Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan shifokorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi

Samarqandda o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan shifokorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi

Foto: «Darakchi.uz»

Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash sog‘liqni saqlash sohasining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblandi. Ayniqsa, shifoxona ichida sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilinishi tibbiyot xodimining burchi, bemorning huquqidir. Ammo joriy yil boshida o‘tkazilgan o‘rganishlar ayrim viloyatlardagi davolash-profilaktika muassasalarida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida ishlar sust olib borilayotganini ko‘rsatdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining axborot xizmati xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, Samarqand viloyati stomatologiya poliklinikasida sterilizatsiya ishlari sifatsiz olib borilgan, ba’zi hollarda bir marotabalik tibbiy buyumlar qayta ishlatib kelingan. Shuningdek, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli muassasalarda tibbiy asbob-uskunalarni sterilizatsiya qilish jarayonida va boshqa muolajalarni o‘tkazishda amaldagi sanitariya qoidalari va me’yorlari qo‘pol ravishda buzib kelingani ma’lum bo‘ldi. Masalan, tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq majmuasining jarrohlik blokida sterilizatsiya jarayoni talabga javob bermaydi. Yuqoridagi kabi holatlar Samarqand viloyat perinatal markazi, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Tayloq, Narpay tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmalari faoliyatida ham aniqlangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining axborot xizmatining bildirishicha, bu borada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdagi Hay’at yig‘ilishida muhokama qilingan va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olingan. Jumladan, Samarqand viloyat stomatologiya poliklinikasi bosh shifokori A.Norbo‘tayev hamda Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i O.Elbobayev bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish hamda Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Tayloq, Narpay tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmalari boshliqlari, Samarqand viloyat perinatal markazi bosh shifokoriga nisbatan intizomiy chora qo‘llashga qaror qilingan.

Bundan tashqari, tegishli nazoratni susaytirib yuborganligi, shifoxona ichi ifeksiyasi profilaktikasini sust olib borganligi uchun Andijon viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori B.Yo‘ldoshev, Samarqand viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori O.Boymurodov va Farg‘ona viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori A.Yoqubovlarga nisbatan ham intizomiy choralar ko‘rilgan.

Xaybarda yuqoridagi holatlar takrorlanmasligi hamda sanitariya qoidalariga amal qilish mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida davolash-profilaktika muassasalarida shifoxona ichi infeksiyasining oldini olish bo‘yicha doimiy ravishda tushuntirish ishlarini olib borish, bu borada hududlardagi mutaxassislarga muntazam ravishda amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish belgilangani, shu bilan birga, viloyatdagi har bir davolash muassasasi rahbariga aholi manfaatlari yo‘lida shaxsiy javobgarlikni his qilib ishlash, sanitariya qoidalari va me’yorlariga qat’iy amal qilish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanliklari tushuntirilgani aytiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring