Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzod Shermatov Prezident maktablari qaysi fanlarga ixtisoslashishini aytdi

Sherzod Shermatov Prezident maktablari qaysi fanlarga ixtisoslashishini aytdi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekistonning har bir hududida Prezident maktablari tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qilishicha, vazir Sherzod Shermatov soha mutasaddilariga maktabni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Vazirning aytishicha, Prezident tashabbusiga ko‘ra birinchi maktab Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida tashkil etiladi. Prezident maktablari bosqichma-bosqich mamlakatning boshqa hududlarida ham ochiladi.

«Prezident maktablarining asosiy maqsadi mamlakatimizning har bir viloyatida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning rivojlanishiga kerakli sharoitlar yaratishdir», — dedi xalq ta’limi vaziri.

Vazirning aytishicha, Prezident maktablari STEAM (Science (fan), Technology (texnologiya), Engineering (muhandislik), Art (san’at) va Mathematics (matematika) fanlarini o‘qitishga ixtisoslashgan bo‘ladi.

Ya’ni, Prezident maktablarida yoshlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida chuqur o‘rgatiladi.

«Prezident maktablarida o‘quvchilarni tanlash va ta’lim sifatini ta’minlash uchun ularni xorijlik mutaxassislar boshqaradilar. Shu bilan birga, maktabga malakali xorijlik hamda mahalliy pedagoglar jalb etiladilar va ularning faoliyatiga kerakli shart-sharoitlar yaratiladi», — dedi Shermatov.

Vazirning qayd etishicha, hozirda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Prezident maktablari faoliyati va o‘quvchilarni qabul qilish masalalarini tartibga soluvchi kerakli me’yoriy hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu hujjatlar o‘quvchilarga qo‘yiladigan talablar va qabul qilish jarayonini belgilab beradi.

«Fursatdan foydalanib, men xorijlik mutaxassislar va xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimizni ushbu loyihada ishtirok etishga va O‘zbekiston ta’lim tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shishga chaqiraman. Mutaxassislardan o‘z rezyumelarini va takliflarini expert@xtv.uz elektron pochtasiga yuborishlarini so‘rayman», —  degan vazir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring