Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda mast IIB xodimi ayol kishini urib hushidan ketkazdi

Samarqandda mast IIB xodimi ayol kishini urib hushidan ketkazdi

Samarqand shahri «Hayot obod» mahallasida yashovchi fuqaro Salim Saidov «Daryo» tahririyatiga murojaat qilib, joriy yilning 19-oktyabr kuni soat 21:30 atrofida o‘g‘li, 1998-yilda tug‘ilgan Samariddin Samatov va rafiqasi Surayyo Ashuraliyevani Ichki ishlar xodimi urganligi, natijada ayoli tan jarohati olganligini bildirdi. «Daryo» muxbiri Farhod Norbo‘tayev mazkur holat bo‘yicha jabrlanuvchi Samariddin Samatov, Surayyo Ashuraliyeva va voqeaga guvoh bo‘lgan fuqarolar (qo‘shnilar) bilan suhbatda bo‘ldi.

«19 oktyabr kuni soat 21:30 atrofida mashg‘ulotdan qaytayotganimda uyimiz yaqinida bir mast kishi so‘kinib, qo‘pol so‘zlar ishlatib meni chaqira boshladi. Avvaliga u boshqa birovni haqoratlayotgan bo‘lsa kerak deb yo‘limda indamasdan davom etdim. Biroq, noma’lum odam senga gapiryapman deb oldimga kelib kutilmaganda menga tashlanib qoldi. Yoshi katta insonga ’aka, meni nega urayapsiz?’ — dedim va indamay yo‘limda davom etdim, – deydi Samariddin Samatov. – Meni nima sababdan urganligini ochig‘i tushunmadim. U odamni, to‘g‘risi, tanimayman ham. Ko‘chamizdagi shovqindan so‘ng qo‘ni-qo‘shnilar chiqishdi. U odam uyimiz oldiga kelib, meni yana haqoratlab ura boshladi».

Salim Saidovning bildirishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni fuqaroning kimligi, qayerda va nima ish qilishini bilmagan. Voqeaga guvoh qo‘shnilar orqali u fuqaro 42-uyda yashashini bilgandan so‘ng oradan ikki kun o‘tib o‘g‘li va ayolini urgan shaxs Rifat Hasanov ekanligi, u kishi IIBda ishlashini aniqlagan.

«Ko‘chadagi shovqinni eshitib tashqariga chiqsam, noma’lum erkak o‘g‘limni urayotgan ekan. O‘g‘limga, ’mast ekan, indamay uyga kir’ deb uni ichkariga olib kirmoqchi bo‘ldim. Shu vaqtda o‘sha fuqaro kutilmaganda chap jag‘imga bir musht tushirdi. Kuchli zarbdan yiqilib tushdim, – deydi Surayyo Ashuraliyeva. – Yiqilganimdan so‘ng qancha muddat hushumni yo‘qotganimni eslay olmayman. Hushimga kelganimda urgan erkak voqea joyidan qochib ketganligini bildim».

Voqeaga guvoh bo‘lgan Surayyo Ashuraliyevaning qo‘shnisi M.M.ning (ismini sir saqlashni so‘radi) ta’kidlashicha, yosh bola va ayol kishini urgan Rifat Hasanov o‘sha kuni mast bo‘lgani sababli uni rafiqasi voqea joyidan olib ketolmagan.

«Ko‘chadagi janjalni eshitib derazadan tashqariga qarasam, qo‘shnimiz Surayyo opa o‘g‘lini uyiga olib kirmoqchi bo‘layotgan ekan. Ammo o‘sha fuqaro kutilmaganda musht tushirishi natijasida Surayyo opa hushidan ketib, yiqildi. Yiqilish barobarida oldida turgan Damas avtomobiliga borib urildi, – deydi Surayyo Ashuraliyevaning qo‘shnisi M.M. – Qo‘shnimning yiqilganini ko‘rib, ochig‘i, o‘lib qoldi degan xavotirda tashqariga chiqdim. Chiqsam, Surayyo opa hushidan ketib yotibdi. Qarasam, mast holatda bo‘lgan kishi qo‘shni 42-uyda turuvchi fuqaro ekanligi, u kishi ichki ishlar organida ishlashini aytdim. Bu gapimni eshitgan Rifat Hasanov voqea joyidan qochib ketdi.

Salim Saidovning ta’kidlashicha, voqea sodir bo‘lgan kuni soat taxminan 24:00 atrofida Samarqand shahridagi 4-son Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Biroq, bo‘limdagi navbatchi xodimlar ayol kishini urgan fuqaro ichki ishlar xodimi ekanligi sababli ular o‘z hamkasbining ustidan qilingan shikoyat arizani qabul qila olmasligini bildirgan. IIB xodimi ustidan arizani shahar prokuraturasiga yo‘llashi lozimligini aytishgan.

«Menga alam qiladigani, Rifat Hasanov hech qanday sababsiz o‘g‘limni urgan. Bu ham yetmaganidek, turmush o‘rtog‘imga musht tushirib, uni hushidan ketqazgani jahlimni chiqaryapti. Ichki ishlar xodimi degani istagan odamini hech qanday sababsiz uraveradi degani emasku? – deydi Salim Saidov. – To‘g‘risi, bu voqea bo‘yicha hech qayerga murojat qilmoqchi emasdim. Qo‘shni ekan, ertaga yuz ko‘zga tushadi deb andisha qilib turgandim. Ammo shuncha gap-so‘zdan keyin ham bir og‘iz kechirim so‘ramagani menga alam qildi. Shu sababli sizlarga murojat qildim».

Voqea sodir bo‘lgan kuni Salim Saidovning murojati asosida ichki ishlar xodimlari Rifat Hasanovning uyiga borishgan. Biroq, uy egalari eshikni ochishmagan.

«Mahallamiz uchastka inspektori voqea sodir bo‘lganidan so‘ng bir marotaba keldi xolos. Undan so‘ng mana oradan necha kun o‘tdi. Ammo biror marotaba kelib holatni o‘rganmadi. Buning sababi bitta. Meni va o‘g‘limni urgan Rifat Hasanov Ichki ishlar organida ishlaydi. Uchastka inspektori esa o‘z hamkasbi ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘ashni istamayapti. Shuning uchun ham voqeani o‘rganish ishlarini orqaga surib yuribdi», – deydi Surayyo Ashuraliyeva.

Mazkur holat bo‘yicha mahalla uchastka inspektori Mirzohid Saydullayev bilan bog‘lanib, sodir bo‘lgan voqea yuzasidan ma’lumot berishini so‘radik. Uchastka inspektori bo‘lgan voqeani tasdiqladi. Biroq, ichki ishlar xodimi ayol kishini urganligi to‘g‘risidagi savolimizdan so‘ng Mirzohid Saydullayev hech qanday ma’lumot bermasligini, faqatgina hozirda surishtiruv ishlari ketayotganligini bildirish bilan cheklanib go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

Ushbu voqea yuzasidan Samarqand viloyat prokuraturasi matbuot xizmati va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati bilan bog‘landik. 19 oktyabr kuni sodir bo‘lgan voqeani aytib, arizachilarning fikriga ko‘ra Ichki ishlar xodimi ayol kishi va 20 yoshli yigitni urganligini bildirdik. Biroq, hozircha prokuratura ham, IIB matbuot xizmati ham bu borada hech qanday ma’lumot bergani yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring