Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qoraqalpog‘istonda XII-asr yodgorligi yo‘q qilindi (foto)

Qoraqalpog‘istonda XII-asr yodgorligi yo‘q qilindi (foto)

Foto: nuz.uz

Qoraqalpog‘iston o‘lkasi o‘rta asrlarga mansub noyob yodgorligidan mahrum bo‘ldi. XII-asrda qurilgan Shamunabi maqbarasi restavratsiya niqobi ostida mutlaq buzib tashlanib o‘rniga yangi bino qurildi, deb xabar qilmoqda «Nuz.uz» nashri.

O‘zbekiston poytaxti va yirik shaharlaridan ancha uzoqda joylashgan Qoraqalpog‘iston tarixiy yodgorliklarga juda boy: qadimiy masjid, maqbaralar, qal’a va qo‘rg‘onlar.

Yodgorliklarning aksariyati asrlar davomida ochiq osmon ostida, yoz jaziramasi va qish qahratoni hamda yog‘ingarchiliklarga dosh berib kelgan bo‘lsada, ayrim insonlar shafqatsizligi oldida ojiz qolmoqda.

Muhim madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan yodgorliklar qo‘pol va o‘zboshimchalik bilan  qilingan ta’mirlash va restavratsiya oqibatida o‘z qiymatini yo‘qotmoqda. Tarixiy obidalar butunlay yangi binoga aylanmoqda.

Afsuski ana shunday voqealardan biri XII asrda qurilgan Shamunabi maqbarasida ham sodir bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonlik tarix fanlari nomzodi, professional gid Oktyabr Dospanovning so‘zlariga ko‘ra, shu yil yozda qadimiy yodgorlik butunlay yo‘q qilingan va uning o‘rnida... yangi bino qurilgan.

«Bu XII-asrga taalluqli ajoyib mavzoley edi. Arxeologlar tomonidan u 1964-yilda Nukus yaqinidagi Mizdaxan maqbarasini qazish ishlari vaqtida topilgan edi. Betakror shaklga ega bu binoning yetti qubbasi va ularda o‘rnatilgan yetti darchasi bo‘lib, ularning barchasi Makka tomoniga qaratilgan edi. Maqbaraning ichidagi qabrlar ossuariyga, kirish darvozasi esa o‘tov eshigiga o‘xshar edi. Ushbu yodgorlikda to‘rt buyuk madaniyat va to‘rt dinga  xos bo‘lgan belgilar ajoyib tarzda mujassamlashgan edi: nasroniylik, islom, buddizm va zoroastrizm. Bu avlodlar uchun asrlar uzra qoldirilgan ajoyib falsafa va toqatlilik ramzi edi», —  deydi Dospanov.

Shamunabi maqbarasi («restavratsiya»dan oldin). Yuqoridagi asosiy suratda uning yangilangan ko‘rinishi. 

Oldin ushbu maqbaraga turistlarni olib kelganimda ular qoyil qolib tahsinlar aytar edi. Endi bo‘lsa uning o‘rnida oddiy yangi qurilgan g‘isht bino turibdi, xolos. Unda hech qanday tarix ham, sir-asror va afsona ham yo‘q. Endi hamkasabalarim bu yerga sayyohlarni olib kelishga uyaladi.

Yodgorlikni qayta qurish ishlari bir yil oldin boshlangan edi. Odamlar hech qanday restavratsiya bo‘lmasligini tushunib, mavzoley buzilishiga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lganda — bizga bir talay qog‘ozlarni ko‘rsatishdi. Ushbu ruxsatnomalar Madaniyat vazirligi tomonidan berilgan edi.

Mahalliy aholi guvohligiga ko‘ra, Shamunabi maqbarasi buzilmasdan oldin juda yaxshi holatda bo‘lgan. Faqat qubbalarning ba’zilari ta’mirtalab edi. Yodgorlik pishiq g‘ishtdan qurilgani sababli yana ming yil turishi mumkin bo‘lgan.

Oktyabr Dospanovning so‘zlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda yana bir necha yodgorliklar ana shunday uslubda «qayta ta’mirlangan».

Masalan, Qizilqal’a.

Quyidagi fotosuratlarda uning restavratsiyadan oldingi va keyingi holatini ko‘rishingiz mumkin.

«Restavratsiya»dan oldingi Qizilqal’a.
«Restavratsiya»dan keyingi Qizilqal’a.

Muxbirning endi sayyohlarga ushbu joylar haqida nima aytib berayotgani haqidagi savolga, Dospanov uning ba’zi hamkasabalari yangi «yodgorliklar»ni o‘z dasturlaridan chiqarib tashlaganlarini aytib berdi. Uning o‘zi bo‘lsa, ataylab chiqarmaganini va sayyohlarga bu yerda oldin qanday yodgorlik bo‘lganini va keyin nima bo‘lganini aytib berayotganini xabar qildi. Dospanov aytishiga qaraganda, sayyohlar bundan taajubga tushmoqda.

Xo‘sh bunda kim aybdor?  Yodgorliklar yer bilan yakson qilinganidan so‘ng nima qilish mumkin? Faqat aybdorlarni jazolash, qolganlarini saqlab qolishga e’tibor berish...

Ikkinchi tomondan O‘zbekistonda hozir tajribali restavratorlar ham qolmadi. Masalan, Shamunabi yodgorligini kecha arxitektura oliygohini bitirgan bola va quruvchilar brigadasi bajargan edi.

Achinarlisi shundaki, biz o‘ng qo‘limiz bilan katta-katta dam olish maskanlari va mehmonxonalar qurib, vizalarni bekor qilib turistlarni jalb etishga harakat qilayotgan bir vaqtda, chap qo‘limiz bilan, restavratsiya niqobi ostida, tarixiy yodgorliklarni yer bilan yakson qilmoqdamiz. Xudo ko‘rsatmasin, ushbu qo‘l ertaga Registon, Ark yoki Tuproqqal’aga yetib borsa-chi ?

Matn: sputniknews-uz.com

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring