Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkorlarning unumdor tuproq ustida imorat qurishi taqiqlanadi

Tadbirkorlarning unumdor tuproq ustida imorat qurishi taqiqlanadi

Foto: «Norma»

Yangi ob’yektlarni barpo etishdan oldin tadbirkorlar imorat ostida qoladigan uchastkadan tuproqning ustki unumdor qatlamini olib, undan boshqa yer uchastkalari unumdorligini oshirish uchun foydalanishlari kerak bo‘ladi. Davlat ekologiya qo‘mitasi ishlab chiqqan tegishli qoidalar QHTBT portalida muhokama qilinmoqda, deb xabar berdi «Norma».

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-apreldagi 05/1-3305-son topshirig‘iga ko‘ra Yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning unumdor qatlamini olish, saqlash va oqilona foydalanish to‘g‘risida nizom ishlab chiqildi.

Hujjat dolzarb muammolardan biri – tuproqning unumdor qatlami oriqlashini hal etishga yo‘naltirilgan. Uni hal etish variantlaridan biri sifatida yangi imorat ostida qolishi mumkin bo‘lgan tuproqning unumdor qatlamidan foydalanish nazarda tutilmoqda.

Sanoat yoki boshqa qurilish ishlarini amalga oshiruvchi, shuningdek tuproq qatlami buzilishi bilan bog‘liq boshqa ishlarni bajaruvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga kam hosil beruvchi yerlarning unumdorligini oshirish uchun foydalanish maqsadida tuproqning unumdor qatlamini olish va saqlash majburiyati yuklatiladi.  

Olinadigan tuproqning unumdor qatlami tarkibida radioaktiv elementlar, og‘ir metallar, pestitsidlarning qoldiq miqdorlari va tuproq uchun belgilangan, ruxsat etilgan cheklangan darajalardan oshuvchi konsentratsiyalardagi boshqa toksik birikmalar bo‘lishi kerak emas. Shuningdek u epidemiologik jihatdan xavfli bo‘lmasligi, ishlab chiqarish chiqindilari, qattiq predmetlar, tosh, shag‘al, mayda tosh, qurilish chiqindilari bilan ifloslangan ham bo‘lmasligi kerak.

Bunda olinishi lozim bo‘lgan tuproqning unumdor qatlami quyi chegarasida gumusning massa ulushi yarim cho‘l, tog‘oldi, cho‘l-dasht zonalarida kamida 1%ni, cho‘l zonalarida esa kamida 0,7%ni tashkil etishi kerak.

Loyihada ishlarning quyidagi bosqichlari nazarda tutilgan. Avvaliga shudgorga tutash uchastkalarda yoki boshqa qishloq xo‘jaligi yerlarida foydalanish uchun eng unumdor haydaladigan qatlam yoki gumus qatlamining ustki qismi olinadi. So‘ng unumdor qatlamning hammasi olinadi. Olingan unumdor qatlamdan qurilish hududlarini (temir yo‘l yoki shosse yo‘li va h.k.) ko‘kalamzorlashtirish uchun foydalanilishi mumkin.

Muayyan sabablarga ko‘ra unumdor qatlamdan darhol va bevosita foydalanib bo‘lmasa, unumdorligi yo‘qotilishining oldini olish va keyinchalik foydalanish maqsadida konservatsiya uchun ag‘darib saqlanishini nazarda tutish zarur.

Temir va shosse yo‘llari qurilishi, gaz quvurlari va neft quvurlari qurilishi va yotqizilishi, elektr uzatish liniyalari, aloqa liniyalari, sug‘orish kanallari va boshqa liniyali inshootlar qurilishi sababli tuproq qatlami buzilganda olingan tuproqning unumdor qatlamidan uni omborga joylashtirmay va keyinchalik saqlamay bevosita foydalanish nazarda tutiladi. 

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring