Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tanzila Norboyeva mehnat muhojirlariga yordam berishni so‘rab Rossiyaga maktub yo‘lladi

Tanzila Norboyeva mehnat muhojirlariga yordam berishni so‘rab Rossiyaga maktub yo‘lladi

Foto: Xabar.uz

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Oliy Majlis Senatiga Rossiya Federatsiyasida hozirgi murakkab sharoitda ishsiz, mablag‘siz qolgan fuqarolarimizdan karantin tugaguncha va mehnat bozori to‘liq tiklanguniga qadar patentni qayta rasmiylashtirish, bekor qilish, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliqning to‘lash muddatini kechiktirish imkoniyatini ko‘rib chiqish masalasida yordam so‘rab murojaatlar kelib tushmoqda.

Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan joriy yil 5 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborilgan.

Shuningdek, 8 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoga maktub yo‘lladi.

Maktubda Rossiya xalqiga epidemiyani tez orada yengib o‘tishiga chin dildan tilak bildirib, global koronavirus pandemiyasi sharoitida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shu jumladan, parlamentlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash alohida ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.

O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasi hukumatining fuqarolarimizning Rossiyada bo‘lib turishi uchun ruxsat etilgan muddatni uzaytirish hamda mamlakat tashqarisiga chiqish zaruratisiz mehnat faoliyatini davom ettirish uchun yangi patentlar olish shartlarini yengillashtirish bo‘yicha qarorini qo‘llab-quvvatlagan.

Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining yuqorida qayd etilgan muammolariga ham e’tibor qaratilib, ularni tezkorlik bilan hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan.

Umid qilamizki, hozirda insoniyat oldida turgan og‘ir damlarda O‘zbekiston parlamenti va hukumatining mamlakatimiz fuqarolari manfaatlari yo‘lida qilgan ushbu murojaati Rossiya davlatida o‘zining ijobiy javobini topadi.

Ravshanbek ALIMOV,
Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi
iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va
turizm masalalari qo‘mitasi raisi

Manba: senat.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring