Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rimdagi xalqaro tashkilot O‘zbekistondagi huquqiy islohotlarga ko‘maklashadi

Rimdagi xalqaro tashkilot O‘zbekistondagi huquqiy islohotlarga ko‘maklashadi

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Joriy yilning 5 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Rivojlanish huquqi xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Fred Xyuston boshchiligidagi tashkilot vakillari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda asosiy e’tibor qonun ustuvorligini mustahkamlash va rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik, ushbu yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi masalalarga qaratildi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

Davletov mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berdi. 

Xususan, qonunchilik bazasini mustahkamlash va takomillashtirish, huquqni qo‘llash amaliyoti, aholiga huquqiy xizmatlar ko‘rsatish institutlarini rivojlantirish sohasida olib borilayotgan tizimli va izchil chora-tadbirlar haqida aytib o‘tildi.  

O‘z navbatida Xyuston samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilib, RHXT vazirlik bilan yaqin hamkorlik qilishga qiziqishi va loyihalarni amalga oshirish orqali olib borilayotgan huquqiy islohotlarga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. 

Uchrashuv chog‘ida tomonlar, shuningdek, sud ekspertizasi sohasidagi faoliyatni takomillashtirishga doir qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, malakali kadrlar tayyorlash, biznes jarayonlarni reinjiniring qilish (BPR), munozaralarni muqobil hal qilish (ADR) va advokatura masalalarini ham muhokama qilishdi.

Ma’lumot uchun, RHXT shtab-kvartirasi Rimda joylashgan nohukumat tashkiloti hisoblanib, qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, manfaatdor mamlakatlarga huquqiy islohotlarni amalga oshirishda ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi. Ushbu tashkilot hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor bilan hamkorlik qiladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi konsultativ mavqega ega tashkilotdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring