Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirkorni «emaklatish» qachongacha?

Tadbirkorni «emaklatish» qachongacha?

Illyustrativ surat. Foto: «Times of Malta»

Tadbirkorni kim qo‘llashi kerak — hokimlik, tadbirkorning boshini kim silashi kerak — hokimlik, tadbikorni... Xullas, ikki-uch odamni to‘plab men ham bir ishni boshlay degan niyatda tadbirkorlik ko‘chasiga qadam tashlayotgan kishi uchun, ayniqsa, bugungi voqeliklar nuqtai nazaridan qarichlanganda, eng yaxshi najot-u dastak hokimliklar bo‘lishi kerak. Xayolga keladigan birinchi fikr shu va bu haqiqat.

Aslida bo‘lg‘usi tadbirkor ko‘p narsa so‘ramaydi, bor-yo‘g‘i bitta RUXSATNOMA bo‘lsa bas. Besh kunlik ish, bitadi — ketadi. Yo‘q, shoshmang, besh kun — kam emasmi...

Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyat boshqarmasiga Navoiy shahar davlat xizmatlari markazidan maxsus xabarnoma kelib tushdi. Tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etilgan shu xabarga aniqlik kiritish uchun holatni o‘rgandik va haqiqatan ham amin bo‘ldikki, ayrim mutasaddilar uchun nafaqat besh kun, balki bir oy ham kamlik qilishiga amin bo‘ldik...

Masalan, «Iskra Xazora» ma’suliyati cheklangan jamiyati tadbirkorlarini olaylik. Ular 2018-yilning 25-avgust kuni alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini olishni so‘rab, davlat xizmatlari markaziga ariza berishadi. Murojaat shu kunning o‘zida markaz xodimlari tomonidan elektron axborot almashinuvi dasturi («E-ijro») orqali vakolatli organga jo‘natilgan.


E’tiboringizni tortmoqchimiz, vakolatli organ bu — hokimlik idoralari. Aniqrog‘i, hokimlikda faoliyat yuritayotgan ishchi guruhi a’zolari.


Navoiy shahar hokimligi murojaatni belgilangan muddatdan 30 ish kuniga kechiktirib ko‘rib chiqadi va 12-oktyabr kuni (!) tadbirkor uchun alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini dastur orqali markazga jo‘natgan. Aslida bu murojaat 5 ish kunida hal bo‘lishi lozim edi. Ammo, unday bo‘lmadi. Shu tobda tadbirkorni bitta guvohnoma uchun yillar davomida «emaklatadigan» vaqtlar o‘tib ketdi, degingiz keladi hokimlik mutasaddilariga.

Xuddi shunday davlat xizmatiga ehtiyoj sezgan «Tibtexnika» ma’suliyati cheklangan jamiyati tadbirkorlari murojaatiga ham javob Navoiy shahar hokimligi tomonidan 19 ish kuniga kechiktirib jo‘natilgan. Jami 30 ta tadbirkorlik sub’yektiga davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonun buzilishi holatlari aniqlandi.

O‘rganishlarimizni umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlarni sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasini olishga ariza bergan tadbirkorlar faoliyati misolida davom ettirdik. Bu murojaatlarda ham hokimlik tomonidan 22 ta qonun buzilishi holatlari aniqlandi.

Masalan, Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan «Best Pub» ma’suliyati cheklangan jamiyati tadbirkorlari joriy yilning 10-sentyabr kuni umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlarni sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasini olishni so‘rab yozgan arizasi markaz tomonidan shu kunning o‘zida elektron axborot almashinuvi dasturi (E-ijro) orqali vakolatli organga jo‘natilgan. Buyog‘i nima bo‘ldi deb so‘rasangiz, mazkur murojaatning taqdiri hali-hanuz noma’lum...

Nahotki hokimlik mutasaddilariga tushunarli bo‘lmasa, axir bu borib turgan qoidabuzarlik-ku!

Eslatib o‘tmoqchimiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmonining 3-ilovasi 19-bandiga ko‘ra, alkogolli mahsulotlar bilan (chakana, umumiy ovqatlanish) savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini tuman (shahar) hokimliklari 5 ish kunida berishi ko‘rsatilgan.

Mazkur masalada murojaat qilayotgan tadbirkorlarning haq-huquqini cheklayotgan Navoiy shahar hokimligidagi  ishchi guruh a’zolari buni o‘ylab ko‘rishsa yaxshilab bo‘lardi. Endi eskicha ishlash ketmaydi. Tadbirkorning oyog‘iga tushov bo‘lolmaysiz.

Hokimliklarki prezident farmoni ijrosiga shunday e’tiborsiz bo‘lsa, unda tadbirkor dardini kimga aytsin?..

Davlat xizmatlari agentligining
Navoiy viloyati boshqarmasi
matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring