Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Soliq bilimlari – bolalarga!» respublika ko‘rik-tanlovi yakunlandi

«Soliq bilimlari – bolalarga!» respublika ko‘rik-tanlovi yakunlandi

Foto: «soliq.uz»

Davlat soliq idoralari tomonidan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning budjetga o‘z vaqtida va to‘liq kelib tushishini ta’minlash bilan bir qatorda aholi o‘rtasida soliq madaniyatini oshirishga yo‘naltirilgan aniq maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, to‘langan soliqlarning nimalarga sarflanishi, ularning respublikamiz hamda fuqarolar hayotidagi ijtimoiy ahamiyatini yoshlikdan shakllantirib borish maqsadida yoshlar o‘rtasida turli mavzularda targ‘ibot ishlari tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan va Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi bilan hamkorlikda har yili an’anaviy tarzda uch bosqichda o‘tkazib kelinayotgan «Soliq bilimlari – bolalarga!» respublika ko‘rik-tanlovining ahamiyati ham katta bo‘lmoqda.

An’anaga muvofiq joriy yilning 1-aprelidan 15-apreliga qadar tanlovning tuman (shahar) bosqichi, 20-25-aprel kunlari viloyat bosqichlari o‘tkazildi. Mazkur tanlovning yakuniy respublika bosqichi esa 2018 yilning 23-may kuni Toshkent soliq kollejida bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rik tanlovda respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablari, akademik litseylar hamda kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari 4 ta nominatsiya, «Soliq mavzusining suratlardagi tasviri», «Soliq mavzusining hikoyalarda aks ettirilishi», «O‘zbekiston Respublikasida soliq siyosati» mavzusidagi eng yaxshi insho hamda «Soliqlar nimaga to‘lanadi va nimalarga sarflanadi?» mavzusidagi eng yaxshi kompyuter taqdimoti nominatsiyalari bo‘yicha o‘zaro bellashib, soliqlar to‘g‘risida qanchalik chuqur bilimga ega ekanliklarini sinovdan o‘tkazishdi.

Tanlovda 1-4-sinf o‘quvchilari soliqlar haqidagi o‘zlarining dastlabki tasavvurlarini chizgan rasmlari orqali ifoda etgan bo‘lsa, 5-9 sinf o‘quvchilari yozgan hikoyalarida soliqlar to‘g‘risidagi tushunchalarini yetkazib berishga harakat qildi. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari esa ta’lim jarayonida soliq sohasida egallagan bilim va ko‘nikmalarini insho yozish orqali, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda kompyuter taqdimoti ko‘rinishida ifoda etishdi.

Joriy yilda respublikamiz bo‘yicha tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 43 mingga yaqin, viloyatlar bosqichlarida 772 nafar o‘quvchilarning faol ishtirok etganligi ham yoshlarning sohaga bo‘lgan qiziqishlarining ortganligidan dalolat beradi.

Tanlovda har bir nominatsiya bo‘yicha o‘z hududida eng kuchlilar deb e’lon qilingan 56 nafar ishtirokchilar ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida o‘zaro bellashdi. Ularning ijodiy ishlari va bilimlari Xalq ta’limi vazirligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda Davlat soliq qo‘mitasi xodimlaridan iborat hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan baholandi.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 142-sonli maktabning 3-sinf o‘quvchisi So‘g‘diyona Sodiqova «Soliq mavzusining suratlardagi tasviri» yo‘nalishi bo‘yicha, Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 107-sonli umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Vazira Valiyeva «Soliq mavzusining hikoyalarda aks ettirilishi» yo‘nalishi bo‘yicha, Toshkent shahridagi Toshkent bank hisob-kredit kolleji 1-bosqich o‘quvchisi Muhlisa Husanova «O‘zbekiston Respublikasida soliq siyosati» mavzusidagi eng yaxshi insho yo‘nalishi bo‘yicha, Xorazm viloyati Urganch ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji 2-bosqich o‘quvchisi Sadoqat Abdullayeva «Soliqlar nimaga to‘lanadi va nimalarga sarflanadi?» mavzusidagi eng yaxshi kompyuter taqdimoti nominatsiyalarida birinchi o‘rinni egalladi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan ta’sis etilgan maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar tantanali suratda topshirildi.

Mavlyuda Chimbergenova, Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi bosh mutaxassisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring