Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

«Shaytanat» kitobi, kinosi, prototiplari va... hammasi haqida (video)

«Shaytanat» kitobi, kinosi, prototiplari va... hammasi haqida (video)

Namoyishni hech shubhasiz «O‘zbekiston» telekanali va film ijodkorlarining muxlislarga sovg‘asi, deb atash mumkin.

Foto: «Nuz.uz»

Shaytonlar turtki bo‘lgan asar

Tohir Malik bilan 1-suhbat

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Shaytanat»i – eng mashhur asarlardan. O‘tish davrida odamlarni mutolaaga qaytargan kitoblardan biri shu. Shuningdek, eng ko‘p maqtalgan, muhokama va tanqid qilingan asar ham «Shaytanat» hisoblanadi. Ayrim adabiyot «daho»lari uni o‘tkinchi, ma’lum davr uchun yozilgan asar deb jar solishgandi. Bunday bo‘lmadi. «Shaytanat» bugun ham qayta-qayta nashr etilmoqda, hatto mazkur turkumdagi beshta asar ikkita katta jildda chiqarildi. Odamlar hanuz uni o‘qishmoqda. Ustoz Tohir Malik bilan suhbatimiz «Shaytanat» haqida bo‘ldi...

Tohir aka, mashhur asaringiz – «Shaytanat» haqida gaplashsak. Bilaman, bu haqda sizga juda ko‘p murojaat qilishgan. Javob beraverib, me’dangizga tekkan ham bo‘lsa kerak. Baribir so‘rayverishadi. Chunki «Shaytanat» qolib ketadigan kitob emas, qayta-qayta nashr qilinmoqda. Turgan gapki, uning yangi o‘quvchilari ham chiqaveradi. Detektiv janridagi eng ajoyib qissa. Suhbatimizni «Shaytanat» atamasi, yaratilish tarixi, g‘oyaning tug‘ilishi, yozishga o‘tirganingizdan boshlasak.

Bu kabi savollarga javob beraverib charchagan bo‘lsam-da, chidashga majburman. Avvalo, sababi va atamaning ma’nosi haqida: turli uchrashuvlarda «Shaytanat» asaringizni yozishga nima turtki bo‘lgan?» degan savol albatta beriladi. Savolni eshitishim bilan hazil ohangida «shaytonlar turtki bo‘lgan» deb javob berardim. Garchi javob hazilga yo‘yilsa-da, uning zamirida haqiqat ham bor. Umuman, men nima uchun jinoyatlar jarayoni bayon etilgan asar yozishga harakat qilaman? «Alvido, bolalik!», «So‘nggi o‘q», «Murdalar gapirmaydilar», «Charxpalak», «Talvasa», «Ov» va nihoyat «Umidlar dashti»... Odamlar shu mavzuga ko‘proq qiziqqani uchungina yozilganmi yo boshqa sababi ham bormi? Bor. Asosiy sabab mening asl maqsadim boshqa tomonda. Men jamiyat jinoyatchilarsiz ravnaq topishini orzu qilaman. Hech kimning bolasi jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Hech qaysi ota-ona (hatto o‘g‘rilar ham) farzandi tug‘ilganda «o‘g‘lim (yoki qizim) o‘g‘ri bo‘lsin, giyohvand bo‘lsin» deb orzu qilmaydi. Lekin, afsuski, ma’lum yoshga yetganda ayrimlar jinoyat ko‘chasiga burilib, shaytanat olamiga kirib ketganini o‘zlari ham bilmay qoladilar.

1982 — 1983-yillarda tog‘am, mashhur yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy qaysar o‘smir oqibatda jinoyatchiga aylanib qolishi mumkinligi haqida asar yozmoqchi ekanligini aytdi. U damlarda tog‘amning sihatlari uncha yaxshi emasdi. Shunga qaramasdan yoshlarga bir ibratli gap aytgilari bor edi. Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan maslahatlashib, yozuvchini o‘smir jinoyatchilar saqlanadigan «axloq tuzatish mehnat koloniyasi» deb atalmish qamoqxonaga yubordik. Tog‘am kun bo‘yi o‘sha yerdagi bolalar bilan tanishib qaytdi. Men tog‘amni kutib olib: «Bolalarni ko‘rdingizmi?», — deyishim bilan ko‘zlari yoshlandi. Yig‘idan o‘zini tutolmay: «O‘sha bolalar qamoqda o‘tiradigan bolalarmi? O‘qiydigan, o‘ynab-kuladigan vaqtlarida-ya!?» – dedi. To‘rt yil urushda vahshiyligu dahshatlarni ko‘rib yig‘lamagan, tuhmat bilan qamalib yotganida ham ko‘zida yosh ko‘rsatmagan bu odam o‘smir jinoyatchilarni ko‘rganida chiday olmadi. Og‘ir xastaligiga qaramasdan «O‘zingdan ko‘r» deb nomlangan axloqiy qissa yozdi. Bu yozuvchining so‘nggi asari – vasiyati bo‘lib qoldi.

O‘sha savolni men ham o‘zimcha tez-tez takrorlayman: nima uchun bolalar jinoyat olamiga kirib qoladilar? Adashibmi? Nima uchun biz, kattalar ular adashguncha qarab turamiz? Yaqinda bolalar qamoqxonasida bo‘lganimda bir bola menga ko‘p savol berdi. Uning ko‘p o‘qiganligi, fikri tiniqligi, qalbi tozaligi ma’noli savollaridan sezildi. «Yaxshi bolaga o‘xshaysan, nega qamalib qolding?», deb so‘radim. U boshini egib, og‘ir xo‘rsingach, «O‘rtog‘imni bilmasdan o‘ldirib qo‘ydim» dedi.

Hovlida gulzorni o‘toq qilayotgan 14-15 yoshlardagi bola qaddini ko‘tarib salom berdi. Uning ma’yus qarashida ham afsus ko‘rindi. Undan ham qamalish sababini so‘radim. «Bilmasdan o‘g‘irlik qilib qo‘ydim» dedi.

«Bilmasdan»...

«Bilmayin bosdim tikonni, tortadirman dardini; bilsam erdim, bosmas erdim ul tikonning zahrini».

O‘smirlarning shaytonlar olamidagi tikonni bosib olishlariga kim aybdor? Faqat o‘zlarimi? Biz – kattalar ularning qalb ko‘zlarini ochishga urinib ko‘rganmizmi?

«Hayot gulzor deya kezdim, tikonlari chiqdi yo‘ldan; na-da tikonlari, ilonlari chiqdi yo‘ldan...».

«Shaytanat»ni yozishda men o‘zimni qiynagan muammolarga javob topishga harakat qilganman. Yozuvchining vazifasi nimadan iborat? Jamiyatni kuzatish, tahlil etish, yuzaga chiqayotgan muammolarni hal etishda qatnashish emasmi? O‘tmish jamiyatning kasalliklaridan biri – jinoyat olami edi. Men o‘sha xastalikning bir zarrasinigina qalamga olganman. Jinoyat olami, ya’ni shaytonlar yetovidagi olamning naqadar qabih ekanini odamlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib yoki eshitib yurgan edilar. Men shulardan ayrimlarini jamlab, qog‘ozga tushirdim, xolos. Bu voqealarni yozishdan asosiy maqsadim odamlarni ogohlantirish edi. «Odamlar, ko‘rib qo‘yinglar, befarq yurmanglar, siz bilan bizning yonimizda ko‘zga ko‘rinmas, ammo vahshiy bir olam borki, undan o‘zingiz ham ehtiyot bo‘ling, ayniqsa, farzandlaringizni asrang, toki bu olamga bandi bo‘lib qolishmasin. Bu olamning bittagina eshigi bor. Kirdingmi, tamom, o‘z oyog‘ing bilan qaytib chiqishing mahol, kafansiz ketishing aniqroq...», – demoqchi bo‘lganman.

«Shaytanat» atamasini men kashf etmaganman. Dastlab hazrat Navoiyning asarlarida, so‘ng ustoz Abdulla Qodiriy romanlarida uchratganman. So‘zning lug‘aviy ma’nosi – shaytonlar, shayton yetovi ta’sirida yo‘ldan ozdirishni ham tushunsa bo‘ladi. Boshqacharoq aytsak, shaytonlar boshqaradigan jinoyat olami nazarda tutilgan. Hazrat Navoiyning «Xazoyinul-maoniy» dostonidagi bir bayt:

 «Riyoiy shayxdurkim shaytanatdin tavqi la’natdek

 Solur o‘z bo‘ynig‘a tasbihni har lahza ul mal’un»

– diqqatimni tortib, «Shaytanat» nomi bilan bir asar yozish istagi tug‘ilgan edi. Adashmasam, 1984 yil edi shekilli, Andijonda sodir bo‘lgan bir jinoyat tafsiloti meni qiziqtirib qolib, shu nomda qissa yoza boshladim. Umidim – avval boshdan uch kitobdan iborat qissa yozish edi. Ammo taqdir to‘rt kitobni nasib etgan ekan deb yursam, beshinchi kitobning kurtaklari ham ko‘rinib qoldi. Andijonda eshitgan voqea Elchin bilan Zaynab taqdiriga taalluqli edi. Yozish jarayonida bu voqea asarga singmay, tushib qoldi. Keyinroq xuddi shu voqea asosida «Murdalar gapirmaydilar» degan asarni yoza boshladim. Ajabki, o‘sha voqea bu asarga ham singmadi. Xudo biladi, balki yangi asarga «tomizg‘i» bo‘lar?

Birinchi kitob «Sharq yulduzi» jurnalida 1992-yilda nashr qilindiki, fursatdan foydalanib tahririyat ahliga tashakkurlarimni aytaman. Dastlabki boblar nashrga tayyorlanganida «senzura» deb ataluvchi siyosiy-g‘oyaviy nazorat idorasi yo‘lni to‘sdi. O‘n yil oldin ham «Devona» fantastik romani nashrdan olib tashlangan, nozik idoralarning noxush suhbatlariga bir necha martalab chorlangan edi. Men «bu asarning qismati ham qorong‘ilik ekan-da» deb biroz tushkun ruhda yurdim. Lekin tahririyat, birinchi galda bosh muharrir, ustozimiz O‘tkir Hoshimov (Alloh rahmat qilsin) «senzura» oldida oson taslim bo‘lishmadi. Asarni himoya qilishdi. O‘tkir aka hatto «Barcha mas’uliyatni tahrir hay’ati bilan birgalikda o‘z zimmamga olaman» degan tilxat yozib berdi. Shundan keyingina «senzura»ning ko‘ngli joyiga tushib chekindi. «Shaytanat» jurnalda to‘la ravishda bosildi.

Ammo, afsuski, «Yozuvchi» nashriyotining «kitobni bosib chiqarsak sota olmaymiz, nashriyot zarar ko‘radi» degan g‘alati xavotiri tufayli ikki yilgacha bosilmay yotdi. Ana shunda «Sharq» nashriyotining e’tibori va mardligi tufayli kitob muxlislar qo‘liga yetib bordiki, buning uchun nashriyot rahbarlari, barcha xodimlari va ishchilariga minnatdorchiligimni bildiraman. Bir men emas, ko‘p yozuvchilarni qo‘llab-quvvatlagan Islom aka Shog‘ulomovni duolar qilamiz: adabiyotimiz ravnaqiga hissa qo‘shgan bu mehribon zotni Alloh mag‘rifat etib, nomai a’moliga ko‘p-ko‘p ajrlar bitsin, omin!

Darvoqe, nima uchun qissa deb nomlangan edi? Ko‘lami, qamrovi, hajmi nuqtai nazaridan ham roman deb qo‘yilsa bo‘lardi-ku! Masalan, mashhur detektiv yozuvchisi Jeyms Cheyzning yuz betdan iborat romanlari bor.

«Roman» tarzini belgilashda biz jindek xatoga yo‘l qo‘yamiz. 20 sahifaga qadar bo‘lsa – hikoya, 150 betga qadar – qissa, undan ko‘pi – roman. Janrlarni belgilashda asarning hajmi muhim emas. Balki asarning «yuki»da. «Roman» yoki «qissa» deb belgilashda farqlaydigan yana boshqa omillar bor. Shularning asosiysi – «roman»ning lug‘aviy ma’nosi – «ishqiy qissa». Cheyzning romani 100 bet bo‘lsa, fransuz adabiyotida 30 sahifalik romanlar ham bor. Ularda bir muhabbat mojarosi bayon qilinadi. Ruslarning «Slujebniy roman» kinofilmi bizda «Ishdagi ishq» deb juda go‘zal tarjima qilingan. «O‘tgan kunlar»da Otabek bilan Kumush muhabbatlari bayoni bo‘lgani uchun ham «roman» deymiz. Sharq adabiyotida barcha nasriy asarlar «qissa» deb belgilangan. «Shaytanat»ning birinchi kitobida ishqiy lavhalar yetarli emasdi. Keyinchalik bu kamchilik to‘ldirildi. Shu bois keyingi nashrlar «roman» deb belgilandi.

Siz mazkur asaringiz bilan o‘zbek detektiv janrini yangi bosqichga olib chiqdingiz. Buni o‘ziga xos jarayon emas, yutuq desa bo‘ladi. Ochig‘ini aytish kerak, «Shaytanat»gacha o‘zbek detektivini uncha-muncha odam bilmasdi ham. Sababi, boshqa o‘zbek detektiv asarlari «Shaytanat» kabi bu qadar ommalashmagan. Xorij detektivlarini o‘qib tursangiz kerak? Umuman aytganda, sizning mazkur janrda ijod qilishingizda nima «ilhom manbai» bo‘ldi?

Ko‘p yoshlar singari kamina ham Sherlok Xolmsni qiziqib o‘qiganman. U damlarda fantastika bilan shug‘ullanayotganim sababli bu yo‘nalishda asar yozishni orzu qilmaganman. Men Fyodor Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» asarini qayta-qayta o‘qiyman. Hatto hozir ham o‘qib turaman. Agar «detektiv» deb belgilansa, bu tarzdagi adabiyotning shoh asari aynan shu romandir. Lekin men bu asarni «detektiv» deb hisoblamayman. Mario Pyuzoning menga juda yoqqan «Cho‘qintirgan ota» romani ham «detektiv» emas. Har ikkalasi inson fojiasining o‘tkir ruhiy jihatlarini (psixologik) tadqiq etgan asardir. Charlz Dikkens asarlarida ham shu ruh bor.

«Shaytanat»ga ham «detektiv» degan nom berilishiga qo‘shilmayman. Kaminaning yozganlari detektiv yo‘nalishida emas. Detektiv – bir jinoyatning iziga tushib aniqlash, jinoyatchilarni topish jarayoni. Konan Doyl, Agata Kristi asarlari shu tarzda. O‘quvchi qotil kim ekan deb asar oxirigacha qiziqib o‘qiydi. Menda bunday emas-ku? Bunday mavhumlik yo‘q-ku? Hammasi ochiq-oydin – kim yomon, kim yaxshi ko‘rinib turibdi. Detektivda o‘quvchi «kim qotil?» degan savolga javob oladi. Men esa «nima uchun jinoyat sodir bo‘ldi, uning ildizi qayerda, jinoyat ildizini quritish mumkinmi?» kabi savollarga javob izlayman. «Har qanday jinoyatning o‘qildizi iymonsizlikda, jamiyatda adolat bo‘lishi uchun avvalo jamiyat a’zolarida iymon bo‘lmog‘i shart» degan haqiqatni yoshlarga tushuntirishga urinaman.

Hech bir mubolag‘asiz «Shaytanat» odamlarni kitobga, mutolaaga qaytardi deyish mumkin. O‘zingizga ham shu haqda aytishganmi?

Ha, ko‘p eshitganman bunday gaplarni. Ayni chog‘da hamkasblarimning «Shaytanat»ni saviyasi past o‘quvchilar o‘qiydi» degan kamsitishini ham o‘qiganman, ham eshitganman.

«Shaytanat» prototiplari haqida nima deysiz? Kitobda ular shunchalik ishonarli tasvirlanganki, ayrim qahramonlar hayotdan olinmaganiga ishonish qiyin. Qolaversa, voqealar real hayotdan hikoya qiladi.

Savolingizga javob berish uchun birinchi kitobni eslashga to‘g‘ri keladi. Unda «Asarni oxirigacha o‘qiy olsangiz, bunga sabringiz va vaqtingiz yetsa, bir qancha odamlar bilan tanishasiz. Ular balki qo‘shningizga, balki do‘stingizga, balki qarindoshingizga o‘xshab ketar. Shu hol yuz bersa, «Falonchini yozibdi» deb yurmang. Bu shunchaki tasodifiy o‘xshashlikdan boshqa narsa emas», — deyilgan. Shunga ko‘ra aytish mumkinki, ayrim mish-mishlar elakdan o‘tkazilib, ayrim voqealar umumlashtirilib, ba’zilari bo‘rttirilib yoki aksincha, kamaytirilib xayol mahsuliga qo‘shilgan. Chingiz Aytmatov aytganday xayol mahsulini ishonarli tarzda bayon qilish yozuvchining burchi hisoblanadi. Biz «xayol mahsuli» deymiz. O‘ylab ko‘raylik: xayol mahsuli suv ichadigan buloq qayerda ekan? Asarda bayon qilingan gap-so‘zlar ham hayotning o‘zidan emasmi? Shuncha gaplarni to‘qib chiqarishga bitta odamning kuch-quvvati yetmasa kerak?

Lekin kitobdagi ayrim qahramonlar hayotda bor edi. Shulardan biri Anvar yuz foiz to‘qima emas, balki do‘stim Asqar Qosimning prototipi, ya’ni asarga ko‘chgan aksi.

Yigirmanchi asr o‘zbek she’riyatining zabardast vakillaridan biri shoir Asqar Qosim bilan yaqin do‘st edim. Taqdirning o‘zi bizlarni hayotning ko‘p nuqtalarida birga qildi. Men 1963 yili poytaxtdagi eng ilg‘or ilm maskanlaridan biri – 40-maktabni tugatib, Toshkent universitetining kechki jurnalistika bo‘limiga o‘qishga kirdim. Asqar shu maktabni 1964 yili tugatib, shu universitetning kunduzgi fakultetiga o‘qishga kirdi. Maktabda o‘qib yurganda uni ko‘rganman, u ham meni ko‘rgandir, ammo yaqindan tanishmagan edik.

1967 yili bolalar gazetasida ishlab yurgan chog‘im Asqarni o‘sha davrning eng mashhur shoiri Abdulla Oripov bilan birga ko‘rdim. «Bu yigit Abdulla akaning eng yaqin shogirdi, o‘zi zo‘r shoir» deb tanishtirishdi. Asqarni atrofdagi yoshlar shoir sifatida tan olishgan, kamina esa bolalar uchun hikoyalar yozib yurgan, tanilmagan yosh adib edim. 1969 yilda ikkovimiz universitetdagi tahsilni tugatib, respublika radiosida uchrashdik. Ikkovimiz adabiy-dramatik eshittirishlar tahririyatida ishlash uchun hujjat topshirdik. Ikki hafta birga ishladik. So‘ng Asqarni paxta terimiga jo‘natishdi, men esam harbiy xizmatga ketdim. Oradan yarim yil o‘tib, Asqarni Kapyar deb ataluvchi harbiylar shaharchasida uchratdim. Asqar men xizmat qilayotgan qismga, yanada ajablanarlisi – rotaga keldi. Bunaqa tasodif kamdan-kam yuz bersa kerak. Ikki oy xizmatda birga bo‘ldik, Asqarni boshqa qismga jo‘natdilar.

Harbiydan qaytib, uylanganimda Asqar kaminaga kuyovjo‘ra bo‘lgan, kuyov oshini choyxonada o‘zi damlagan. Keyinchalik Asqar bilan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda birga ishladik. Hatto xonamiz ham bir edi. «O‘zbek bo‘lib tug‘ilmasaydim, ko‘rmas edim bunchalar xorlik» degan satrlarni katta mushoirada o‘qigani uchun nozik idora ta’qibiga tushgan paytda ham nashriyotda birga ishlayotgandik. Demoqchimanki, uning ruhiy azoblari menga yaxshi tanish. «Shaytanat»ni yozishni boshlaganimda Anvar qiyofasida Asqarni ko‘rdim. Asqarning she’rlaridan foydalandim. Shu bois ham Anvar taqdirini Asqar Qosim bilan bog‘ladim. Anvarning o‘z joniga qasd qilgani ham badiiy to‘qima emas. Yuragi alamu zardobga to‘lib ketgan shoir o‘zini osgan edi...

«Shaytanat»da Asqar Qosim she’rlarining ayrim satrlarigina berilgan, kitobxon shoirning qalb faryodlari bilan qisman bo‘lsa-da tanishadi. Asardagi Anvarning vidolashuv xitobini ham Asqar Qosim yozgan. Men kitobga she’rning faqat to‘rt satrini olganman.

Asqar Qosimni eslaganimda uning she’rlarini qayta-qayta o‘qigim kelaveradi. Hozir ham uning alamli she’rlaridan birini birga o‘qiylik:

Tashvish tortmang ey, qora ko‘zlar
Qarog‘ingiz fikru zikrimda.
Men yonaman, ne-ne yulduzlar
Parvonadek kezar girdimda!
«O‘z» ibtido, intihosi «bek»!
Yuravering «o‘zim-o‘zim» deb...
Motamda ham To‘ychi hofizdek
Kuylagayman «qaro ko‘zim» deb!

Mahzun misralar. Abdulla Oripov yozganidek, kuyi shunday bo‘lsa g‘amning o‘ziga qanday chiday olgan ekan odamzod? Ha, turli taqdirlar bor. «Shaytanat» syujetlari bir-biridan qiziqarli. Kitobxon umuman zerikmaydi. Qahramonlar o‘ziga xos. Umuman, «Shaytanat» ma’lum ma’noda hujjatli materiallarga asoslanganmi?

Ayrim voqealarning asosi bor. Masalan, Elchinning xotini fojiasi yoki katta yo‘l yoqasida murdaning osib, yoqib yuborilishi... Farg‘onadagi fojialarga o‘zim guvoh bo‘lganman. Yonib ko‘mirga aylangan murdalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Beshinchi kitobdagi farzandlarini qimorda yutqazgan erini o‘ldirgan ayol voqeasi. Surning qamoqda tug‘ilishi ham badiiy to‘qima emas.

Tohir aka, «Shaytanat» – keng qamrovli davomiy asar. Ayting-chi, uning nechanchi faslini yozish nisbatan qiyin kechdi? Qahramonlar-chi? O‘zingizga yoqmagan yoxud «ochib berish» mushkul kechgan obrazlar ham bo‘lganmi?

Birini osonroq, birini yengilroq yozganimni eslay olmayman. Yozish dardining og‘riqlari o‘zingizga ma’lum. Asadbek qizini sharmandali holda ko‘rgach, «o‘zingni os» degan ma’noda arqon tashlash holatini yozganimdan keyin bir necha hafta yozuv stoliga yaqinlashmaganman. Reja bo‘yicha Asadbekning bir o‘g‘li vafot etishi kerak edi. Shu holatni qanday yozar ekanman, ruh azoblarini ifoda eta olarmikanman deb taraddudlanib yurgan kezlarim birinchi nabiram yetti yoshga to‘lib, maktabga chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotgan damda avtomashina urib yuborib vafot etdi. Qalb yarasi sal bitganday bo‘lganda, yana yozishga o‘tirdim. Asadbekdagi ruh azobi kaminada ham bor edi, qog‘ozga qay tarzda ko‘chgan, bahoni kitobxon beradi.

Elchin bolasi o‘lik tug‘ilganida marsiya aytishi lozim edi. Shukur Qurbonga mavzuni aytib berdim. Bu she’r yozildi:

Ay, bag‘rimni tig‘lagan bolam,
Ay, dunyoga sig‘magan bolam,
Ay, dunyoning bevafoligin
Go‘daklikdan ilg‘agan bolam...
Qaydan kelib, qayga yo‘qolding,
Achchiq-achchiq o‘ylarga solding,
Onangning yo mening gunohim,
Qay birining kasriga qolding.

She’r yozilgan qog‘oz stolim ustida edim. Yangangiz chang artmoqchi bo‘lganida olib o‘qibdi. Qarasam, yig‘lab o‘tiribdi. «Nabiramizga atab yozdingizmi?», — dedi. «Kitobdagi she’r», — deb tushuntirdim. Yangangiz kitobda ham o‘qisa yarasi yangilanmasin deb asarga kiritmadim. Lekin baribir ko‘nglim bo‘lmadi, she’rni tashlab yubormadim, Oradan yillar o‘tib, 5-kitobda berildi.

Tohir aka, «Shaytanat»ni ilk bor yozishga o‘tirganingizda keyingi qismlarini ham chiqarishni reja qilganmidingiz? Ehtimol, kitobxonlarning qiziqishi, talab-istaklarini inobatga olgandirsiz? Bunday savol berganimning yana bir sababi bor: «Shaytanat»ning to‘rtinchi, ayniqsa beshinchi qismi chiqishini ayrimlar kutishmagandi. Endi muxlislar oltinchi kitobni kutishayapti. Boya «Shaytanat»ni yozishga turtki bo‘lgan voqeani «tomizg‘i» dedingiz. «Tomizg‘i» deganda oltinchi kitob nazarda tutilayaptimi?

To‘rtinchi, ayniqsa beshinchi kitobni yozishni o‘zim ham kutmagandim. Yuqorida aytganimday asar uch kitobdan iborat bo‘lishi kerak edi. Oltinchi kitob masalasiga kelsak, ko‘p so‘rashadi. Bu haqda aniq bir gap aytolmayman. Ko‘ngilda umid bor, ayrim voqealar bayoni qog‘ozga tushgan, ammo yozib tugatishga qurbim yetmasa kerak. Yodingizda bo‘lsa, uchinchi kitob oxirida Asadbekning eski hovlisi buzilishi, yangi yo‘l qurilishi haqidagi xabar aytiladi. Shunda u: «Yo‘lni narigi mahalladan sol, bu yer buzilmaydi», — deydi. Bunda ramziy ma’no bor: asadbeklarning saltanati xarob bo‘lishi mumkin, ammo butunlay buzilmaydi.

To‘rtinchi kitob oxirini eslaylik: «Nima uchundir ko‘cha gavjum edi. Asadbek nima uchundir odamlar oqimiga qarshi yurib borardi...» – bunda ham ramziy ma’no yashiringan. Uchinchi kitob nashr etilgach, giyohvandlik olami haqida hujjatli film ssenariysini yozib berishni iltimos qildilar. Bu ish bilan jiddiy shug‘ullandim. Hatto ayollar qamoqxonasidagi giyohvandlarning ayanchli taqdirlari bilan tanishishga ham to‘g‘ri keldi. To‘rtinchi kitobni yozish ahdi o‘shanda qat’iylashdi.

Beshinchi kitobni yozishga kirishish tarixi o‘zgacharoq. Ma’lumki, har bir sohada avlodlar almashinuvi jarayoni doimiy ravishda yuz beradi. Keksalar joylarini yoshlarga bo‘shatib beradilar. Eng mashhur qo‘shiqchi ham sahnada uzoq qolmaydi. Yangi avlod uni sahnadan surib tashlaydi. Jinoyat olami ham shunday. «Alvido... bolalik» yozilgan o‘tgan asrning yetmishinchi yillaridagi jinoyat olami bilan bugungisi orasida farq bormi? Juda katta farq bor! Avvalo jinoyat turlari ko‘paydi, «killer» (yollanma qotil), «pedofil» (bolalarni zo‘rlovchi), «kannibal» (odamxo‘r)... kabi jinoyatchilar ko‘paya boshladi. Eng yomoni, jinoyatchilar tobora vahshiylashib borayaptilar. Avval birovni o‘ldirib suvga tashlab yuborishgan bo‘lsa, endi murdani mayda-mayda bo‘laklarga bo‘lib, boshini bir chiqindixonaga, oyoqlarini boshqa tomonga tashlab chiqadigan bo‘lishdi. Jinoyatchi uchun odam o‘ldirish pashsha o‘ldirishdan ham oson bo‘lib qoldi. Asadbekda, Chuvrindida oz bo‘lsa-da mehr, achinish hissi bor edi. Endi ularning o‘rniga kim keladi? Men beshinchi kitob orqali shu savolga qamoqxonada tug‘ilgan Axtam-Sur hayoti misolida javob berishga urinib ko‘rdim.

«Tohir Malik gurunglari» kitobidan

 (Davomi bor)

Ikkinchi suhbatda Asadbek haqida, kitob uchun navbatda turgan yuk avtomobillari, turk bozoridagi hayrat, adibning kitob sotgan o‘g‘li, mafiya xususida o‘qiysiz...

Darvoqe, so‘nggi kunlarning eng katta shov-shuvli voqealaridan biri «Shaytanat» videofilmining oradan shuncha yillar o‘tib qayta efirga uzatilishi bo‘ldi. Buni hech shubhasiz «O‘zbekiston» telekanali va film ijodkorlarining muxlislarga sovg‘asi, deb atash mumkin. Bu kinoasarning qayta premerasi bo‘yicha ham turkum videolavhalar tayyorlaganmiz. Ularni ham navbati bilan e’tiboringizga havola etib boramiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring