Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifidan nimalar ko‘zlanmoqda?

Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifidan nimalar ko‘zlanmoqda?

Foto: «President.uz»

15-17-may kunlari  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi kutilmoqda. Toshkentning Vashington bilan siyosiy muloqoti haqida nimalarni bilmoq lozim, ikki mamlakat yetakchilarining navbatdagi uchrashuvi qanday istiqbollarni ochadi – ushbu maqola ana shu mavzuga bag‘ishlangan.

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan, 1992-yil 19-fevralda esa mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston – Amerika munosabatlari o‘zining majmuaviyligi, uzoq muddatli va ko‘p qirraligi bilan ajralib turdi. Siyosiy muloqot xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan.

100 dan ziyod hujjatlardan iborat iborat bo‘lgan e’tiborga molik shartnoma-huquq zamini ko‘p qirrali hamkorlikni amaliy jihatdan hayotga tadbiq etishga ko‘maklashmoqda. 2002-yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi Deklaratsiya ikki tomonlama munosabatlarda belgilovchi o‘rin tutmoqda.

So‘nggi ikki yil aloqalar faollashuvida misli ko‘rilmagan davr bo‘lib qoldi. Ikki davlat rahbarlari – Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning ochiqlik, barcha yo‘nalishlardagi aloqalarni kuchaytirish, ularni aniq-ravshan mazmun bilan to‘ldirishni namoyon etgan siyosiy irodasi tufayli o‘zaro ishonchning yuqori  darajasiga erishildi.

Birgina 2017-yilning o‘zida O‘zbekiston va AQSh yetakchilari ikki marotaba — Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti hamda sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida uchrashdilar. Shuningdek, davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirish yuzasidan qat’iy intilishni  namoyon etganlari holda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan voqealar munosabati bilan telefon orqali muloqotda bo‘ldilar hamda o‘zaro tabriknomalar almashdilar.

Hamkorlikka tizimli mazmun bag‘ishlash hamda erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan hayotga tadbiq etish maqsadida O‘zbekistonda Qo‘shma Shtatlar bilan o‘zaro manfaat kasb etadigan barcha sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli «Yo‘l xaritasi» amalga oshirilmoqda.

Amerika hukumatining eng muhim idoralari vakillaridan iborat turli darajalardagi delegatsiyalar muntazam ravishda O‘zbekistonga keladi. Har yili o‘tkaziladigan siyosiy maslahatlashuvlar doirasida o‘zaro hamkorlik izchil hayotga tadbiq etilmoqda.  Bunday maslahatlashuvlar hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha amaliy mexanizm bo‘lib qoldi.

Ikki mamlakatning qonunchilik organlari o‘rtasida ham  samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, o‘tgan yili O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi tashkil etildi, AQSh Kongressi Vakillar palatasining a’zosi Trent Kelli boshchiligidagi Amerika kongressmenlari guruhi respublikamizga keldi.

O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida boshlangan keng qamrovli islohotlar yana bir o‘zaro yaqinlashtiruvchi omillardan bo‘ldi. Amerika ijtimoiy-siyosiy doiralari mamlakatimizda olib borilayotgan o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatib borishmoqda va qo‘llab-quvvatlashmoqda. Vashingtonning bu boradagi nuqtai nazari turli minbarlardan bir necha marotaba bayon etildi. Shu o‘rinda Davlat kotibi yordamchisining inson huquqlari, demokratiya va mehnat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rendi Berri boshchiligidagi delegatsiya yaqinda respublikamizda bo‘lib, islohotlarning borishi va ularning natijalari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar bilan tanishganini eslatib o‘tish ham maqsadga muvofiqdir.

Ekspertlarning qayd etishlaricha, Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan O‘zbekiston ko‘pgina sohalardagi ulkan salohiyati bilan Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi siyosatida ob’yektiv ravishda o‘ta muhim o‘rin tutadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni o‘zgartirish bo‘yicha tashlangan jiddiy qadamlar Vashingtonda katta qiziqish uyg‘otdi. Amerika boshqaruv doiralari Markaziy Osiyoda mutlaqo boshqacha siyosiy muhitni shakllantirishga imkon bergan rasmiy Toshkentning yangi tashqi siyosiy yo‘lini to‘la qo‘llab-quvvatlashini bayon etdilar.  

Masalan, 2017-yil dekabrida davlatimiz rahbari va Prezident Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot chog‘ida AQSh Prezidenti O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini rivojlantirish va kooperatsiyani faollashtirishga qaratilgan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va konstruktiv tashqi siyosatini olqishladi.

Tomonlar 2015-yil noyabrida Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSh tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida asos solingan «AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari» (S5+1) formatidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi. Hozirgi paytga qadar ushbu mexanizm doirasida allaqachon besh marotaba uchrashuv o‘tkazildi, uning oxirgisi joriy yilning yanvarida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tdi.  

Vashingtonning Afg‘onistondagi hozirgi strategiyasi ham Amerika siyosatida O‘zbekiston yo‘nalishining ahamiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Afg‘onistonga xavf-xatar manbasi emas, balki uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli mintaqaviy hamkorlik uchun imkoniyat sifatida qarayotgan O‘zbekistonning yangi yondoshuvini Qo‘shma Shtatlarda olqishlashdi.

Shu boisdan ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi Oq uyda yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlangani ajablanarli emas. Prezident Donald Tramp mamlakatimiz rahbariga yo‘llagan maktubida O‘zbekiston Prezidentining mintaqaviy yondashuvga doir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, bu esa o‘z navbatida vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish uchun sharoit yaratishi, iqtisodiy, jumladan, Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirishini qayd etdi.

«Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlaringiz katta muvaffaqiyatlar keltirdi. O‘tgan yili noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan konferensiya butun Markaziy Osiyo bo‘ylab istiqbolli hamkorlik muhitini yaratdi, dekabr oyidagi Prezident Ashraf G‘ani bilan uchrashuvingiz esa mustahkam hamkorlik va taraqqiyotga zamin hozirlab berdi», deyiladi AQSh ma’muriyati rahbarining maktubida.

Toshkent forumida AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennon boshchiligidagi mo‘’tabar delegatsiya ishtirok etdi. Davlat kotibi o‘rinbosari o‘z chiqishida mazkur konferensiya o‘z vaqtida o‘tkazilayotgani va bu tadbir dolzarb ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Biroz keyinroq esa mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida diplomat «Kobuldagi muloqot Toshkentga ko‘chdi va  xalqaro maqom kasb etdi», deya bayonot berdi.

Umuman olganda, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning Vashingtonda bo‘lajak uchrashuvi O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlarning yaqin yillarga mo‘ljallangan munosabatlaridagi ustuvorliklarni belgilash bilan birga ikki tomonlama hamda kun tartibidagi xalqaro hamiyatga molik masalalar yuzasidan «soat millarini to‘g‘rilab olish» imkonini beradi. Ekspertlarning baho berishlaricha, ushbu tashrifning natijalari O‘zbekiston – Amerika strategik muloqotini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga imkoniyat yaratishi barobarida  ular har ikki mamlakat manfaatlariga hamda XXI asrning bugungi xalqaro munosabatlari realliklariga to‘la javob beradi. Shuningdek, bu vazifa yaqinda mamlakatimiz Prezidentining farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining o‘rta muddatli istiqbolda asosiy xorijiy sheriklar bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlarga hamohangdir.

Shahriyor Turg‘unboyev, 
«Jahon» AA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring