Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli jurnalist Jo‘ra Sa’dullayev olamdan o‘tdi

Taniqli jurnalist Jo‘ra Sa’dullayev olamdan o‘tdi

Foto: «Uza.uz»

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, «Yilning eng faol jurnalisti» (2006-yil) Jo‘ra Sa’dullayev 80 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.

Jo‘ra Sa’dullayev 1939-yilning 10-yanvarida Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Eshonguzar qishlog‘ida tug‘ilgan.

1960-1967-yillari O‘rta Osiyo Davlat universitetining Filologiya fakulteti jurnalistika bo‘limida tahsil olgan. Qibray tumani ijtimoiy-siyosiy gazetasida xodim, bo‘lim mudiri, muharrir o‘rinbosari, Zangiota tumani ijtimoiy-siyosiy gazetasida muharrir, «Yosh Leninchi» gazetasida bo‘lim mudiri, 1974-1988-yillarda «Sovet O‘zbekistoni» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») gazetasida muxbir, bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, 1988-1989-yillarda «Mushtum» jurnalida bosh muharrir, keyingi yillarda «Qishloq haqiqati» gazetasida muxbir, «Xalq so‘zi» gazetasining Toshkent viloyati bo‘yicha muxbiri, bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining Toshkent viloyati bo‘limi raisi, «O‘zbekiston tabiati» gazetasida bosh muharrir, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining Matbuot sho‘’basida mudir, «Munosabat» (hozirgi «Nuroniy») gazetasida bosh muharrir, «Toshkent haqiqati» viloyat ijtimoiy-siyosiy gazetasining bo‘lim mudiri vazifalarida ishlagan.

U o‘zining samarali ijod faoliyati davrida «Dallasdagi otishmalar aks-sadosi», «Amerika imperializmining qonli izlari» publitsistik kitoblari, falsafa, iqtisodiyot va buxgalteriya hisobiga oid o‘ndan ortiq kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

O‘zbekiston Jurnalistlar soyuzi mukofotining laureati (1976-yil), O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist (1988-yil) faxriy unvoni sohibi, «Yilning eng faol jurnalisti» tanlovi g‘olibi (2006-yil) bo‘lgan.

Jo‘ra Sa’dullayev «Kamolot yo‘llari» (1980 yil), «Tik parvoz» (1986-yil), «So‘nggi topshiriq» (1979 yil) ocherklari to‘plamlarining muallifi, «O‘zbekiston yulduzlari» (1977-yil), «O‘zbekiston qo‘riqlari» (1980-yil) kitoblarining hammuallifi. «Zamondosh qalbi» (2005-yil, publitsistik nashr), «Davr ko‘zgusi» («Toshkent haqiqati»: yillar, ijodkorlar, izlanishlar», 2006-yil), «Asom g‘adang nima deydi?» (2007-yil, feletonlar to‘plami), «Umr oqar suv emas» (2010-yil, publitsistik nashr), «Ovloqdagi xonadon» (2010-yil, detektiv qissa), «Ko‘ngil to‘lg‘oqlari» (2011-yil, publitsistik nashr) kitoblarining muallifi.

Shuningdek, «Shajara – xotirada o‘chmas mash’ala» (2006-yil) avlodlar shajarasi kitobining hammuallifi.

Bugungi kunda uning o‘nlab shogirdlari respublikamizning turli ommaviy axborot vositalari hamda qator idora va muassasalarida samarali mehnat qilishmoqda.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali jurnalistning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring