Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sergelidagi tirbandliklarni yo‘qotish bo‘yicha petitsiya e’lon qilindi

Sergelidagi tirbandliklarni yo‘qotish bo‘yicha petitsiya e’lon qilindi

Foto: Xabar.uz

«Meningfikrim.uz» portalida Sergelidagi yo‘llarda avtomobil tirbandliklarini yo‘qotish bo‘yicha petitsiya joylashtirildi.

So‘nggi yillarda poytaxtimizning Sergeli tumani aholisi soni keskin oshishi bilan birga, Sergeli tumanini shahar markazi bilan bog‘laydigan yo‘llarda tirbandliklar yuzaga kelayotgani jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.

«Shu muammoning yechimi sifatida ham kamxarj, ham qulay infrastruktura tizimi, ham jozibador investitsiya muhitini yaratish maqsadida 2 ta taklifni ilgari suraman. Birinchi taklifim: hozirda barpo etilayotgan Sergeli metro yo‘lining ikki tomonidan parallel ravishda Olmazor metro bekatigacha avtomobil yo‘lini barpo etish (bu metro yo‘liga 20 metrgacha yaqin hududda boshqa qurilishlar mumkin emasligini inobatga olsak, avtomobil yo‘li ayni muddao bo‘ladi).

Ikkinchi taklif esa Cho‘ponota ko‘chasini Sergeli tumanida davom ettirish. Ya’ni Sergeli tumani orqali Farg‘ona vodiysiga yo‘nalgan temir yo‘l bo‘ylab avtomobil yo‘li davom ettirilsa, ushbu hududlar aholisi uchun ham juda qulay infratuzilma yaratiladi. Cho‘ponota ko‘chasining davomi sifatida bitta yo‘l o‘tkazgich bilan hozirda aynan temir yo‘l bo‘ylab bo‘sh turgan yer maydonida ushbu yo‘llarning barpo etilishi Yangi Sergeli ko‘chasidan juda katta avtomobillar yuklamasini yo‘qotishi va deyarli hech qanday «snos»larsiz kechishi bilan ham ahamiyatlidir.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Sergeli metro yo‘li bo‘ylab hamda Sergeli tumani orqali Farg‘ona vodiysiga yo‘nalgan temir yo‘l bo‘ylab avtomobil yo‘llarini qurishni taklif etaman», deyiladi petitsiyada.

Eslatib o‘tamiz, ushbu petitsiya va unda bildirilgan taklif ko‘rib chiqilishi uchun «Meningfikrim.uz» portalida yetarlicha (5 ming) ovoz to‘plashi kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring