Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Talaba nimani yaxshi ko‘radi yoxud Avloniy uslubidagi oddiy mulohaza

Talaba nimani yaxshi ko‘radi yoxud Avloniy uslubidagi oddiy mulohaza

Foto: TATU

Tolibi ilmlarimizning turish-turmushi juda qiziq. Avloniy bobomiz bir asr muqaddam qalamga olgan ushbu mavzuga kamina bugungi kun nigohi bilan razm solmoqqa harakat qildim. Hukmi o‘zingizga havola.  

Ayni vaqtda ba’zi tengdoshlarimiz muhim va mas’uliyatli ish — ilm olishdan og‘moqdaki, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Talabalar turarjoyida istiqomat qiladiganlarning ba’zilari «yotoq — xandon, dars — zindon» qabilida yashaydi. Ular uchun sakson daqiqalik darsda tishni tishga bosib o‘tirishdan yomoni yo‘q. Qo‘ng‘iroqning umidbaxsh sadolari yangrashi bilan binodan shunday otilib chiqishadiki, ularning oldida sayyoramiz eng chopag‘oni Useyn Bolt ham xijolat tortsa kerak.

Ikkinchi toifaga dars paytida ko‘chada tarallabedod qilib, g‘alvir suvdan ko‘tariladigan sessiya mahali aybi borning tizzasi qaltirar deganlaridek o‘qituvchi oldida bechora qiyofada turishni xush ko‘radigan yalqovlar kiradi.

Ayrim yigitlar madaniy-ma’rifiy tadbirlar, kutubxona-yu to‘garaklardan ko‘ra tungi klub, choyxona va restoranlarga borishni afzal ko‘radi.

Talabalar orasida musiqa shaydolari ham ko‘p. Faqat negadir aksariyati mumtoz kuy-qo‘shiqlarimizdan bahra olish o‘rniga «Daryolar bo‘yida, xarsangtosh qo‘ynida» yoxud «Laylo, opang qani?» qabilidagi tomoqyirtar qo‘shiqlarni eshitgani-eshitgan.

XXI asrda insoniyat misli ko‘rilmagan texnik taraqqiyotga erishish barobarida ba’zi muammolarga ham duch keldi. Yigit-qizlarimiz kitob mutolaasi, foydali yumushlar, hatto madaniy hordiq chiqarishni bir chetga surib, «Telegram», «Facebook» kabi ijtimoiy tarmoqlarda uzzukun suhbatlashishdan tolmaydi.

Endi bevosita ta’lim jarayoniga to‘xtalsak. Ba’zi talabalar ma’ruza vaqtida esnashu imtihon vaqtida izillab oson javob axtarishni xush ko‘rarlar, yaxshiyam ixtiyorida elektron kitoblarga to‘lib-toshgan mobil telefon va istalgan ma’lumotni bir zumda muhayyo qilib beradigan internet bor.

Yigitlarimiz yevropacha yirtiq-yamoq shimlar, qizlarimiz qaysidir xonandaga taqlidan tikilgan «zamonaviy» liboslar kiyishni xush ko‘radi.

Zamonamiz tezkorlikni, bilimni talab etadi. Yoshlarimizga jiddiy, salmoqli mavzular ko‘tariladigan veb-saytlar, ta’limiy dasturlar o‘rniga «dunyo ajoyibotlari» yoki «falonchi ajrashib, falonchi uylanganmish» qabilida axborot beradigan manbalar ma’qul.

Kitobxon talabalarimiz esa asrlar davomida eng yaxshi deb tan olingan mumtoz asarlardan ko‘ra hazmi tez, «Uddaburon yigitning bedazordagi sarguzashtlari»ga o‘xshash oldi-qochdilar mutolaasini xush ko‘rarlar.

Ilmga rag‘bati bor ba’zi talabalar esa «sen zo‘r, sendan men zo‘r» tarzida masala talashishni, raqibni «yer bilan yakson qilish»ni xush ko‘radi.

Ayrim «zukkolar» mavzuni chuqur o‘rganish o‘rniga yaxshi baho payiga tushishni, sport va chet tillarini o‘rganishdan ko‘ra uyquni, talabalar turarjoyida «tundan tonggacha» ulanadigan suhbatlarni yaxshi ko‘rarlar. Ijodga befarq bo‘lmaganlar davra qurib she’r o‘qish, foydali bahslar o‘rniga uzzukun kompyuterda film tomosha qilishni yaxshi ko‘rarlar.

Do‘stlarim mendan «yot otgan toshdan jigar otgan uvada qattiq tegar» deb og‘rinmasin. Hozir ayni o‘qib-o‘rganadigan paytimiz. Krilov boboning Ninachisiga o‘xshab qish g‘amini yozda yemasak, ertaga qiynalib qolamiz.

Ulug‘bek Oripov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring