Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev MDH davlatlari mudofaa vazirlari bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev MDH davlatlari mudofaa vazirlari bilan uchrashdi

Foto: Press-slujba Prezidenta

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan MDHga a’zo davlatlar mudofaa idoralari rahbarlarini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Ozarbayjon mudofaa vaziri Z.Gasanov, Armaniston mudofaa vaziri D.Tonoyan, Belarus mudofaa vaziri A.Ravkov, Qozog‘iston mudofaa vaziri Ye.Yermekbayev, Rossiya mudofaa vaziri S.Shoygu, Tojikiston mudofaa vaziri Sh.Mirzo, Qirg‘iziston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i R.Duyshenbiyev va MDH Mudofaa vazirlari kengashi kotibi Yu.Dashkin ishtirok etdi.

Prezidentimiz delegatsiyalar rahbarlarini qutlar ekan, MDH Mudofaa vazirlari kengashining majlisi ilk bor Toshkentda o‘tkazilayotgani mamlakatimizning Hamdo‘stlik faoliyatidagi ishtiroki yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat ekanini ta’kidladi.

O‘tgan yilda O‘zbekiston Hamdo‘stlikning iqtisodiyot, energetika, fan va innovatsiyalar, jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi sohalarda hamkorlik bo‘yicha 10 dan ortiq tarmoq organlariga qo‘shildi.

Uchrashuvda MDH doirasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni, shu jumladan, idoralararo sheriklikni yanada kengaytirish, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar o‘tkazish, harbiy kadrlarni professional tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosatning, jumladan, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

MDH mamlakatlari mudofaa idoralari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, o‘z davlat rahbarlarining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. O‘zbekistonda Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga, shuningdek, mamlakatimizning mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga doir tashabbuslariga yuksak baho berildi.

Mudofaa idoralari o‘rtasida tomonlarni qiziqtirayotgan masalalar bo‘yicha konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari MDH Mudofaa vazirlari kengashi majlisi ishiga muvaffaqiyat va samarali natijalar tiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring