Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkorlik sub’yektlarini tugatish va yopish osonlashtirilishi mumkin

Tadbirkorlik sub’yektlarini tugatish va yopish osonlashtirilishi mumkin

Foto: Norma.uz

Amaliyotdan ma’lumki, biror bir korxona, tadbirkorlik sub’yektini tashkil qilib, ochishdan ko‘ra, uni tugatib, yopish ancha mushkul, qiyin ish. Ayni shu sababli ham ko‘plab tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmay, muayyan firmani davlat ro‘yxatidan o‘tkazmay faoliyat yuritishni afzal biladi. Aslida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tugatish jarayonlarining tartib-taomillarini ham yanada soddalashtirish, shaffofligini oshirish orqali korrupsiya bilan bog‘liq omillarning oldini olishga qaratilgandir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019 yil 30 sentyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar «Tadbirkorlik sub’yektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yuzasidan qizg‘in bahs-munozara olib bordi.

Loyiha bilan tadbirkorlik sub’yektlarini tugatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan deb hisoblash uchun asos bo‘ladigan muddat to‘qqiz oyni tashkil etishi, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar davlat soliq xizmati organining taqdimnomasiga asosan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan Tadbirkorlik sub’yektlarining Yagona davlat reyestridan uch yil muddatga harakatsiz rejimga o‘tkazilishi belgilanmoqda. Harakatsiz rejimiga o‘tkazilgan korxonalar faoliyati uch yil davomida tiklanmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ularni tadbirkorlik sub’yektlarining Yagona davlat reyestridan chiqaradi. Shundan kelib chiqib, tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tugatish jarayonlarining tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, ochiqlik va shaffofligini oshirishni ta’minlashda muhim huquqiy asos vazifasini o‘taydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring