Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-iyul kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki o‘rtasidagi uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bugun Bank mamlakatimizda ustuvor tarmoqlarda tarkibiy islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda hamda ularning amalga oshirilishida bevosita ishtirok etmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Joriy yil 18-iyul kuni Toshkentda Iqtisodiy kengashning birinchi majlisi hamda energetika sohasini isloh etish bo‘yicha davra suhbati muvaffaqiyatli o‘tkazildi, ular davomida hamkorlikning bosh ustuvor yo‘nalishlari, istiqboldagi sheriklikka doir aniq dastur va loyihalar belgilab olindi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilgan va davom etayotgan loyihalarning portfeli jami 5,2 milliard dollardan ortgan. Joriy yilning o‘zida Jahon banki 850 million dollardan ziyod bo‘lgan hamda tadbirkorlik, maktabgacha ta’limni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan yangi kreditlarni ma’qulladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, «Obod qishloq» dasturini birgalikda moliyalashtirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga doir loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Bank-moliya sektori va davlat korxonalarini isloh qilish, ta’lim, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartlarida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Siril Myuller davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Jahon banki prezidenti Devid Melpassning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Bank O‘zbekistonda ustuvor tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarning sur’ati va natijadorligini yuksak baholayotgani qayd etildi.

Siril Myuller mamlakatimiz va butun mintaqaning barqaror taraqqiyoti yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida Jahon bankining intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring