Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vazirligi blogerning murojaatiga javob qaytardi

Sog‘liqni saqlash vazirligi blogerning murojaatiga javob qaytardi

Foto: «Xabar.uz»

Kecha taniqli bloger Sanjar Said «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga murojaat yo‘llagani haqida xabar qilgan edik.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu murojaat asosida quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Vazirlik ma’lumotida aytilishicha, Farg‘ona shahrida yashovchi bemor N.Jabborova 2018 yilning 30 iyun kuni soat 23:50 da «Homiladorlik-1, tug‘uruq-1, tug‘uruqning 1-davri, surunkali kamqonlik o‘rta og‘ir darajasi» tashxisi bilan Farg‘ona shahar tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limiga kelgan.

Tug‘uruq asoratli kechgan. Tug‘uruq kuchlari sustligi tufayli amniotomiya (qog‘onok suvlarini yorish) amaliyoti o‘tkazilgan. Lekin amniotomiyadan so‘ng tug‘uruq kuchlari o‘zgarmagan, sustligicha qolgan. «Tug‘uruqning 1-davri faol fazasining cho‘zilishi» tashxisi bilan jarrohlik amaliyotiga olingan. Kesarcha kesish operatsiyasi asoratsiz o‘tgan.

Ayolning tana harorati kesarcha kesish operatsiyasi 2-sutkasidan boshlab 38-39 gradusgacha ko‘tarilgan. Keyingi kunlar davomida olib borilgan davolash muolajalari yetarlicha natija bermagan. Shu bois bemor viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sh.Qo‘chqorov nazoratiga olingan va viloyat perinatal markazining ginekologiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Bemorga «Chilla davri. Kesarcha kesish amaliyotidan keyngi 4-sutkasi. Sepsis. Metroendometrit. Bachadon choklari infiltratsiyasi. Kamqonlik o‘rta og‘ir darajasi» tashxisi qo‘yilgan.

N.Jabborova ginekologik, to‘lik klinik-bioximik tahlillar, UTT, rentgenologik tekshiruvlardan o‘tkazilgan va intensiv davolash muolajalari boshlangan.

7 iyul kuni ertalab soat 08:00 da vrachlar konsiliumi o‘tkazilib, bemor holati yaxshi tomonga o‘zgarmaganli bois, standart bo‘yicha xirurgik davo o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ammo bemorning qarindoshlari xirurgik muolaja o‘tkazilishidan qat’iyan bosh tortishgan. Shu sababli konservativ davo muolajalari davom ettirilgan. Shu kuni soat 18.00da viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tegishli o‘rinbosari va perinatal markaz vrachlar konsiliumi takroran o‘tkazilib, yuqoridagi vaziyatni hisobga olgan holda, standart bo‘yicha antibakterial davo muolajalarini davom ettirish rejalashtirilgan hamda Toshkent shahridan tegishli professorlar konsultatsiyaga chaqirilgan.

8 iyul kuni respublika muassasalaridan taklif qilingan vrachlar konsiliumi o‘tkazildi. Konsiliumda Sog‘liqni saqlash vazirligi onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i M.Sodiqov, Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti akusher-ginekologi professor Sh.Zufarova, Respubliki ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi reanimatologi A.Otajonov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tegishli o‘rinbosari va boshqa shifokorlar ishtirok etdi.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozir ona va bolaning umumiy ahvoli qoniqarli. Bemor N.Jabborovaning salomatligi ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Tana harorati o‘rtacha 37,2 darajada.

Shifokorlar yaqin kunlarda ona va bolani sog‘lom holatda uyiga kuzatishga umid bildirishmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring