Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev bolalardagi tug‘ma kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha davlat dasturini tasdiqladi

Shavkat Mirziyoyev bolalardagi tug‘ma kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha davlat dasturini tasdiqladi

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 25-dekabr «2018-2022-yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga muvofiq, 2018-2022-yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlanadi. Quyidagilar Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

— «Ona va bola skrining» markazlarini yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar va zarur materiallar bilan jihozlash orqali ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

— homiladorlikning dastlabki uch oyida ayollarni markaziy ko‘p tarmoqli tuman (shahar) poliklinikalarida tug‘ishdan oldin ommaviy tekshirish va xavf guruhiga kiradigan homilador ayollarda genetik sindromlarni biokimyoviy tekshirishni bosqichma-bosqich joriy etish yo‘li bilan homilada tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish va ularga barvaqt tashxis qo‘yish chora-tadbirlarini takomillashtirish;

— homilada va kichik yoshdagi bolalarda xromosom sindromlar diagnostikasida laboratoriya diagnostikasining zamonaviy usullarini, shu jumladan, sitogenetik va molekulyar-sitogenetik texnologiyalarni joriy etish;

— bolalarda irsiy kasalliklarga barvaqt tashxis qo‘yish usullarini takomillashtirish orqali chaqaloqlarni ommaviy tekshirish, shuningdek, bemor bolalarni dori vositalari va davolaydigan ovqatlar bilan ta’minlash orqali irsiy kasalliklarni davolash samaradorligini oshirish;

— «Ona va bola skrining» markazlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash va amaliy sog‘liqni saqlashga zamonaviy jahon tajribasini joriy etgan holda xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Nukus, Buxoro, Samarqand va Farg‘onadagi «Ona va bola skrining» markazlarida mintaqalararo sitogenetik laboratoriyalar tashkil etilib, ular yuqori texnologik tibbiyot diagnostika uskunalari bilan jihozlanadi.

Davlat dasturini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro nodavlat xayriya jamg‘armasi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunasi, butlovchi buyumlar, reagentlar, zarur materiallar, bolalar davolovchi ovqati, dori vositalari 2023 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro nodavlat xayriya jamg‘armasi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda aholi orasida tug‘ma va irsiy kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilishining oldini olish zarurligi to‘g‘risida keng tushuntirish ishlarini tashkil etishi bo‘yicha topshiriq berildi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Kasimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov zimmasiga yuklandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring