Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tadbirkor ayol» tomonidan 2500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi

«Tadbirkor ayol» tomonidan 2500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi

Bugun O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi binosida mamlaktimizda birinchi marotaba o‘tkazilayotgan «Ayollar tadbirkorligi haftaligi»ga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

To‘rt yildan buyon dunyoning 144ta mamlakatida 19-noyabr Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuni sifatida nishonlab kelinadi. 2016-yildan esa «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi bu tashabbusga qo‘shilib, ushbu kun doirasida turli yirik tadbirlar o‘tkazib kelmoqda. Joriy yildan boshlab mazkur sanaga bag‘ishlab «Ayollar tadbirkorligi haftaligi» o‘tkaziladigan bo‘ldi.

19-24-noyabr kunlari bir hafta davomida ayollar biznesining tajribali  vakillari va biznesga endi kirib kelayotgan xotin-qizlar mamlakat miqyosida o‘tkaziladigan qator tadbirlarda ishtirok etadilar. Haftalik quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga olgan:

  • 20-noyabr kuni viloyatlarda «Tadbirkor ayol: biznes va sport» marafoni;
  • 21-22-noyabr kunlari poytaxtimizdagi Xalqaro biznes markazida tadbirkor xotin-qizlar uchun xorijiy ekspertlar ishtirokida seminar, trening, master klasslar;
  • 23-noyabr kuni O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasida «Innovatsiyalar va investitsiyalar mahalliy va tashqi bozorlarda ayollar tadbirkorligi rivojlanishi samarali omili» mavzuida xalqaro konferensiya;
  • 24-noyabr «INTERNATIONAL HOTEL TASHKENT» mehmonxonasining «Billur» zalida mamlakatimiz tadbirkor ayollarining «BUSINESSWOMENEXPO-2018» ko‘rgazmasi.

Haftalik so‘ngida, ya’ni 24-noyabr kuni «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etgan «Anor-2018» respublika tadbirkor ayollari ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda g‘oliblar «Eng yaxshi tadbirkor ayol», «Eng yaxshi fermer ayol» va «Eng yaxshi servis xizmati» nominatsiyalarida qimmatbaho sovrinlar va maxsus diplomlar bilan taqdirlanishadi.

Eslatib o‘tamiz, «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi 1991-yili tashkil etilgan. Assotsiatsiyaning mamlakatimiz bo‘ylab 14 ta viloyat va 68 ta shahar hamda tumanlarida bo‘limlari faoliyat ko‘rsatadi.

Assotsiatsiya tomonidan joriy yilda 713 ta biznes tadbirlari tashkil etilib, unda 12 ming nafar xotin-qizlar ishtroki ta’minlandi. Assotsiatsiya a’zolari tomonidan 2500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. 2018-yilning birinchi yarim yilligida 28 ming nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatlarini rivojlantirish uchun 1,3 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring