Soat 22 dan keyin to‘y to‘xtatiladi – Qamchibek Tashiyev
Qirg‘izistonda to‘y marosimlari, shuningdek, kafe, restoran va tungi klublar faoliyati kechki soat 22 ga qadar to‘xtalishi kerak. Bu talab mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev tomonidan eslatilgan.
Qo‘mita raisiga ko‘ra, sukunat haqidagi qonun asosida hukumat tomonidan tungi vaqtda osoyishtalikni ta’minlashga doir qaror ishlab chiqilgan.
“Biz qaror qabul qildik, ammo u ijro etilmayapti. Bundan qanday xabar topdim? Yaqinda Bishkekda hamkasbimning to‘yi yarim tunga qadar davom etdi, birov holatga aralashmadi. Jalolobodda ham shunday vaziyat: to‘y tungi soat 12 ga qadar cho‘zildi, hech kim bir og‘iz e’tiroz bildirmadi”, – deydi Q.Tashiyev.
Ta’kidlanishicha, Qirg‘iziston hukumati qarorida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralari sukunat to‘g‘risidagi qonun ijrosini nazorat qilishi kerakligi belgilangan.
“Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralari rahbarlari, sizlar yozma topshiriqni bajarmayapsizlar. Endi men rasman topshiriq bermoqdaman: coat 22 dan keyin to‘ylar, ko‘ngilochar tadbirlar, kafe, restoran va tungi klublar faoliyati to‘xtatilishi kerak. Agar birov bu buyruqqa bo‘ysunmasa, elektr energiyani o‘chirib qo‘yinglar”, – deya mutasaddilarga topshiriq bergan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi.
Ma’lumot o‘rnida: bir necha kun avval Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham keskin bayonot berib, mamlakatda bundan buyon davlat to‘ntarishlari ro‘y berishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagandi.
O‘zbekistonda ham 2026–2030 yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb e’lon qilingani ma’lum. Bu davrda ortiqcha isrofning oldini olish choralari amalga oshiriladi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 sentyabrdagi 589-sonli qaroriga muvofiq, “Oqilona iste’mol”
dasturi doirasida to‘ylar, marosimlar va oilaviy tadbirlar nazoratga olinishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq “Yuksalish” harakati o‘tkazgan so‘rovnomada o‘zbekistonliklarning chorak qismi qarz olib to‘y qilayotgani ma’lum bo‘lgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter