Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soliq to‘lovchilar uchun interaktiv xizmatlar taqdim etilmoqda

Soliq to‘lovchilar uchun interaktiv xizmatlar taqdim etilmoqda

Soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik sub’yektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatilishiga erishish davlat soliq xizmati organlari faoliyatining ustuvor vazifalari sirasidandir.

Bugungi kunda Davlat soliq qo‘mitasining «Elektron davlat xizmatlari — my.soliq.uz» portali orqali 35 turdagi elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Elektron davlat xizmatlaridan 15 tasi — axborot davlat xizmatlari, 20 tasi — interaktiv davlat xizmatlari tarkibiga kiradi. Portalda yuridik, jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun soliq to‘lovchining «shaxsiy kabinet»lari joriy etilgan.

Soliq tizimidagi interaktiv xizmatlar orqali soliq to‘lovchining «shaxsiy kabineti» yordamida murojaatlarni yo‘llash, soliq organlarida hisobga turish, nazorat-kassa mashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ortiqcha soliq to‘lovlarini qaytarish to‘g‘risida arizalarni jo‘natish, soliq hisobotlari va deklaratsiyalarni elektron ko‘rinishda yuborish, soliq qarzi mavjud emasligi, soliq organlarida hisobda turganligi (STIR), O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lganligi to‘g‘risida va boshqa ma’lumotnomalarni olish mumkin.

Shu bilan birga, soliq to‘lovchiga hisoblangan, u tomonidan to‘langan summalar, soliq qarzi, ortiqcha to‘lov, penyalar hamda budjet va budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar bilan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham Davlat soliq qo‘mitasining axborot resurslaridan bevosita olish imkoniyati yaratilgan. Bu esa soliq organi xodimi va soliq to‘lovchilar o‘rtasidagi munosabatlarni zamonaviy vositalar yordamida rivojlantirishga, soliq organlariga ortiqcha kelib-ketishlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Soliq to‘lovchilar tomonidan davlat soliq xizmati organlari xodimlari bilan muloqotsiz ko‘rinishda 2018-yil boshidan my.soliq.uz portalidagi soliq to‘lovchilarning «shaxsiy kabinet»lariga jami 600 mingdan ortiq foydalanuvchilar tomonidan 11 mln. dan ortiq murojaatlar bo‘lgan. «Shaxsiy kabinet»lar orqali tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 6,5 trln. so‘m miqdoridagi soliqlar elektron shaklda to‘landi.

Endilikda soliq to‘lovchilar va soliq xizmati organlari o‘rtasidagi elektron shaklda amalga oshirilmayotgan jarayonlarni elektron ko‘rinishga o‘tkazish yuzasidan ham amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bu yo‘lda:

  • Hozirda Chirchiq shahri, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida elektron hisobvaraq-fakturalarni majburiy tarzda rasmiylashtirishni joriy etish bo‘yicha eksperiment o‘tkazilayotgan bo‘lib, uning natijalari bo‘yicha mazkur mexanizmni butun mamlakat bo‘ylab tizimli ravishda amalga oshirish;
  • Jismoniy shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari, soliq solish ob’yekti vujudga kelganda davlat soliq xizmati organiga hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi arizani taqdim etish;
  • Respublikamiz soliq to‘lovchilarining yagona reyestriga kiritilgan yuridik va jismoniy shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari hisobga qo‘yilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga hisob ma’lumotlaridagi har qanday o‘zgarishlar haqida ma’lum qilish;
  • davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilayotgan kameral nazorat jarayonida soliq hisobotini to‘ldirishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi yoki taqdim etilgan soliq hisoboti va davlat soliq xizmati organlari ma’lumotlari o‘rtasida aniqlangan ziddiyatlar bo‘yicha tegishli tuzatishlar kiritish bo‘yicha xabardor qilish;
  • ortiqcha to‘langan soliq summasini mazkur soliq turi bo‘yicha penya va jarimalarni uzish asosida hisobga olinganda, soliq to‘lovchiga bu haqda xabarnoma berish;
  • soliq to‘lovchiga soliq qarzini uzish bo‘yicha talabnoma berish;
  • undiruvni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish to‘g‘risidagi da’vo arizalarni yuborish;
  • soliq qarzini debitor hisobidan undirilishi yuzasidan qarzdorning debitorlari «shaxsiy kabineti»ga elektron bildirishnomalar yuborishni va boshqa muloqotlarni elektron shaklga o‘tkazish va soliq to‘lovchining «shaxsiy kabineti» orqali amalga oshirilgan.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan yaratilgan ushbu imkoniyatlar, soliq to‘lovchilar, ayniqsa, tadbirkorlik sub’yektlarining soliq organlariga tashriflarini kamaytirishga, vaqt va sarf-xarajatlarini tejashga, tadbirkorlik faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Akmal Nazarov, 
Davlat soliq qo‘mitasi 
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi 
davlat soliq katta inspektori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring