Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taklifa Karimova: «Men bo‘lg‘usi Prezident oilasiga 1964-yilda kelin bo‘lib tushganman»

Taklifa Karimova: «Men bo‘lg‘usi Prezident oilasiga 1964-yilda kelin bo‘lib tushganman»

Suratda (o‘ngdan chapga): Taklifa Karimova, Sanobar aya (Islom Karimovning onasi), Mehriniso Karimova (Islom Karimovning opasi)

Foto: «Fondkarimov.uz»

Samarqandning «Zarafshon» gazetasi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligi arafasida Karimovlar xonadoni kelini, Quddus Karimovning rafiqasi Taklifa Karimovaning xotiralarini chop etdi. Ayni vaqtda Samarqand shahridagi «Qo‘shbaqqolli» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi sifatida faoliyat yuritayotgan onaxon Islom Karimovni shunday xotirlaydi:

— Men bo‘lg‘usi Prezident oilasiga 1964-yilda kelin bo‘lib tushganman. To‘yning ertasi kuniyoq bu oilada o‘zaro inoqlik, mehr, ilmga tashnalik benihoya yuqori ekanini anglaganman.

Islom Karimov oilada yettinchi farzand bo‘lib, opasi Mehriniso hamda aka-ukalari bilan ahil-inoq yashar, ular bilan o‘zaro ilmiy va aqliy tortishuvlar qilib turardi. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘im Quddus Karimov bilan fan, sport, ta’lim-tarbiya, diniy va dunyoviy bilimlar borasida mudom bahslashardi.

O‘sha paytlarda Islom Karimov Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida ishlar, Samarqandga har ikki-uch oyda kelib turardi. Har kelganida xo‘jayinim bilan tarix, iqtisodiyot va astronomiya sohasida fikr almashardi, tonggacha bahslashishardi. Bir safar «Dadasi, ukangiz yosh bo‘lsa-da, kattalardek fikrlaydi, ong, tafakkur doirasi o‘ta keng. Buning sababi nimada?», deb so‘radim. «Kitobni sevishida, mutolaa qilish, o‘qib-izlanishdan erinmaganligida», dedi va bir voqeani aytib berdi. «Urush yillaridan keyin otamiz Abdug‘ani aka Ishtixon tumanidagi «zagotkontora» (o‘sha vaqtda shunday nomlangan)ga ishga o‘tdi va shu sababli Islom Mitan shaharchasidagi maktab-internatda tahsil oldi. To‘rtinchi sinfda o‘qib yurganida 2-sinf o‘qituvchisi qattiq betob bo‘lib qoladi va uch-to‘rt oy maktabga kela olmasligi oydinlashadi. Shunda maktab-internat direktori 4-sinf o‘quvchisi – ukam Islomga ishonch bilan o‘sha sinf o‘quvchilarini o‘qitib turishni topshiradi. Yosh Islom bu ishonchni oqilona uddalash uchun kechalari uxlamay o‘qiydi, o‘z ustida ishlaydi. Natijada uch oy davomida o‘quvchilarni o‘qituvchidan kam bo‘lmay o‘qitadi. Uning bu salohiyati nafaqat maktabda, balki tumanda alohida e’tirof etiladi».

Islom Karimov ana shunday chuqur bilim, iste’dod va iqtidor egasi edi. Buni men yaqin odami, qarindoshi sifatida ellik yillik o‘zaro munosabatlarimiz davomida teran anglaganman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring