Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suv va ekologiya mavzusidagi rasm va insholar tanlovida qatnashing!

Suv va ekologiya mavzusidagi rasm va insholar tanlovida qatnashing!

Foto: «UzWaterAware»

Har yili 30-mart kuni butun dunyoda Yer muhofazasi kuni  xalqaro bayrami nishonlanadi. Bu bayram atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida butun sayyoramizdagi insonlarni birlashtirishga yo‘naltirilgan. Shu kuni suvga doir ma’lumotlardan xabardorlikka yo‘naltirilgan UzWaterAware loyihasi doirasida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM)ning O‘zbekistondagi filiali Yevropa Ittifoqining moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi ostida bolalar o‘rtasida «Yer va suv», «Mening O‘zbekistonim va suv resurslari» mavzuidagi rasmlar va insholar tanloviga start beradi.

2018-yilning 30-martidan 1-iyuliga qadar bo‘lib o‘tadigan tanlovda O‘zbekistonda yashovchi 6 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilarning ishlari yoshga doir uch toifaga ajratilgan:

1 toifa – 1-4 sinflar o‘quvchilari;

2 toifa – 5-7 sinflar o‘quvchilari;

3 toifa – 8-9 sinflar o‘quvchilari.

Tanlovning asosiy maqsadi – butun O‘zbekiston bo‘ylab maktab o‘quvchilari va ota-onalarning e’tiborini suv resurslari va umuman atrof-muhit muhofazasiga qaratish.

Yuqoridagi mavzudagi rasmlar yoki ijodiy insholar, shuningdek ishtirokchilar haqidagi qisqa ma’lumot (ota-onalar bilan bog‘lanish raqamlari bilan birga) uzbekistan@carececo.org havolasi bo‘yicha qabul qilinadi. Xatning mavzu satriga «UzWaterAware loyihasining bolalar tanlovi» deb yozilsin.

Tanlov yakunlariga ko‘ra eng yaxshi ishlar (har bir toifada bittadan) e’lon qilinadi va ularning mualliflari qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlanadi. G‘oliblardan tashqari o‘ziga xos ishlari bilan ko‘zga tashlangan ishtirokchilarga turli nominatsiyalarda rag‘batlantiruvchi sovg‘alar taqdim etiladi.

UzWaterAware loyihasi menejeri, O‘zbekistondagi MOMEM filialining suv loyihalari bo‘yicha mutaxassisi Jusipbek Kazbekov bu borada shunday deydi:

— Loyihamiz doirasida biz butun O‘zbekiston aholisi e’tiborini suv va kelajak avlod uchun undan oqilona foydalanish mavzusiga qaratmoqchimiz. Bu yo‘nalishda bolalar bilan ishlash alohida ahamiyatga ega. Bolalikdan suvga, tabiatga va umuman, atrof-muhitga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatish muhimdir. Umid qilamizki, mazkur tanlov bunda bizga yordam beradi.

UzWaterAware – to‘liq nomi «O‘zbekistonda suv va ekologiya baqaror rivoji uchun xabardorlikni oshirish va hamkorlikni rivojlantirish. Komponent 3» loyihasi  – Yevropa Ittifoqining moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi ostida hamda «Suvchi» NNT ishtirokida O‘zbekistondagi MOMEM filiali tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha iqlim o‘zgarishi sharoitlarida aholining keng qatlamini suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish hamda atrof-muhit muhofazasi muhimligiga e’tibor qaratish va xabardorlik darajasini oshirishga yo‘naltirilgan. Loyihaning milliy hamkori - O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi.

Ma’lumot uchun: Yer muhofazasi kuni nima qilish kerak?

Ko‘chalar va suv resurslari mavjud joylar (ariqlar, suv havzalari)dagi chiqindilarni yig‘ishtirish; daraxt va boshqa o‘simliklarni ekish; mashina yoki transportda harakatlanish o‘rniga piyoda yoki velosipedda sayr qilish.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring