Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Muloqot avvalida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.

Aloqalar barcha daraja va yo‘nalishlarda faollashgani ko‘p qirrali O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. 

O‘zaro savdo hajmi ortib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, xususan, hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasida kooperatsiya kengayib bormoqda. Joriy yil 15-noyabr kuni Chimkent shahrida ikki mamlakat chegaraoldi hududlari ma’muriyatlari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirokida birinchi hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Qozog‘istonda O‘zbekiston yili doirasida ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashuv dasturi sermazmun bo‘lgani qayd etildi. Yil boshidan buyon jami 50 dan ortiq qo‘shma tadbir o‘tkazilgani buning tasdig‘idir.

Muloqot davomida davlat rahbarlari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasidagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar, jumladan, 2019-yilda mamlakatimizda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ishlari xususida fikr almashildi.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari keng ko‘lamli hamkorlikni bundan buyon ham faol rivojlantirish, qardosh O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlari manfaatini, mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilishi qat’iy ekanini ta’kidladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring