Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rahbar kadrlar ishiga qarab ham jazolanadi, ham mukofotlanadi

Rahbar kadrlar ishiga qarab ham jazolanadi, ham mukofotlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11-sentabr kuni «Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan edi.

Unga ko‘ra, komissiya har oyda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hududiy guruhlar hisobotini eshitadi, so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga axborot kiritadi.

Quyidagilar hududiy guruhlar faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari etib belgilandi:

- tegishli hududda har ming kishiga ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari va ko‘rsatilgan xizmatlar;

- tegishli hududda, ayniqsa, yoshlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun yaratilgan doimiy ish o‘rinlari;

- amalga oshirilgan tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalari, shuningdek, o‘zlashtirilgan investitsiyalar, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar;

- ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etilgan bo‘sh turgan obyektlar va yer uchastkalari;

- erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududlarida amalga oshirilgan loyihalar.

Shuningdek, har chorak yakuni bo‘yicha ishlarning natijadorligiga qarab, Komissiya qarori bilan Komissiya va hududiy guruhlar a’zolariga eng kam ish haqining 30 baravarigacha miqdorda, ularning rahbarlariga esa eng kam ish haqining 50 baravarigacha miqdorda bir martalik mukofot to‘lanadi.

Shu bilan birga Komissiya va hududiy guruhlar a’zolariga, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslariga nisbatan 30 foizdan 50 foizgacha miqdorda lavozim maoshidan ushlab qolish yoki egallab turgan lavozimidan ozod qilish shaklida javobgarlik choralari qo‘llanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Nizomiddinov bir hafta muddatda Komissiya va hududiy guruhlarning ish reglamentini tasdiqlaydi, shuningdek, ularning a’zolari, tegishli davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslariga nisbatan rag‘batlantirish va javobgarlik choralari qo‘llanilishini ta’minlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring