Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Shermatov Prezident maktablarini tashkil etishdagi eng asosiy va eng qiyin vazifa haqida gapirdi

Sherzod Shermatov Prezident maktablarini tashkil etishdagi eng asosiy va eng qiyin vazifa haqida gapirdi

Foto: «Xabar.uz»

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining «Facebook»dagi sahifasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yilning 20-fevralida qabul qilgan «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarori yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

«Prezident maktablarini tashkil etish bo‘yicha kuni kecha qabul qilingan qaror yoshlarimiz orasida o‘ziga xos iqtidorga ega bo‘lganlari uchun kelgusida o‘z iste’dodlarini namoyon etishga juda katta imkoniyatlar ochib beradi.

Bu jarayonni olmosni brilliantga aylanish jarayoniga o‘xshatsa bo‘ladi. E’tibor qaratilmasa, olmos ham oddiy toshga o‘xshab qadrsizdek ko‘rinishi mumkin, lekin haqiqiy ustasining qo‘lida u juda qimmatbaho brilliantga aylanadi.

Hozirgi kunda, mamlakatimizning turli chekka yerlarida yashayotgan yoshlar orasida iqtidorli o‘quvchilarimiz ko‘p. Prezident maktablarining maqsadi esa ana shunday o‘ziga xos iqtidorli yoshlarni vaqtida tanlay olish va ularga yuqori malakali mutaxassislar tomonidan maqsadli ta’lim va tarbiya berilishidir.

Shu maqsadda, Prezident tomonidan qo‘yilgan eng asosiy va eng qiyin vazifa ham aynan tanlov jarayonini xolis va to‘g‘ri tashkil qilishdir. Albatta, zamonaviy bino va o‘quv jihozlar bilan ta’minlash, o‘quv jarayonini yuqori saviyada tashkil etish ham juda muhim vazifadir. Lekin tanlov to‘g‘ri tashkil etilmas ekan, katta mablag‘ sarf qilinadigan bunday ishlarning ham samarasi yuqori bo‘lmasligi aniq.

Tanlovni to‘g‘ri va xolis tashkil etish uchun nufuzli xorijiy hamkor tashkilotni jalb etish rejalashtirilgan va hozirda qator tashkilotlar bilan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinmoqda», — deydi vazir.

Eslatib o‘tamiz, Prezident maktablarini tashkil etishdan asosiy maqsad ta’lim jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali iqtidorli yoshlarni tarbiyalash va o‘qitish, rag‘batlantirish hamda kelgusida ularni salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, yetakchilik ko‘nikmalari va notiqlik mahoratini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash kabi ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.

Prezident maktablari Qoraqalpog‘iston Respublikasida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlarida va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari shaklida tashkil etiladi. Prezident maktablarining qurilish ishlari 2019 yilda bir vaqtning o‘zida Toshkent va Nukus shaharlarida hamda Xorazm viloyatida bo‘ladi. O‘z navbatida, 2020-yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, 2021-yilda Andijon, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring