Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev mudofaa bo‘yicha xizmat yig‘ilishi o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev mudofaa bo‘yicha xizmat yig‘ilishi o‘tkazdi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 10-oktabr kuni mudofaa qurilishi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xizmat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda qo‘shinlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini yanada oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, mavjud qurol-yarog‘ namunalarini modernizatsiya qilish, mintaqa va dunyo mamlakatlari bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni faollashtirish, harbiy shaharchalar infratuzilma ob’yektlarini, qo‘shinlarning texnik va front orti ta’minoti tizimlarini rivojlantirish, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi.

Harbiy okrug qo‘mondonliklarining harbiy-ma’muriy sektorlar rahbariyati bilan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qo‘shinlarning kundalik samarali faoliyatini tashkil etishda qo‘shilma va qismlar komandirlariga ko‘maklashish, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi hamkorlik faoliyatining oraliq yakunlari ham ko‘rib chiqildi.

Mudofaa vazirligi mas’ul mansabdor shaxslarining qo‘shinlarning samarali jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligini oshirish, boshqaruv organlari, birlashmalar, qo‘shilma va qismlar, oliy harbiy ta’lim muassasalari, shuningdek, mahalliy harbiy boshqaruv organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’ruzalari tinglandi.

Mudofaa vazirligining axborotiga ko‘ra, hisobot davrida jami 120 dan ortiq tezkor-jangovar tayyorgarlik tadbirlari o‘tkazilgan, ularda tegishli vazirlik va idoralarning 15 mingdan ziyod harbiy xizmatchilari, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari ishtirok etgan.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida harbiy okruglarning jangovar imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi, doimiy shay holatdagi va maxsus topshiriqli mutlaqo yangi bo‘linmalar tuzildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli qo‘shinlarning jangovar tayyorgarlik samaradorligi oshdi, bo‘linmalar jangovar shayligining vaqtga doir ko‘rsatkichlari ikki barobar qisqartirildi, shaxsiy tarkibning professionallik darajasi yuksaldi.

Qisqa muddatda xorijning ilg‘or texnologiyalari va zamonaviy o‘quv vositalarini o‘zida mujassam etgan yangilangan Qurolli Kuchlar akademiyasi tashkil etildi.

Xizmat yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Prezident tomonidan Qurolli Kuchlar faoliyatini yanada takomillashtirish va umuman mamlakat mudofaa qobiliyatini yuksaltirishning ustuvor yo‘nalish va vazifalari belgilab berildi. Qurolli Kuchlarni yanada isloh qilish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring