Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Shilqim va axloqsiz». Pandemiya davrida shuhrat qozongan arbob shov-shuvli mojaro ichida qoldi

«Shilqim va axloqsiz». Pandemiya davrida shuhrat qozongan arbob shov-shuvli mojaro ichida qoldi

Foto:«EPA»

Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo koronavirus pandemiyasi davrida ko‘p sonli amerikaliklarning mehrini qozondi, ayrim tahlilchilar hatto davlat rahbari Donald Trampni undan ibrat olishga chaqirdi. Ba’zi bir siyosatshunoslar esa Kuomoni prezidentlik uchun munosib nomzod deb baholadi. Ammo ko‘p o‘tmay ommaning sevimli arbobiga aylangan gubernatorning misi chiqdi: bir necha ayol uni tegajog‘likda ayblamoqda. Boz ustiga, koronavirusga chalinganlar bilan bog‘liq raqamlarni yashirish ayblovi ham yuzaga chiqqan. Shu tariqa Kuomo misqollab yiqqan obro‘sini botmonlab sochmoqda. Ayni paytda hatto demokratik partiyadagi safdoshlari ham undan yuz o‘girmoqda. Kuni kecha Nyu-York senati raisi Andrea Styuart-Kazins undan iste’fo berishni so‘radi. Quyi palata yetakchisi Karl Histi esa uning boshqaruvchilik salohiyatini shubha ostiga oldi.

Joriy yil fevral oyi oxirida gubernator Kuomoga maslahatchilik qilgan Lindsi Boylan ismli ayol sobiq rahbarini shilqimlik va axloqsizlikda aybladi. Boylanga ko‘ra, 2016-2018 yillarda shtat hukumatidagi faoliyat davomida gubernator bir necha bor uning ayollik sha’nini poymol etuvchi xatti-harakatlar sodir etgan. Bir necha kundan keyin gubernatorning boshqa bir sobiq yordamchisi Sharlotta Bennett ham shu ruhdagi ayblovni ilgari surdi. Qayd etilishicha, 63 yoshli Kuomo 25 yoshli xodimasini to‘shakka taklif qilgan. Buning ortidan yana uch ayol gubernatorni fosh qiluvchi intervyu berdi.

Ayni paytda Nyu-York shtati prokurori Letitsiya Jeyms holat yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlagan. Prezident Jo Bayden ma’muriyati ham tekshiruv o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladi.

Gubernatorning o‘zi barcha ayblovlarni rad etmoqda. Iste’fo xususidagi talabni ham asossiz deb hisoblamoqda.  Kuomoga ko‘ra, uni siyosatchilar emas, balki xalq saylagan. Qolaversa, u muxoliflariga ayblovlar yuzasidan tekshiruv xulosalarini sabr bilan kutishni maslahat bergan.

Nyu-York shtati rahbariga qarshi da’vo faqat shundangina iborat emas. Kuomo ma’muriyati shtatdagi qariyalar uyida koronavirus tufayli yuz bergan o‘lim holatlarini yashirish va raqamlarni kamaytirib ko‘rsatishda ham gumonlanmoqda. Federal qidiruv byurosi allaqachon COVID-19 keltirib chiqargan o‘lim holatlari statistikasini taftish etishga kirishgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring