Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Shermatov: «O‘zbekistonda fanga ajratilgan mablag‘ dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 11 barobar past»

Sherzod Shermatov: «O‘zbekistonda fanga ajratilgan mablag‘ dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 11 barobar past»

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov.

Foto: «UzNet Press»

«O‘tgan kuni Prezidentimiz tomonidan fanga bo‘lgan e’tiborni tubdan yaxshilash bo‘yicha vazifa belgilandi, jumladan investitsiyalardan ma’lum bir foizni fanni rivojlantirishga va ilmiy kadrlar tayyorlashga yo‘naltirish orqali», — deb yozadi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov «Facebook»dagi sahifasida. — «Bu juda muhim vazifa, chunki majlisda ta’kidlanganidek, ushbu sohada, afsuski, juda ko‘p imkoniyatlarni qo‘ldan boy berib bo‘lganmiz».

Ilmiy izlanishlarga ajratilayotgan mablag‘larning Yalpi ichki mahsulotdagi ulushi. Jahon bankining ma’lumotlari.

Uning qayd etishicha, jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, ilmiy izlanishlarga ajratilayotgan mablag‘larning Yalpi ichki mahsulotdagi (YIM) ulushi atigi 0,2 foiz, bu esa dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 11 barobar, Koreya Respublikasinikidan 22 barobar kamdir (YIMdan 4,28 foiz).

«Koreyada 2014 yilda YaIM 1411 mlrd. dollar bo‘lganini inobatga olsak, fanga ajratilgan mablag‘ miqdori 60 mlrd. dollardan ko‘p bo‘lib chiqadi (ya’ni, deyarli butun O‘zbekistonning YaIMga teng). Bu esa O‘zbekistonda fanga ajratilgan mablag‘lardan 485 marotaba (!) katta», — deydi vazir o‘rinbosari.

Sherzod Shermatov bu masalada boshqa rivojlangan davlatlar tajribasiga tayanish maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlaydi: «Shuning uchun, investitsiyalardan qanday foizni ajratishni aniqlayotganda iqtisodchilarimiz bu masalada boshqa rivojlangan, ko‘pincha yaxshi misol sifatida ko‘rsatilayotgan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, ulardagi foizlar darajasida ajratishni ko‘zda tutsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Masalan, Koreyadagidek fanga YaIMdan 4,28 foizini ajratsak, bu 2,7 mlrd.doll bo‘lar edi!»

Vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda 2018-yilgi davlat budjeti parametrlarida fanga atigi 48 mln. dollar atrofida (389 mlrd. so‘m) mablag‘ ko‘zda tutilganini qo‘shimcha qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring