Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sirdaryo. Shirin mahallasidagi achchiq hayot: «nogironning uvoli yo‘qmi?» 

Sirdaryo. Shirin mahallasidagi achchiq hayot: «nogironning uvoli yo‘qmi?» 

Foto: «Xabar.uz»

«Men, Gulchehra Ulug‘xo‘jayeva Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani 5-Shirin mahallasi «Ref-Depo» yotoqxonasida istiqomat qilaman. Ellik yoshdaman. Birinchi guruh nogironiman. Bir nafar farzandim bor. Bundan besh yil avval uysiz-joysiz, ahvolimiz o‘ta tang holatda qolganimizda tuman hokimligi shu yotoqxonaga  ko‘chirishgandi bizni. Hozirgi vaqtda chap tomonlama insult bo‘lib, to‘shakka mixlanib qolganman.

Yotoqxonaga ko‘chib kelganimizda bizga ajratilgan xonalar abgor ahvolda edi, hatto eshik-derazalari yo‘q edi. Shukr, boshpanalik bo‘ldik-ku deb, amallab ta’mirdan chiqarib, yashay boshladik..

Bizda umuman gaz yo‘q, ichimlik suvi yo‘q, svet tez-tez «portlab» turadi, transformatorning ahvoliga qarab bo‘lmaydi. Ro‘paramizdagi «Yo‘lreftrans» AJ korxonasidan ichimlik suvini tashib ichamiz. Yotoqxonamizda faqat sho‘r suv chiqadi, iste’molga yaroqsiz, faqat kir yuvish mumkin, shundayam yuvilgan narsaga suvning zangi yuqib qoladi. Shugina suv ham ikki oydan beri yo‘q: uzib tashlashgan! Gaz bo‘lmasa, suv bo‘lmasa, elektr bo‘lmasa, ayting, qanday yashash mumkin? O‘g‘lim suv olib kelish uchun uydan chiqib kelguncha soatlab vaqt o‘tadi. Chunki ikkita chelak bilan suvga navbatda turishga majbur, bizga o‘xshagan odamlar ko‘p-da. Bolam kelgunicha menday nogironga biror kor-hol bo‘lmasligiga kafolat yo‘q... Murojaat qilmagan joyim qolmadi. Yaqinda o‘g‘lim tuman hokimi o‘rinbosarini ko‘rib qolib, yotoqxonamizga sudraguday qilib olib kelgandi. Hokim o‘rinbosari dardimizni tuzukroq eshitmay qochib qoldi! Yotoqxonamizda o‘ziga to‘q insonlar emas, muhtoj, kamxarj oilalar yashaydi...

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

Ahvolimizni tasavvur qilyapsizmi?

Mahalla raisi xabar olmasa, elektr tarmog‘i rahbarlari quyuq va’dadan nariga o‘tishmasa... Qishli-qirovli kunlarda ahvolimiz ne kechishini o‘ylashmasa... Shuyam hayot bo‘ldimi? Biz qanday yashaylik?.. Eng yomoni, haligacha yashayotgan joyimizga propiska qilinmaganmiz. Hokimlikka murojaat qilsak, propiskani hal qilamiz deb, IIBga topshiriq berilganini aytishgandi. Biroq IIB: «Yotoqxona hokimiyat balansida ekan, sizlarni ro‘yxatga qo‘yish uchun ularning ruxsati kerak, ammo hokimiyat ruxsat bermayotgani uchun propiska qilolmaymiz», deb javob berdi.

Foto: «Xabar.uz»

Bu qanday bedodlik endi? Meni xavotirga solayotgani shuki, mendan keyin o‘g‘limni yotoqxonadan haydab chiqarishlari mumkin, chunki propiskamiz yo‘q...

Qish-qirovli kunlarda elektr pechkadan foydalanishga majburmiz. Elektr yo‘qligi yoki tez-tez o‘chib qolishi natijasida sovuqdan bir dardimga ikki dard qo‘shilmoqda!

Nima, yotoqxonada yashayotgan nogironning uvoli yo‘qmi?

Yotoqxonamizdagi transformatorni suratga olib berishdi, shikoyatimizga ilova qilyapman: ana, ko‘ring, uning abgor ahvoli yana boshqa ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lmaydi, deb kim ayta oladi?..»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring