Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatorlar qanday tinch uxlamoqda?

Senatorlar qanday tinch uxlamoqda?

Foto: «Uza.uz»

Senat tomonidan aholini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarini aniqlash va ularning yechimini topish borasida muntazam o‘rganishlar o‘tkazilayotgani Senat yalpi majlisida alohida qayd etildi, deb xabar bermoqda «O‘zA».

Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘z so‘zida «Ayni paytda umumdavlat manfaatlariga daxldor bo‘lgan masalalarni hal etish uchun biz parlament so‘rovi imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanmayapmiz», deya qayd etdi.

O‘rganishlarda aniqlanishicha, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro, Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridagi bir qator tumanlarning hududiy yaxlitligi ta’minlanmaganligi bois, hozirda ko‘plab «anklav», ya’ni o‘zga o‘ram hududlar mavjud.

Bu holat, aholini ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf qilish hamda jinoyatchilikka qarshi kurash amaliyotida ko‘plab qiyinchiliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, Angren shahriga qarashli 11.400 nafar aholi yashovchi «Krasnogorsk» qo‘rg‘oni Parkent tumani hududida, 8.408 nafar aholi yashovchi «Nurobod» qo‘rg‘oni Ohangaron tumani, 2.077 nafar aholi yashovchi «Chig‘iriq» mahallasi O‘rtachirchiq tumani hududida joylashgan.

Achinarlisi, ushbu «anklav» hududlar Angren shahri markaziga 35 km.dan 97 km.gacha bo‘lgan masofada joylashgan.

Ushbu hududlar aholisidan Angren shahridagi ma’muriy idoralarga borib, shaxsiy masalalarini hal qilish ko‘p vaqt va mablag‘ talab etmoqda.

N.Yo‘ldoshev senatorlarga qarata «Nima uchun ushbu hududlardan saylangan senatorlar shu kabi umumdavlat ahamiyatiga molik masalalarni parlament so‘rovi vositasida hal qilish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatmaganlar? Ular aholini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolardan o‘sha hududda yashab ham bexabarmi?», deya murojaat qildi.

– Shu o‘rinda Vazirlar Mahkamasi vakillarining e’tiborini bir jihatga qaratmoqchiman, – dedi rais. – Bizning mazkur masala yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalarimiz o‘tgan yilning avgustida Hukumatga kiritilgan edi. Ammo shu kunga qadar Hukumat tomonidan shunday dolzarb masalani hal etishga qaratilgan bironta ham qaror qabul qilinmadi va belgilangan tartibda parlamentga kiritilmadi. Qachongacha bu hududlar aholisi mutasaddilarning e’tiborsizligi va mas’uliyatsizligi oqibatida aziyat chekishi kerak?!

Hududlardan saylangan ayrim senatorlar hududiy muammolarni hal qilishda hatto senator so‘rovidan ham zarur darajada foydalanmayapti.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridan yuborilgan so‘rovlar faqat bir nafardan senatorning hissasiga to‘g‘ri kelgan. Buxorodan saylangan senatorlar tomonidan bor-yo‘g‘i ikkita, navoiyliklar tomonidan esa, uchta so‘rov jo‘natilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahridan saylangan va hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan senatorlar tomonidan birorta ham senator so‘rovi yuborilmagan.

Senat raisi: «Katta vakolatlar va eng asosiysi, saylovchilarning ovozlarini olgan mazkur hududlardagi senatorlar bunday sustkashlik, mas’uliyatsizlikni qanday izohlashadi? Har bir hududda qanchadan-qancha dolzarb masalalar, aholini tashvishga solayotgan muammolar yuzada qalqib turgan bir sharoitda ular qanday qilib tinch uxlashmoqda, el-yurt tashvishlari, manfaatlari nahotki ularning vijdonini qiynamasa?! Hammamiz uchun «g‘alvirni suvdan ko‘tarish» vaqti yaqinlashmoqda, saylovchilar o‘z savollariga javoblarni bugun kutmoqda», deya qayd etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring