Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Soliq yuki: daromadlar teng, ammo…

Soliq yuki: daromadlar teng, ammo…

Davomi. Boshlanishi bu yerda.


Jismoniy shaxslarni soliqqa tortishda tenglik tamoyillariga qanchalik rioya qilinayotgani xususida ayrim mulohazalar.

Amaliyot nimadan darak bermoqda?

 Gorizontal tenglikka taalluqli muammoni aynan bir turdagi faoliyatdan daromad olayotgan shaxslarni soliqqa tortish amaliyotida ham kuzatish mumkin. Masalan, amaldagi Soliq kodeksining 180-moddasida ayrim sohalar vakillari sohaga oid ish faoliyatidan tushadigan daromadlari bo‘yicha soliqdan ozod etilishi bayon etilgan. Xususan, sudyalar, prokurorlar, ichki ishlar xodimlari, mudofaa, xavfsizlik xizmati, bojxona va shu kabi sohalar vakillari soliq to‘lamaydilar. Ehtimol, mazkur sohalar budjetdan ta’minlangani tufayli shunday imtiyoz berilgandir? Ammo budjet tashkilotlari juda ko‘p-ku! Turli-tuman vazirliklar, qo‘mitalar, hokimliklar, ta’lim va tibbiyot muassasalari… Biroq ularda mehnat qilayotganlarning barchasi beistisno daromad solig‘i to‘laydi. Hatto soliq yig‘adigan idoralar xizmatchilari maoshlaridan ham soliq undiriladi. Oliy Majlis deputatlari ham muntazam ravishda daromad solig‘i to‘laydilar.

Xo‘sh, qanday asoslarga ko‘ra yuqorida zikr etilgan sohalar vakillari daromad solig‘idan ozod qilingan?

Bunday yengillik qo‘llanilishiga mazkur soha vakillarining maoshlari ko‘p emasligini vaj qilib ko‘rsatish mumkin. Ammo bu gap haqiqatdan yiroqligi hammaga ma’lum. Vaholanki, ular ham hamma qatori soliq to‘lasalar, maoshlari yanada ko‘payishi mumkin emasmi? Chunki ish haqini oshirmaslikka hech qanday to‘siq qolmaydi. Tilga olingan sohalar vakillarining ishi juda mashaqqatli, mas’uliyatli va jamiyat uchun ahamiyati katta ekanligini yana bir sabab sifatida keltirish mumkin. To‘g‘ri, ular kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlaydi. Lekin, aytaylik, shifokor, o‘qituvchi yoki quruvchi ham ulardan kam mehnat qilmaydi-ku! Demak, jamiyatda muhim bo‘lmagan soha yoki kasb mavjud emas; oddiy misol, hayotimizni uch-to‘rt oy sartaroshsiz tasavvur qilish mumkinmi?.. 

Ba’zan ayrim toifadagi shaxslar daromad solig‘idan asosli ravishda ozod qilinishi mumkin. Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarining yoki xalqaro nohukumat tashkilotlarning xodimlari (ularning daromadlari o‘z davlatlari tomonidan soliqqa tortiladi), nogironlar, urush qatnashchilari, boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya olmaydigan yolg‘iz ayollar shular jumlasidan. Biroq bizda soliq to‘lashdan ozod qilingan sohalar vakillarini bunday toifalarga ham kiritib bo‘lmaydi. Xullas, fikrimizcha, Soliq kodeksining 180-moddasini qayta ko‘rib chiqish darkor. Zero, jamiyat a’zolarining barchasi birdek soliq to‘lashi kattayu kichik soliq islohotlarida xolis va faol qatnashishiga zamin yaratadi. Bu borada tenglikka erishish mamlakatning soliqqa oid qonunchiligini umumjahon soliq amaliyoti darajasiga ko‘tarish sari tashlangan yana bir muhim qadam bo‘ladi.

Qonuniy, biroq nomaqbul

Jismoniy shaxs daromadlarini soliqqa tortishdagi gorizontal tengsizlik boshqa bir muammoni ham keltirib chiqarishi mumkin. U soliq to‘lovchilarning soliqdan qonuniy yo‘sinda qochishida, jumladan, jismoniy shaxslarning daromad solig‘i miqdorini qonuniy, lekin nomaqbul tarzda kamaytirishga intilishida namoyon bo‘ladi.

Muammoni hayotiy misol yordamida izohlashga harakat qilamiz. Tasavvur qilaylik, bir kishining mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xususiy korxonasi bor. Aksariyat hollarda bunday shaxslar korxonaning ham ta’sischisi, ham rahbari sifatida faoliyat yuritadi. Unda korxona daromadlari muayyan qismini o‘ziga yo‘naltirishning ikki usuli mavjud:

  1. Rahbar sifatida korxona daromadidan maosh olish.
  2. 2. Korxonaning ta’sischisi yoki aksiyadori sifatida kelayotgan foydadan o‘z ulushini dividend tarzida olish.

Bugun maoshga nisbatan eng yuqori soliq stavkasi 22,5 foizni tashkil etishini, dividendga nisbatan soliq yuki esa bor-yo‘g‘i 10 foizligini hisobga olsak, tabiiyki, tilga olingan shaxsda korxona daromadlaridan o‘z ulushini maosh shaklida emas, balki dividend tarzida olishga xohish paydo bo‘ladi. Shaxs korxonaning egasi va rahbari bo‘lgani sababli buni amalga oshirishi qiyin emas. U korxona rahbari sifatida o‘z maoshini kamroq belgilab, daromadni korxonadan asosan dividend shaklida olishga harakat qiladi. Shu tariqa maosh sifatida to‘lanib, 22,5 foiz miqdorda soliqqa tortilishi kerak bo‘lgan daromad sun’iy ravishda dividendga aylantirilib, undan 10 foizgina soliq to‘lanadi. Oydinlashyaptiki, soliq stavkalari o‘rtasidagi tafovut shunday nomaqbulliklarga yo‘l ochyapti.

Soliq bilan daromad orasidagi nomutanosiblik

Qayd etilganidek, amaldagi qonunchilikka binoan xususiy tadbirkorga nisbatan soliq tadbirkorlik faoliyati turiga qarab eng kam oylik ish haqining 1 dan 7 barobarigacha miqdorda oylik soliq to‘lovi shaklida amalga oshiriladi. Bunday tartib endigina tadbirkorlik boshlaganlar uchun mushkullik tug‘dirsa, faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yib olganlar uchun nihoyatda foydalidir.

Aytaylik, ikki kishi xususiy tadbirkorlik bilan mashg‘ul. Ular chakana savdo, ya’ni eng kam oylik ish haqining 7 barobarigacha bo‘lgan miqdorda soliq to‘lanishi talab etiladigan tadbirkorlik turi bilan band. Ularning biri — fuqaro A serg‘ayrat shaxs, lekin sohada yangi bo‘lgani tufayli tadbirkorlikdan tushadigan bir oylik o‘rtacha daromadi 2 million so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi kishi — fuqaro B ish boshlaganiga ancha bo‘lgani, ko‘p mijozlar orttirgani boisidan bir oylik daromadi o‘rtacha 50 million so‘mni tashkil etadi. Shunga qaramay, soliq miqdori faoliyat turiga qarab avvaldan qat’iy belgilab qo‘yilgani tufayli fuqaro A va fuqaro B ning daromadlari qancha bo‘lishidan qat’i nazar, bir xil miqdorda soliq to‘laydilar va soliq yuki fuqaro A daromadining yarmidan ko‘prog‘ini, fuqaro B daromadining esa atigi ellikdan bir qismini tashkil etadi. Xulosa shuki, soliq miqdori qat’iy belgilab qo‘yiladigan bo‘lsa, daromad miqdori oshganidan keyin tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan foydaning arzimas bir qismiga aylanib qolishi mumkin. Daromad oshaveradi, soliq hajmi esa o‘zgarmaydi. Nazariy jihatdan olganda ishbilarmon daromadining cheki yo‘q, u yuz so‘m ham, milliard so‘m ham bo‘lishi mumkin. Muayyan davr mobaynida 2-3 million so‘m daromad topgan shaxs bilan 100-200 million so‘m foyda olgan odamning bir xil miqdorda soliq to‘lashi haqida fikr yuritib ko‘ring. Daromad ortgani bilan soliq miqdori o‘zgarmasligidan davlat budjeti ziyon ko‘radi. Soliqning daromadga nisbatan bunday nomutanosibligi xususiy sektorning, ayniqsa, sanoat, sport, tibbiyot, huquq, arxitektura va qurilish jabhalarida yaqqol ko‘zga tashlanyapti.

Taklif va mulohazalar

Demak, ikki muammo — daromadlari bir xil bo‘lgan jismoniy shaxslarning turlicha miqdorda soliq to‘layotgani hamda daromadlari hajmi xilma-xil bo‘lgan fuqarolardan bir xil miqdorda soliq undirilayotgani gorizontal va vertikal tenglik tamoyillari buzilishiga sabab bo‘lyapti. Mazkur muammo yechimlari sifatida quyidagilarni taklif qilamiz.

Jismoniy shaxs daromadlarining barcha turlari, ya’ni maosh, tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan foyda va mulkiy daromadlarni (ijara haqi, qarz foizi, dividend) bir xil stavkalar asosida soliqqa tortish amaliyotini joriy etish kerak. Bunda jismoniy shaxslarning ayrim turdagi daromadlari o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olish maqsadga muvofiq. Jumladan:

Xususiy tadbirkorlik. Xususiy tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan daromadlarga nisbatan soliq faqat sof foydaga qaratilishi lozim. Bunda tadbirkorga daromad olish bilan bevosita bog‘liq xarajatlarni foydadan chegirib tashlashga imkon berish zarur.

Ijaradan olinadigan foyda. Mulk boshqaruvidan tushadigan daromadga nisbatan soliq ham faqat sof foyda uchun qo‘llanilishi maqsadga muvofiq. Bunda soliq to‘lovchiga mulkdan foydalanishga aloqador, rasman isbotlay oladigan xarajatlarni daromaddan chegirib tashlashga ruxsat berilishi kerak. Shuni ham e’tiborga olish kerakki, soliq tuzilmalariga har bir soliq to‘lovchi ijara xarajatlarining haqiqiyligini tekshirish qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun fuqaro ijara sarf-xarajatlarining haqiqiyligini isbotlagunga qadar soliq idorasi Shvetsiyada bo‘lgani kabi mazkur xarajatlarni ijara daromadining 30 foizi deb hisoblashi mumkin. Boshqacha aytganda, yil davomidagi jami ijara tushumini 10 million so‘m deb olsak, sof foyda 7 million so‘m deb topiladi va mazkur summa jismoniy shaxslarga belgilangan umumiy stavkalarda soliqqa tortiladi. Fuqaro ijara xarajatlari bundan ko‘pligini isbotlay olsa, shunga asosan soliq olinadigan foyda kamaytiriladi.

Dividend tushumi. Dividend daromadi shaxsning korxona foydasidan oladigan ulushi bo‘lib, korxona daromadidan soliq undirilishi orqali soliqqa tortiladi. Jismoniy shaxs ixtiyoridagi dividendni yana bir bora soliqqa tortish bir daromadga ikki marta soliq solish muammosini paydo qiladi. Ushbu masalani jismoniy shaxs dividend daromadining bir qismini soliqqa tortish bilan hal qilish mumkin. Misol uchun, jismoniy shaxs dividend daromadining 75 foizigagina soliq solinishi mumkin. Bu borada Turkiya tajribasini qo‘llash to‘g‘risida ham o‘ylab ko‘rish kerak. Shu ham e’tiborga molikki,  soliq qonunchiligini isloh qilish to‘g‘risidagi konsepsiyada yuridik shaxslar daromadiga nisbatan soliqni bekor qilish taklifi ham ilgari surilgan bo‘lib, u qabul qilingan taqdirda dividendni ana shunday yo‘sinda soliqqa tortishga ehtiyoj kolmaydi. Dividendlardan ham  jismoniy shaxsning boshqa daromadlari kabi yagona soliq olinadi.

Jismoniy shaxslar (soliq rezidentlari) yillik daromadlari muayyan  qismini daromad solig‘idan ozod qilish. Kasbi, ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy holati va daromad turidan qat’i nazar, barcha jismoniy shaxslar yillik daromadlarining belgilangan qismi soliqdan rasman ozod etiladi. Jismoniy shaxsning yillik daromadlarini soliqdan ozod etiladigan qismi ko‘pgina xorijiy davlatlarda daromadning imtiyozli miqdori, deb ataladi. Mazkur miqdor shaxsning yashash uchun zarur bir oylik mablag‘i summasidan kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin. Masalan, ushbu summa bir oy uchun 1 million so‘m deb olinsa, soliq to‘lovchining bir yillik jami daromadining 12 million so‘mi soliqdan ozod qilinadi va daromadning ushbu summadan ortgan qismidangina soliq undiriladi. Daromad solig‘i shaxsning maoshidan yil davomida ushlab qolingan bo‘lsa, maoshning imtiyozli miqdoridan to‘langan soliq yil nihoyasida fuqaroga qaytariladi (mazkur tizimning ishlash mexanizmi, afzalliklari xususida kelgusi maqolamizda batafsil bayon qilishni mo‘ljallayapmiz). Bu uslubni amaliyotga joriy etish mamlakat soliq tizimini takomillashtirishda alohida ijobiy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Chunki:

Birinchidan, bu tizim norasmiy iqtisodiy faoliyat yuritib, soliq to‘lamayotgan kam daromadli jismoniy shaxslar ishi rasmiy tus kasb etishiga, ularning “pana”dan chiqib, asta-sekin mamlakat g‘aznasiga hissa qo‘shishlariga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, bu tizim aholining kam ta’minlangan qatlami  daromadlarining yashash uchun eng zarur qismi o‘zlarida qolishiga, binobarin, mazkur toifani ijtimoiy himoyalashga, ularning kambag‘allik changalidan qutulishiga imkon beradi.

Uchinchidan, daromadlarning imtiyozli miqdori amaliyoti qo‘llanilishi mamlakat soliq qonunchiligida ijtimoiy adolat, gorizontal va vertikal tenglik tamoyillari qaror topishiga zamin yaratadi. Undan barcha fuqarolar foydalansa-da, mazkur tizim, ayniqsa, shaxs daromadlari miqdori kamaygan davrlarda juda asqotadi.

To‘rtinchidan, mazkur mexanizmni joriy etish vositasida jismoniy shaxslarni soliqqa tortish amaliyotiga bosqichma-bosqich yillik soliq deklaratsiyasi tizimini olib kirish mumkin. Bunda daromadning imtiyozli miqdori tizimidan faqat yillik daromadlarini deklaratsiya qilgan shaxslargina foydalanishi belgilab qo‘yilishi kerak. Amaldagi Soliq kodeksining 34-bobida deklaratsiya tizimi haqida qoidalar bor. Lekin ular soliq to‘lovchilar uchun qulay va manfaatli emas. Soliq deklaratsiya tizimi fuqarolar uchun tushunarli, sodda, qulay bo‘lishi, bunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish imkoniyati yaratilishi lozim.

Beshinchidan, daromadning imtiyozli miqdori tizimining joriy etilishi mamlakat soliqchiligini jahon soliq amaliyotiga yaqinlashtirishga xizmat kiladi. 

Xulosa o‘rnida

Soliq qonunchiligi jismoniy shaxslar daromad turlarining barchasiga nisbatan imkon qadar neytral va teng munosabatda bo‘lishi zarur. Shunda, birinchidan, soliqqa oid tartib-taomillarning muayyan iqtisodiy faoliyat turini asossiz rag‘batlantirmasligiga yoki aksincha, jazolamasligiga erishiladi. Fuqaro daromadlarini soliq omili emas, uning iqtidor va layoqatlari, bozordagi talab hamda taklif va boshqalar belgilay boshlaydi. Ikkinchidan, soliq to‘lovchilarning tegishli qonun hujjatlariga itoatkorligi, hurmati oshadi. Uchinchidan, budjetga jismoniy shaxslardan tushadigan soliq tushumlari ko‘payadi.

Vohid O‘rinov,
yuridik fanlari doktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring