq muhim! Toki maktab o‘quvchilari kutubxonaga emas do‘konlarga yugurib, kuniga uch-to‘rttalab energetik ichimlik ichishni odat qilgan ekan, bu narsa ularga kunlik refleksga aylanib borayotgan ekan, albatta bunga qayg‘urib, bong urish shart.

Bolalardan qolishmay, uyida qopqoqlar kolleksiyasini hosil qilayotgan, o‘g‘liga «Maktabdan qaytishingda WF olib kel», — deb pul berayotgan, yoki bolalariga qopqoq yig‘ish borasida namuna bo‘layotgan otalar bor ekan, albatta muammo qilib chiqish shart.

Spark yutaman deb, cho‘ntagiyu sog‘ligiga keltirayotgan zararini o‘ylamay, qopqoqlarga o‘sha bitta Sparkning pulini sarflab qo‘yayotganlarni ko‘rib, qanday beparvo turish mumkin?

Kap-katta otaxonlar ishtirokidagi: «Sitro oldim, Spark yutdim!»… degan reklamalarni ko‘rib, yoqa ushlaysiz. Avvaldan yaxshi yashash, ko‘p pul topish, mashinalar minish haqida orzu qilib yurardig-u, lekin kun kelib, shularning hammasini mehnat ortidan emas qopqoqlar ostidan izlashimiz haqida kimdir aytsa, uni aniq jinniga chiqargan bo‘lardik. Biz shunday mayda orzular, muammolar atrofida aylanib yuraverar ekanmiz, Bill Geyts, Stiv Jobs va Mark Sukerberglarni namuna qilib hali juda ko‘p gapiramiz. Bu ketishda, oramizdan yana takror Al Xorazmiy, Al Buxoriy, Beruniy, Ibn Sino, Navoiylar chiqishi haqida gapirishga hali erta yoki umuman shartmas…

Doniyor Yusuf,
«Ma’rifat saodati» gazetasining
2019 yil 10 iyun (№8-9) sonidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring