Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Soliq islohotidan so‘ng maoshimiz kamayib, daromad solig‘i stavkasi ko‘payadi...mi?

Soliq islohotidan so‘ng maoshimiz kamayib, daromad solig‘i stavkasi ko‘payadi...mi?

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 13-fevraldagi «Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi» keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Ushbu konsepsiya bugungi kunda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Soliq islohotlari keng qamrovli bo‘lib, barcha soliq turlarini qaytadan ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda. Bu jarayonda ko‘pchilikni ish haqidan olinadigan daromad solig‘i bilan bog‘liq o‘zgarishlar qiziqtirayotgani tabiiy hol.

Shu yilning 7-aprel kuni «kun.uz» axborot saytida Qahramon Aslanovning «Oyligimning qolgani qani?» Yangi soliq tizimi maoshga qanday ta’sir qiladi?» sarlavhali tahliliy maqolasi e’lon qilindi. Mutaxassis sifatida muallifning fikrlari va hisob-kitoblarini jo‘yali deb hisoblayman. Muallif aytganidek «hisob-kitoblar biroz umumiy taqdim etilmoqda». Ko‘pchiligimiz yagona soliq stavkasini 25 foiz qilib belgilash taklifi bildirilayotganidan xabardormiz, xolos. Agar yangi soliq konsepsiyasida Qahramon Aslanov tahlilidagi tartib-taomil nazarda tutilayotgan bo‘lsa, uning fikrlarini ma’qullaymiz.

Oradan ikki kun o‘tib, 9-aprelda «xabar.uz» axborot-tahliliy portalida Mansur Tangishevning «Oyligingiz kamaymaydi. Yangi soliq tizimi maoshga ijobiy ta’sir qiladi» sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Qahramon Aslanov mushohadalariga javob tarzida berilgan ushbu maqolada muallif oyliklarning kamaymasligini, yangi konsepsiya ijobiy o‘zgarishlarga asos bo‘lishini ta’kidlaydi. Mualliflar o‘rtasida hakamlik qilmoqchi emasman. Biroq Tangishevning ish beruvchi (korxona) to‘laydigan YaIT bilan ishchining daromad solig‘ini aralashtirib yuborganligi tushunarsiz holat.

«Maksimal salbiy natija sifatida oylik oshmasligi mumkin xolos, biroq bu ham haqiqatdan ancha yiroq. Chunki oylik oshirilishi bozordagi umumiy narxlar tendensiyasiga ko‘ra amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora. Bu muallifning oyliklar kamayishi haqidagi fikrlari to‘g‘ri emasligini bildiradi», deb yozadi M.Tangishev.

Islohot yangilash, yaxshilash, degani. Men islohotni jamiyatdagi muayyan xastalikni davolovchi shifokorlarga o‘xshataman. Pul, vaqt sarflab shifoxonada yotsag-u, u yerdan tuzalmasdan chiqsak kim aybdor bo‘ladi, shifokormi? Shunday ekan, islohot albatta yaxshilikka xizmat qilishi shart.

Umuman olganda, ikki muallifning ham mutaxassis sifatidagi fikrlari to‘g‘ri. Lekin, gap oylik maoshning miqdori haqida ketayotgani yo‘q. Maqsad – soliq stavkasini pasaytirish.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bekzod Musayevning «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, soliq tizimini isloh qilish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan belgilangan asosiy vazifalar quyidagilar:

1. Soliqlarni soddalashtirish;

2. Soliqlarning sonini qisqartirish;

3. Soliq stavkalarini pasaytirish.

Islohotlarni qo‘llash uchun ilg‘or xorijiy davlatlar, Janubiy Koreya, MDH davlatlari davlatlari tajribasi bilan tanishish, ma’qul bo‘lgan qismlarini qo‘llash nazarda tutilgan.

B.Musayevning ta’kidlashicha, daromad solig‘i bo‘yicha YaIT(25%) va daromad solig‘i(shkala bo‘yicha) birlashtirilib, 25% miqdorida xodimdan ushlash taklif qilingan. Ya’ni, YaIT(25%) va shkala bo‘yicha 22,5% +8% pensiya fondiga jami taxminan 52 foizli soliqni 25%ga kamaytirildi, degan xulosa qilinadi. Bu qanchalik to‘g‘ri ekanini tushunish oson bo‘lishi uchun, aniq misollarda ko‘rib chiqamiz.

Amaldagi soliqqa tortish tizimida:

Aytaylik, «Alfa» kompaniyasi xodimga 1 million so‘m ish haqi hisobladi. O‘sha paytda 250 ming so‘m YaIT hisoblanadi. Bu kompaniya tomonidan to‘lanadigan to‘lov. Xodimdan 74 ming 574 so‘m daromad solig‘i, 80 ming so‘m pensiya fondiga, jami 154 ming 574 so‘m ushlab qolinadi. Xodim qo‘liga 845 ming 426 so‘m oladi. Boshqacha aytganda, hisoblangan ish haqining 15,5 foizi ushlab qolinadi.

Yangicha soliqqa tortish tizimida:

Xuddi o‘sha kompaniya xodimga 1 million so‘m ish haqi hisobladi. Xodimdan 25% yagona soliq, ya’ni, 250 ming so‘m undiriladi va u qo‘liga 750 ming so‘m oladi. Agar boshqacha tartib ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, 95 ming 426 so‘m (9,5%) ko‘proq ushlab qolinadi. Xulosa qilish esa o‘zingizdan.

«NTV» gazetasining bosh muharriri Mixail Perper: «Ekspertlarning fikricha, amalda bu soliq xodim va biznes o‘rtasida ikkiga bo‘linadi – tegishincha 10% va 15% bo‘lib», degan fikr bildirgan. Agar shunday bo‘lsa, nega bu konsepsiya loyihasida aks ettirilmagan? Mexanizmi to‘g‘risida hech narsa bilmaymiz. Soliq konsepsiyasining e’lon qilingan loyihasida aynan qanday variant taklif qilinayotganini bilish imkoni yo‘q. Shuning uchun hozircha qat’iy fikr bildira olmaymiz. Konsepsiya mualliflari ushbu masalada aniqlik kiritib, ma’lumot berishsa, ayni muddao bo‘lar edi.

Ma’lumot uchun: Qo‘shni davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, Rossiyada 12 % + (1% pensiya fondiga), Qozog‘istonda daromad solig‘i 9,5 %, YaIT 3,5%, Qirgizistonda 10%, Gruziyada 20%, Belorussiyada 13% daromad solig‘i ushlanadi.

Hamza Sariyev, iqtisodchi O‘zA

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring