Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudyaga qanday jazo berildi?

Sudyaga qanday jazo berildi?

Foto: «Xabar.uz»

U noqonuniy tarzda fuqaroga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan edi, deb yozadi «Advokatnews».

«Jinoyat ishini birinchi instansiya sudida ko‘rgan jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudining raisi O.Nabiyev, sudlanuvchi R.1ning jinoiy harakatini O‘zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 2-qismi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilgan bir vaqtda, unga shu modda bilan JKning 50-moddasiga zid ravishda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq og‘ir jazo tayinlab, xatolikka yo‘l qo‘ygan», — deyiladi Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi apellyasiya instansiyasi chiqargan xususiy ajrimda.

Mazkur hujjatda ushbu holatga, jumladan, quyidagicha baho berilgan:

«... O‘zbekiston Respublikasi JKning 50-moddasida ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan tayinlanmasligi nazarda tutilgan.

Sudlanuvchi R.ga jazo tayinlash vaqtda u pensiya yoshida bo‘lgan.

Shuningdek, birinchi bosqich sudi qonun va Plenum talablariga rioya qilmasdan, sud hukmining tavsif qismida R.ga nisbatan nima uchun majburiy qo‘shimcha muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaganligini asoslantirmasdan, sudlanuvchi R.ga muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni tayinlamasdan, noto‘g‘ri to‘xtamga kelgan.

Bundan ko‘rinadiki, jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudining raisi O.Nabiyev qonun va Plenum talablariga zid ravishda sudlanuvchi R.ga nisbatan noto‘g‘ri hukm chiqargan».

Ya’ni, ma’lum bo‘lishicha, bir tumanda jinoyat ishlari bo‘yicha sudga raislik qilib kelayotgan sudya Otabek Nabiyev JKga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishi mumkin bo‘lmagan toifadagi shaxsga nisbatan 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Bu sovuq xabarni o‘qir ekanmiz, beixtiyor ko‘nglimizdan «Ishqilib, sudya bu xatoni saviyasi yetishmagani tufayli qilgan bo‘lsin-da», deb yuboramiz. Zero, bilmaganni o‘rganib olish mumkin (xohish bo‘lsa, albatta). Ammo... agar bu yerda qasd yoki qandaydir tashqi bosim ta’siri aralashgan bo‘lsa, uni tuzatish oson kechmasligi aniq...

Nima bo‘lganda ham, Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi mazkur jinoyat ishini apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqib, birinchi ins­tansiya sudining noqonuniy hukmini bekor qilgan va R.ga 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda, eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida — 86.120.000 so‘m jarima jazosi tayinlagan. JKning 62-moddasiga asosan R.ning 2018-yil 5-sentyabrdan 2018-yil 25-oktyabrga qadar qamoqda o‘tirgan kunini jarima jazosidan chegirib, eng kam oylik ish haqining 475 baravari miqdorida — 81.814.000 so‘m jarima jazosini qoldirgan.

O‘quvchimizni bu vaziyatda ko‘proq sudyaga nima jazo ko‘rilgani qiziqtirayotgan bo‘lsa ajab emas. Axir uning xatosi qandaydir mayda-chuyda emas, bir fuqaroning salkam ikki oy ozodlikdan mahrum bo‘lib, qamoqda o‘tirishiga sabab bo‘lgan xato-da... (Xudo ko‘rsatmasin, agar advokat va tegishli organlar puxta ishlab, xatoni o‘z vaqtida ko‘rsata olmaganida yoki apellyasiya instansiyasi uni tuzatmaganida fuqaro noqonuniy tarzda naqd 3 yil ozodlikdan mahrum bo‘lib qolishi mumkin edi).

Xullas, apellyasiya instansiyasi «... Jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudining raisi O.Nabiyev tomonidan amaldagi qonunchilik talablari jiddiy buzilishiga yo‘l qo‘yilganligini inobatga olib va kelgusida bu kabi qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida hamda amaldagi qonunlar, Plenum qarorlaridagi rahbariy tushuntirishlar bir xilda bajarilishini ta’minlash maqsadida ushbu ajrim nusxasini Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudining rahbariyatiga tegishli chora-tadbirlar belgilash uchun yuborishni lozim deb topadi».

Tahririyatimizning bu borada ko‘rilgan chora haqida Sirdaryo viloyat sudidan ma’lumot olishga urinishi esa oson kechmadi. Bizning telefon orqali bergan so‘rovimizga javoban, avvaliga, «bugun, erta» qabilida munosabat bildirilgan bo‘lsa, oradan bir hafta o‘tib, yozma murojaat qilishimizni talab etishdi. Nima ham deymiz, yozma so‘rovnoma tayyorlab, o‘sha kunning o‘zida faks orqali berdik va xatning qabul qilinganligi bo‘yicha sud devonxonasidan aniqlik kiritib oldik. Shuningdek, har ehtimolga qarshi, xatning aslini ham pochta orqali yubordik. Ammo... deyarli har kuni telefon orqali so‘rab, Qonunda ko‘zda tutilgan 7 kunlik2 muddatni eslatib turganimizga qaramasdan, naq 13 kunda mujmalgina javob oldik: «... O.Nabiyevga nisbatan jinoyat ishlar bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudlari sudyalari malaka hay’atining qarori bilan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgani ma’lum qilinadi». Shu javob uchun 13 kun sarflangani esa tushunarsizligicha qolaverdi. Zero, mazkur sud idorasiga boshqa murojaat qilishga hafsalamiz qolmagan edi.

Darvoqe, norasmiy manbaning ma’lumotiga ko‘ra sudya Otabek Nabiyevga «hayfsan» intizomiy jazosi berilgan ekan...

Bu jazoning sudya tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatoga qanchalik muvofiq yoki nomuvofiq ekanligini esa muhokama qilmoqchi emasmiz. Ya’ni bu borada xulosa chiqarish o‘zingizga havola...

 Manba: «Advokatnews»


  1. Sudlanuvchining sha’n va qadr-qimmatiga ta’sir qilmaslik uchun ism-sharifini oshkor qilmadi — Tahririyat.
  2. O‘zbekiston Respublikasining «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonuni 351-moddasiga ko‘ra
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring