Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qornimga emas, qadrimga yig‘layman

Qornimga emas, qadrimga yig‘layman

Qarshi tumanidagi Qoratepa xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kollejidagi mashg‘ulot jarayoni

Foto: «Qashqadaryogz.uz»

O‘qituvchi. Bu so‘zni eshitganda qalbimizda avvalo shu kasb egasiga hurmat hissi uyg‘onadi. Bu kasbning mas’uliyati va mashaqqatini so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Agar 30 yil o‘rta-maxsus o‘quv yurtida ishlab qancha-qancha shogirdlar yetishtirgan rahbar haqida eshitsangiz, albatta uning matonati va irodasiga tan berasiz. Chunki kollej yoshidagi o‘spirin yigit-qizning orzulari bir olam, shunga yarasha injiqliklari ham bo‘ladi.

Yaqinda tahririyatimizga bir keksa o‘qituvchi keldi. O‘zini Shomil Odilov deb tanishtirgan bu yurtdoshimiz Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Qoratepa xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kollejida o‘ttiz yilga yaqin rahbarlik qilgan ekan. Uning bizga taqdim etgan hujjatlaridan ma’lumki, kollejda yoshlarning ta’lim-tarbiyasi yo‘lida keng ko‘lamli ishlar qilingan. Bilim yurti viloyatdagi eng nufuzli kollejlardan biriga aylangan. Unda muzey va bir nechta markaz tashkil etilib, har yili respublika darajasidagi ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

2016-yilda Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Qoratepa xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kollejining Dasht filiali tashkil etildi. Viloyat o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan filialga Anvarmirzo Qudratov direktor etib tayinlandi. Shomil Odilovning aytishicha, muammolar ana shundan keyin boshlandi.

Amaldagi qonunlarga ko‘ra, filial yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmaydi. Binobarin, kollejning Dasht filialiga ham bunday maqom berilmagan. Shunga qaramay, filial direktori qonun doirasidan chiqib, qarorlar qabul qila boshlaydi. Hali qonuniy kuchga ega bo‘lmagan muhrdan o‘zboshimchalik bilan foydalanib, bir emas, ikki emas, naq 12 kishiga ish beradi. Aslida o‘quv maskaniga xodimlarni ishga qabul qilish vakolati faqatgina kollej direktoriga berilgan. Ammo Anvarmirzo Qudratov bu haqiqatga ters qaraydi. Tabiiyki, bu Shomil Odilovga yoqmaydi. Filial kollej bo‘ysunuvidagi tashkilot hisoblangani uchun Anvarmirzo Qudratovni bir necha marta tartibga chaqiradi.

Mojaro kundan-kunga chigallashib, kollej va filial jamoasi o‘rtasida nosog‘lom muhit paydo bo‘ladi. Bu o‘quv jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Filial rahbari kollej direktori ishlagani qo‘ymayapti deb yuqori tashkilotlarga arz qiladi. Hatto masalaga Oliy Majlis Senati a’zosi ham aralashadi. Senator fuqarodan kelgan murojaatni ko‘rib chiqish xususida viloyat hokimi nomiga xat yo‘llaydi. Viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi masalani o‘rganib chiqib, bo‘layotgan ishlarda kollej direktori Shomil Odilov aybdor deb topadi. Shundan so‘ng qanday qilib bo‘lmasin uni ishdan bo‘shatish payiga tushadi. Kollejga paydar-pay komissiya jo‘natib, direktor ishini taftish qila boshlaydi.

Bir necha marta jo‘natilgan komissiya Shomil Odilovning o‘ttiz yillik faoliyatidan aytarli kamchilik topa olmaydi. Komissiyaning keyingi taftishlari faqat tirnoq orasidan kir qidirishga o‘xshab qoladi. Doimiy bosim, asabbuzarlik Shomil Odilovning sog‘lig‘iga ziyon yetkazib, u shifoxonaga tushib qoladi. Shuncha yillik mehnati ko‘z o‘ngida barbod bo‘layotganiga chidolmagan Shomil Odilov shifoxonada bo‘lishiga qaramay, kollejdan komissiyani chiqarish evaziga ishdan bo‘shash haqida ariza yozib berishga tayyor ekanini bildiradi. Boshqarma boshlig‘i Qahramon Normuhammedovning qistovi va bosimi nihoyat ish beradi. Shomil Odilov davolanishni oxiriga yetkazmay, ishga qaytadi va 2017-yil 20-iyulda bo‘shash haqida ariza yozib beradi.

— Qornimga emas, qadrimga yig‘layman, — deydi Shomil Odilov. — Mening yigirma sakkiz yillik pedagogik faoliyatim hisobga olinmadi. Shuning uchun huquqim, obro‘-e’tiborim, qadrim poymol bo‘lganini isbotlash maqsadida mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘layapman. To‘g‘ri, uzoq yillar ta’limda suyagi qotgan rahbarning kimningdir ustidan arz qilishi biroz erish tuyular. Ammo mehnatlarim oz bo‘lsa-da ehtiromga munosib deb o‘ylayman. Viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Normuhammedov boshchiligidagi jamoa vaziyatni xolis baholay olmadi. Mening birorta fikrim inobatga olinmay, ishdan nohaq bo‘shatildim. Shu bois sudga murojaat qildim. Ammo fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo sudi ishga qayta tiklash haqidagi da’vomni qanoatlantirmadi. Nazarimda, sudya ishdagi ba’zi detallarni e’tibordan chetda qoldirdi. Menga nisbatan tazyiq o‘tkazilgani haqidagi audioyozuvlar va ishdan bo‘shaganim to‘g‘risidagi buyruq bilan o‘z vaqtida tanishtirishmagani kabi dalillarni asossiz deb topdi. Boz ustiga, arizamni olishgan paytda men davolanayotgandim. Shundan so‘ng apellyasiya tartibida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga murojaat qildim. Biroq ular ham fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Xullas, ikki rahbarning til topisha olmagani va bunga viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tomoshabin bo‘lib turgani hisobiga masala maddalagan. Axir yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi degan purma’no hikmat bekorga aytilmagan. Kollej direktorini ishdan olish zarur ekan, nega murosa yo‘li tanlanmadi? Shuncha yillik mehnatlari munosib baholanib, o‘zbekona izzat-hurmat bilan pensiyaga kuzatilganda masala quloch yozib, ovozasi poytaxtgacha kelmasmidi. Buni viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasida o‘tirgan «katta»lar qachon anglab yetadi?

Ha, aytgancha, gazetamiz sahifalanayotgan paytda filial rahbari Anvarmirzo Qudratovning ham ishdan olingani to‘g‘risidagi xabar qulog‘imizga chalindi. Balki endi adolat qaror topib, keksa murabbiyning el-yurt oldidagi obro‘si tiklanar.

Qahramon Saydaliyev


Maqola «Jamiyat» gazetasining 2018 yil 19 yanvar sonida e’lon qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring