Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga safari kuni ma’lum bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga safari kuni ma’lum bo‘ldi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindning taklifiga binoan 30-sentabr – 1-oktabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev hind prezidenti Ram Nath Kovind, bosh vaziri Narendra Modi va Hindistonning boshqa rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Nyu-Deli shahrida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning amaliy jihatlarini, jumladan, O‘zbekiston–Hindiston ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish taklifini muhokama qilish uchun Hindistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashuv o‘tkazadi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Hindistonning qadimgi poytaxti, jahonga mashhur me’moriy obida – muhtasham Toj Mahal joylashgan Agra shahriga tashrif buyuradi.

Tashrif yakunida O‘zbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vazirining qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, O‘zbekiston – Hindiston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun huquqiy asoslarni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan salmoqli hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar, mamlakatlarimiz hududlari va muassasalari o‘rtasida hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring