Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sudyalarning pensiya ta’minoti shartlari belgilandi

Sudyalarning pensiya ta’minoti shartlari belgilandi

Hukumat qarori bilan Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, pensiya ta’minoti Konstitutsiyaviy sud, Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

Pensiya tayinlashni so‘rab pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab istalgan vaqtda, biror muddat bilan cheklanmagan holda murojaat etish mumkin.

Yoshga doir pensiya tayinlash to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

  • pasport nusxasi;
  • sudya lavozimidagi ish stajini tasdiqlaydigan hujjat;
  • ish davrni tasdiqlaydigan hujjat;
  • ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

Nogironlik pensiyasini tayinlash to‘g‘risidagi arizaga tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi hamda baxtsiz xodisa va sog‘liqning boshqacha tarzda shikastlanishi to‘g‘risidagi dalolatnoma ham ilova qilinadi.

Sudya lavozimida pensiya olish huquqini beradigan ish stajiga quyidagi davrlar kiradi:

  • sudya Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tayinlangan lavozimlarda bo‘lgan davr;
  • sudya Qonunchilik palatasi yoki Senat a’zosi etib saylangan davr;
  • harbiy xizmatchilar, ichki ishlar idoralari boshliqlar va oddiy xodimlar tarkibidan bo‘lgan shaxslarning yuridik ixtisoslik bo‘yicha xizmat davri, shuningdek prokuratura idoralarida darajali unvonlarga ega xodimlarning ishlagan davri.

Pensiyani hisoblash uchun pensiyalarning quyidagi bazaviy miqdorlari belgilanadi:

  • yoshga doir pensiyalar yoki umumiy kasallik oqibatida hamda mehnatda mayiblanish oqibatida I va II guruh nogironligi pensiyasi uchun – pesiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 55 foizi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun oilaning har bir mehnatga layoqatsiz a’zosiga – pesiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorda;
  • mehnatda mayiblanish natijasida vafot etgan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun oilaning har bir mehnatga layoqatsiz a’zosiga – pesiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 40 foizimiqdorida.

Alohida toifadagi shaxslarga quyidagi miqdorlarda pensiyaga ustama haqlar belgilanadi:

  • I guruh urush nogironlariga – eng kam oylik ish haqining 150 foizi;
  • II guruh urush nogironlariga – eng kam oylik ish haqining 125 foizi;
  • ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironlariga – eng kam oylik ish haqining 100 foizi;
  • I guruh nogironlariga – eng kam oylik ish haqining 75 foizi;
  • II guruh nogironlariga, urush qatnashchilariga va ularga tenglashtirilgan shaxslarga – eng kam oylik ish haqining 50 foizi;
  • o‘limi xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq sudyalarning ota-onalariga va yangi nikohga kirmagan beva xotinlariga (beva erlariga) – eng kam oylik ish haqining – 30 foizi;
  • O‘zbekiston oldida alohida xizmatlarga ega bo‘lgan shaxslarga – xizmatlarga qarab eng kam oylik ish haqining 100 foizidan 150 foizigacha.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring