Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Marg‘ilondagi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi bilan tanishdi

Prezident Marg‘ilondagi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi bilan tanishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida bo‘ldi.

Navro‘z mahallasi hududidagi bu joy ilgari toshloq, foydalanilmaydigan yer edi. Lekin kommunikatsiya va logistika jihatidan juda qulay.

Shu bois 7 gektar maydonda ushbu sanoat zonasi tashkil etildi. Bu yerda to‘qimachilik, charm-poyabzal, mebelsozlik, oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 28 ta loyiha joylashtirilgan. Bugungi kunda ularning 12 tasi ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan. Barcha korxonalarda mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari korxonalardan birida ishlayotgan ayollar bilan suhbatlashdi.

- Inson qadrini ulug‘lash bo‘yicha harakatlarimizda ayollarga alohida ahamiyat qaratayapmiz. Ayol bu - oila degani, barkamol farzandlar degani. Nima uchun «Ayollar daftari» tashkil qildik? Har bir ehtiyojmand xotin-qizga e’tibor qilish uchun. Sizning ham ba’zilaringiz «mening qo‘limdan kelmaydi» deb o‘ylagan bo‘lishingiz mumkin. Qila olar ekansiz-ku. Sizlarda mana shunday ishonch bo‘lishi uchun, qizlarimiz kasb-hunarli bo‘lishi uchun bundan keyin ham hamma imkoniyatlarni ishga solamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bunday sanoat zonalarini chekka tumanlarda ham ochib, unga yoshlarni jalb etish, kasbga o‘rgatish va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezidentimiz Toshloq tumanidagi «Agro impex valley» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Qiymati 100 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan ushbu korxona 2020 yilda ishga tushirilgan. Bu yerda «Amira tekstil» belgisi ostida tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, yozgi poyabzallarning ustki qismi ham tayyorlanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari shu yerda Toshloq tumanida ishlab chiqarilayotgan sanoat va hunarmandchilik mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring