Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev investitsiya bo‘yicha o‘tgan yillardagi asosiy kamchiliklarni sanab o‘tdi

Shavkat Mirziyoyev investitsiya bo‘yicha o‘tgan yillardagi asosiy kamchiliklarni sanab o‘tdi

Foto: «President.uz»

Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 17-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirish bo‘yicha joriy etilgan yangi tartib asosida ishlarni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ilgari ushbu soha rahbarlari yuqori raqamlar ortidan quvib, investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshirib ko‘rsatishni kasb qilib olgan edi. Buning oqibatida hokimliklar va tarmoq rahbarlari ushbu «yuk»ni bajarish uchun moliyalashtirish manbasi kafolatlanmagan va tashabbuskori aniq bo‘lmagan, hududlar va tarmoqlar rivojlanishiga mos kelmaydigan samarasiz loyihalarni Investitsiya dasturlariga kiritishga majbur bo‘lar edi.

Masalan, 2012-2017-yillar davomida «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan umumiy qiymati 3,3 milliard AQSh dollari bo‘lgan 14 ta loyiha investitsiya dasturlariga kiritilgan. Keyinchalik ularning barchasi maqsadga muvofiq emas deb topilgan va hukumat qarorlari bilan to‘xtatilgan. Eng achinarlisi, mazkur loyihalar hujjatlarini tayyorlashga 185 million AQSh dollari sarflangan.

Investitsiya dasturlarini shakllantirish va loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish borasida ham qator muammolar bor. Bu jarayon 15 yil avval qabul qilingan qarorlarda belgilangan mezon va tartiblar asosida amalga oshirib kelingan. Jumladan, loyihaning texnik iqtisodiy asoslari, biznes rejasi va tender hujjatlari ishlab chiqilgandan so‘ng vakolatli organlar bilan takror va takror kelishilishi oqibatida uning ekspertizasi belgilangan 15 kun o‘rniga 6 oygacha cho‘zilish holatlariga ko‘p marotaba yo‘l qo‘yilgan. Bu investitsiya loyihasining qimmatlashishi va rentabelligi pasayishiga olib kelgan.

Loyihalar puxta hisob-kitob qilinmagani, ularni amalga oshirishga investorlarning o‘z mablag‘lari jalb etilmagani oqibatida ko‘plab korxonalar bankrot bo‘lgan. Ularni sog‘lomlashtirish vazifasi zimmasiga yuklangan tijorat banklari ham katta zararlar ko‘rgan. Shu bois joriy yildan boshlab bankrot korxonalarni banklar balansiga berish amaliyotiga chek qo‘yildi.

Yuzaki o‘tkazilgan iqtisodiy tahlil oqibatida loyihalar foydalanishga qabul qilinganidan keyin ham o‘zini oqlamagan — xomashyo yo‘qligi, energiya va gaz bilan ta’minlanmagani, iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lgani sababli mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirilmay qolgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring