Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqand hokimi: «Qo‘rqmay kreditni ol, halol ishla, o‘zing ham boy bo‘l, yurtni ham boy qil!»

Samarqand hokimi: «Qo‘rqmay kreditni ol, halol ishla, o‘zing ham boy bo‘l, yurtni ham boy qil!»

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 1-aprel kuni Samarqand shahrida «Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi»ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimiyati, IIB, prokuratura, soliq, elektr ta’minoti, gaz, suv idoralari rahbarlari, barcha banklarning boshqaruvchilari, turli nodavlat tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar, jurnalistlar ishtirok etishdi.

Foto: «Xabar.uz»

− Viloyatimizga tashrifidan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirishning alohida dasturini ishlab chiqdi. Maxsus «Tashrif bayoni»ni chop ettirdi. Bayonda 260 ta aniq topshiriq berilgan, − dedi markazni ochar ekan viloyat hokimi Turob Jo‘rayev. – Samarqand iqtisodini, xalqning farovonligini oshirish uchun Xalqaro rivojlantirish agentligi hisobidan 400 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratildi. Bundan tashqari Respublikani rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan yana 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratildi. Bu pullarni 2018-yil oxirigacha ishlatishimiz, tadbirkorlikni rivojlantirishimiz, yangi korxonalar qurishimiz, bog‘dorchilik, meva-sabzavot yetishtiradigan xo‘jaliklar, chorvachilik fermalari ochishimiz, yangi ish o‘rinlari yaratishimiz kerak.

Foto: «Xabar.uz»

Anjumanda so‘zga chiqqan Xalqaro rivojlantirish agentligining Samarqanddagi vakili Azamat Bekqulov, viloyat soliq idorasi rahbari, Markaziy bankning Samarqand bo‘limi boshqaruvchisi bu kreditlarni olish tartibi, qanday hujjatlar talab qilinishini tushuntirib berishdi.

− Bu kreditlar tadbirkorlarga 10 yil muddatga, 5,5 foizli qilib, uch yil imtiyoz bilan beriladi, − dedi Azamat Bekqulov. – Asosan bog‘dorchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga birinchi navbatda kredit berishni rejalashtirganmiz.

Foto: «Xabar.uz»

Yana bir bor tadbirkorlarga, tadbirkor bo‘lishni niyat qilib turgan yoshlarga murojaat qilgan viloyat hokimi o‘z uslubida dangal va’da berdi:

− Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markaziga bitta tadbirkorga kerak bo‘ladigan barcha idoralarning mutasaddilarini biriktirib qo‘ydim. Kerak bo‘lsa, bular 24 soat ishlaydi. Mana shu markazga kallangda g‘oya bilan kirsang bas, barcha hujjatlarni markazdagi mutasaddilar o‘zlari to‘g‘rilab, seni tadbirkor qilib, qo‘lingga kreditni ham berib chiqarib yuboradi. O‘zbekiston prezidentining viloyatdagi ishonchli vakili sifatida men, viloyat hokimi, kafillik berib aytaman: qo‘rqmay kreditni ol, halol ishla, o‘zing ham boy bo‘l, yurtni ham boy qil! 10 yilga beramiz kreditni, uch yil imtiyozing bor, seni birov tekshirmaydi. Birov tadbirkorligingga xalaqit bersa, to‘ppa-to‘g‘ri menga uchrash. Faqat halol ishlasang bas! Maqsad bitta: yurtimizda boy ko‘paysin!

Karimberdi To‘ramurod,

«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri.

Samarqand shahri.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring