Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qozog‘iston va O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondonlari uchrashdi

Qozog‘iston va O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondonlari uchrashdi

Foto: Milliy gvardiya matbuot xizmati

Qozog‘iston Milliy gvardiyasi Bosh qo‘mondoni general-leytenant Ruslan Jaksilikov boshchiligidagi delegatsiyaning poytaxtimizga tashrifi dastavval O‘zbekiston  Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-polkovnik Baxodir Tashmatov bilan uchrashuvdan boshlandi.

Shundan so‘ng delegatsiya Milliy gvardiya harbiy qismlaridan biriga tashrif buyurib, moddiy-texnik baza, zamonaviy qurol-yarog‘lar, faxriy qorovul va otliq eskadron chiqishlari hamda harbiy xizmatchilarning jismoniy va jangovar tayyorgarligi bilan tanishdi.

Foto: Milliy gvardiya matbuot xizmati

Men O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoniga taklif etgani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Biz birodarlik aloqalarini qayta yo‘lga qo‘yib, hamkorlikda o‘quvlarni tashkil etish masalasini ko‘rib chiqmoqdamiz. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil topganiga qariyb ikki yarim yil bo‘lsada, qisqa vaqt ichida juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilganidan hayratda qoldim. Bu, albatta, Milliy gvardiya qo‘mondonligi va butun shaxsiy tarkibning zalvorli mehnati samarasi ekanligini tushunaman. Bu yuqori professionallikdan dalolatdir. Biz har doim shaxsiy tarkibni, avvalo, harakatlaridagi professionallik, xizmatga va harbiy intizomga bo‘lgan munosabatiga ko‘ra baholaymiz.

Otliq eskadronga kelsak, kuchli askarlar singari tarbiyalangan otlar ham ko‘p narsani anglatadi. Bu nafaqat chiroyli ko‘rinish uchun, balki xizmatimiz uchun juda zarurdir. Afsuski, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidan farqli ravishda, bizda bunday bo‘linmalar yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, bu bo‘linmaning tayyorgarlik darajasi meni hayratga soldi.Fuqarolar va aholining xotirjam turmush tarzi, mamlakat tinchligi va osoyishtaligi harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasiga bog‘liq. Chunki Milliy gvardiya jamoat tartibini saqlash va xalqlarimizning xavfsizligini ta’minlash maqsadida xizmat qiladigan birlamchi tuzilmadir. Umid qilamanki, bizning qardosh do‘stona munosabatlarimiz xizmatimizni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishga imkon beradi”, – deydi Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi Bosh qo‘mondoni general-leytenant Ruslan Jaksilikov.

Foto: Milliy gvardiya matbuot xizmati

Delegatsiya a’zolari Milliy gvardiya “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida o‘quvchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va Qo‘riqlash xizmatida joriy etilayotgan innovatsion texnologiyalar bilan tanishdilar.

Shu bilan birga mehmonlar tashrif chog‘ida Qurolli kuchlar akademiyasida joriy etilgan zamonaviy axborot texnologiyalari asosida berilayotgan harbiy ta’lim bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Tashrif so‘ngida Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi bosh qo‘mondoni boshchiligidagi delegatsiya uchun poytaxtimizdagi diqqatga sazovor joylarga sayohat uyushtirildi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring