Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sport vazirligi maxsus ishchi guruhi Andijon viloyatida bo‘lib turibdi

Sport vazirligi maxsus ishchi guruhi Andijon viloyatida bo‘lib turibdi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi maxsus ishchi guruhi ayni vaqtda Andijon viloyatida bo‘lib turibdi. Maxsus ishchi guruhning asosiy maqsadi, viloyatdagi sport ta’lim muassasalarining bugungi ahvoli, zamon talablariga mosligi, sportchi yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlar hamda sport ta’lim muassasalarining yutuq va kamchiliklarini o‘rganishdan iborat.

Ishchi guruh dastlab Xonobod shahridagi bolalar-o‘smirlar sport maktabi va unga qarashli sport ob’yektlarini ko‘zdan kechirdi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 martdagi 122-sonli qaroriga muvofiq Xonobod shahri sportning boks, og‘ir atletika va erkin kurash turlariga ixtisoslashtirilishi belgilab qo‘yilgan. Ishchi guruh a’zolari bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdi.

Bugungi kunda Xonobod tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabida 24 nafar trener faoliyat olib bormoqda. Sport maktabida 13 ta sport turi bo‘yicha to‘garaklarda jami 950 nafar sportchi muntazam shug‘ullanib kelishadi. E’tiborlisi, shundan 150 nafari boks to‘garagi a’zolaridir.

O‘rganish davomida sport maktabidagi futbol maydoni talab darajasida emasligi, erkin kurash bo‘yicha sportchilarga yaratib berilgan imkoniyatlar maqtanadigan holatda emasligi va yana bir qator kamchiliklar aniqlanib, ularni zudlik bilan bartaraf etish borasida tuman Jismoniy tarbiya va sport bo‘limi rahbariga kerakli ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, 2021 yilda Xonobod tumanida yangi yengil atletika sport turiga ixtisoslashtirilgan sport majmuasi foydalanishga topshiriladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining maxsus ishchi guruhi a’zolari bugunning o‘zida viloyatning Qorasuv shahrini ham o‘rganishdi.

Qorasuv shahar 2-sonli bolalar-o‘smirlar sport maktabi 2016 yilda foydalanishga topshirilgan. Bu yerda ayni vaqtda 812 nafar yoshlarga 28 nafar trener saboq berib kelmoqda. Shundan 6 nafari oliy ma’lumotli, yana shunchasi tugallanmagan oliy ma’lumotli, qolganlar esa o‘rta-maxsus ma’lumotga ega mutaxassislardir. Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan trenerlarni bosqichma-bosqich o‘qitish va oliy ma’lumotga ega bo‘lgan murabbiylar sonini oshirish bo‘yicha ham topshiriq berildi.

Bolalar-o‘smirlar sport maktabida sportning boks, erkin kurash, belbog‘li kurash, stol tennisi, gandbol yo‘nalishlari ancha ommalashgan. Buni ushbu sport to‘garaklariga a’zo yoshlar ko‘pligidan ham bilib olish qiyin emas. Birgina erkin kurash sporti bilan 150 nafarga yaqin yoshlar shug‘ullanib kelmoqda. Shundan 9 nafari turli yosh toifalarida respublika chempioni, uch nafari esa O‘zbekiston terma jamoalari a’zosi sanalishadi. Qolaversa, belbog‘li kurash va boks bo‘yicha ham ikki nafar qiz mamlakat o‘smirlar terma jamoasiga qabul qilingan.

Bolalar-o‘smirlar sport maktabida bitta sport zal mavjud bo‘lib, aksariyat sport turlari bo‘yicha to‘garaklar o‘sha yerda faoliyat olib boradi. Shuningdek, mahalliy tadbirkor bilan kelishgan holda erkin kurash turi bilan shug‘ullanish uchun ham sharoitlar yaratilgan.

Ushbu o‘rganishlar natijasiga ko‘ra Andijon viloyatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi hamda viloyatda sport rivoji yangi bosqichga ko‘tarish ko‘zda tutilgan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring