Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tojikiston Prezidenti kelishidan oldin «Tadjik Air» samolyoti Toshkentda ko‘rikdan o‘tdi

Tojikiston Prezidenti kelishidan oldin «Tadjik Air» samolyoti Toshkentda ko‘rikdan o‘tdi

Foto: O‘zbekiston havo yo‘llari

Bugun, 16-avgust kuni Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportiga «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasida texnik xizmatdan o‘tish uchun kelgan «Tadjik Air» aviakompaniyasining havo kemasi qo‘ndi. Bu haqda MAK axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu havo layneri «Tadjik Air» aviakompaniyasining «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasida texnik xizmat ko‘rsatilayotgan birinchi samolyoti emas. «Uzbekistan Airways Technics» va Tojikiston aviakompaniyasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik 2016 yilda yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning yanvar oyida korxona mutaxassislari tomonidan tojik aviatashuvchisining Boeing 767 samolyotida S-chek shaklidagi ta’mirlash ishlari bajarilgan.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasi g‘arbda ishlab chiqarilgan samolyotlarga barcha turdagi texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur texnik baza va malakali kadrlarga ega. Aviakorxonaning salohiyati samolyotlarni bo‘yashdan tortib, kapital ta’mirlashgacha bo‘lgan texnik xizmatning murakkab turlarini nafaqat MAK aviaparki, balki xorijiy kompaniyalar samolyotlariga ham ko‘rsatish imkonini beradi.

Aviakorxonada har yili Qozog‘istonning «SSAT», Tojikistonnig «Tadjik Air» va boshqa xorijiy aviatashuvchilar havo kemalariga xizmat ko‘rsatiladi. Joriy yilning oxirigacha Tojikistonning yana bir samolyoti texnik xizmatdan o‘tish uchun keltirilishi kutilmoqda, shuningdek, uzoq muddatli hamkorlar - «Turkmen havo yo‘llari» va bir qator Rossiya aviakompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

«Tojikiston aviakompaniyasiga tegishli Boeing 757-200 yo‘lovchi samolyotining Tojikiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi arafasida uchib kelishi ramziy ma’no kasb etadi», deyiladi MAK axborotida.

Eslatib o‘tamiz, ertaga, 17-avgust kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon so‘nggi ikki dekadadan beri ilk marta davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring