Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tataristonda «Kambag‘al yahudiy» mojarosi

Tataristonda «Kambag‘al yahudiy» mojarosi

Tataristonning «Slavitsa» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Bedniy yevrey» («Kambag‘al yahudiy») nomli muzqaymoq.

Foto: «Tatar-inform.ru»

Tataristonning Naberejniye Chelni shahridagi muzqaymoq ishlab chiqaruvchi «Slavitsa» kompaniyasi noan’anaviy marketing usulini o‘ylab topgani qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi, deya xabar bermoqda «Euronews» telekanali.

Gap shundaki, kompaniya o‘zi ishlab chiqargan yangi mahsulotga «Bedniy yevrey» («Kambag‘al yahudiy») deya nom bergan, bu esa mahalliy yahudiylar diasporasining noroziligiga sabab bo‘lgan. Diaspora rahbari Leonid Shteynberg mahsulot ishlab chiqarilishini to‘xtatishga erishish niyatida ekanligini aytgan. Shahar prokuraturasi esa mahsulot qadog‘ida Isroil bayrog‘i tasviri ishlatilishining qonunga muvofiqligini tekshirish maqsadida tekshiruv boshlaganini ma’lum qildi.

«Mojaroli marketing»ga sabab bo‘lgan muzqaymoqlar
Foto: «Ntv.ru»

Sotuvchilarning aytishicha, bunday «mojaroli marketing» birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Ikki yil oldin kompaniya qadog‘iga qora tanli bola tasviri tushirilgan «Obamka» muzqaymog‘ini sotuvga chiqargan edi. O‘shanda xorij matbuoti fabrikani irqchilikda ayblagan, shundan keyin fabrika barcha mahsulotlarini sotuvdan qaytarib olishga majbur bo‘lgan.

Fabrika o‘zining «Vkontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yangi mahsuloti haqida xabar qoldirgan. «Olxo‘ri va shokolad ta’mli yangi muzqaymoq. Tanishing, «Bedniy yevrey» muzqaymog‘i».

Shuningdek, fabrika assortimentida «Amerikanets» va «Xoxol» muzqaymoqlari ham bo‘lgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring