Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sud Qarshi shahar hokimining xatti-harakatini qonunga zid deb topdi

Sud Qarshi shahar hokimining xatti-harakatini qonunga zid deb topdi

Foto: «Sputnik»

Muammo murakkabroq bo‘lsa koshkiydi, nari borsa, amaldorning bitta qabulida bitadigan ish. Shuginaga fuqaro, yana deng beva ayol ozmuncha sarson bo‘ldimi?!

Muammo qurib bitkazilgan uy-joyni foydalanishga qabul qilish va nisbatan egalik huquqini belgilashga oid edi. Ya’niki, o‘tgan asrning saksoninchi yillarida fuqaro Nasim Nodirovga Qarshi tumani Aralovul qishlog‘idan uy-joy qurish uchun 12 sotix yer maydoni ajratib beriladi. Qurilish ishlari bitguncha qishloq tumandan olinib, Qarshi shahariga biriktiriladi va mahalla fuqarolari yig‘ini maqomini oladi. Xonadon egasi qurilish ishlarini yakunlab, oila a’zolari bilan yashab yuraverdi-yu ammo uy hujjatlarini tartibga keltirishda ming bir muammoga duch keladi. Eng yomoni, Nasim Nodirov 2015-yilda vafot etgach, muammo bir qadar og‘irlashdi. Negaki, marhumning uyga nisbatan egalik huquqi muallaq ekan, oila a’zolarining merosga oid huquqi ham ochiq qolaveradi-da .

Marhumning bevasi Qarshi shahar hokimiga murojaat qildi. Biroq murodi hosil bo‘lmadi. Hokimlikning topgan asosini qarang: yer maydoni  Aralovul qishlog‘idan ajratilgan, siz esa «Aralovul» mahalla fuqarolar yig‘inidagi uyni ko‘rsatyapsiz, bunday nomuvofiqlik sabab masalangizni hal etolmaymiz, vassalom! Ayol: «Ilgari Qarshi tumaniga qarashli  Aralovul qishlog‘i hududi hozir Qarshi shahriga o‘tgan, qishloq esa mahalla fuqarolar yig‘iniga aylantirilgan, shuginani tushunish nahot shunchalar qiyinmi?!» deganicha qolaverdi.

Hokimlikda masalaga nuqta qo‘yilishiga ko‘z yetmagach, Qarshi shahar ma’muriy sudiga murojaat qildi. Sud raisi ishni obdon o‘rgandi, holatni joyiga chiqib, ko‘rdi. So‘ng xulosa qildiki, uy-joy qonuniy ajratilgan yer maydoniga qurilgan, unga egalik huquqi belgilanishi boshqa shaxslarning huquq va majburiyatlariga putr yetkazmaydi, baski, Qarshi shahar hokimligining mazkur masalaga bog‘liq xatti-harakati qonunga zid!

Shu tariqa sud Qarshi shahar hokimi zimmasiga marhum Nasirov Nasim tomonidan qurib bitkazilgan uy-joyni foydalanishga qabul qilish va egalik huquqini berish majburiyatini yukladi.

Bo‘ldi, masala hal.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring