Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent «o‘zini yakkalash rejimi»ga o‘tdi (foto)

Toshkent «o‘zini yakkalash rejimi»ga o‘tdi (foto)

Foto: IIBB

Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan, Toshkent va Nukus shahri hamda viloyat markazlarida joriy etilgan o‘zini yakkalash tartibi majburiy bo‘lib, bugundan boshlab poytaxtimizda majburiy tarzda o‘zini yakkalash tartibiga rioya qilinishini nazorat qiluvchi doimiy YPX postlari tashkil etilgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: IIBB

Ular jami 61ta postdan iborat bo‘lib, 42ta postda PPX maxsus avtobuslari mavjuddir hamda qolgan postlar PPX deb nomlangan kabinalar bilan ta’minlangan.

Foto: IIBB

Bundan tashqari, har bir avtotransport vositasi Kichik xalqa yo‘li bo‘ylab doimiy YPX postidan o‘tishi uchun karantin rejimiga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash maqsadida 75 ta ikkinchi darajali yo‘llar yopildi.

Foto: IIBB

Ushbu postlarda Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi bilan birga Milliy gvardiya hamda Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari ham birga xizmat olib borishmoqda.

Nega ichki YPX postlari tashkil etilgan?

– Majburiy o‘zini yakkalash tartibi buzilishini oldini olish uchun. Ya’ni, huquqni muhofaza qilish va boshqa idoralar xodimlari fuqarolar, ayniqsa 65 yoshdan oshganlar, yashash joylarini (uy, xonadon) piyoda, velosiped yoki skuterda faqatgina quyidagi ikki sababga ko‘ra tark etishlarini nazorat qilishadi:

  • mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun;
  • oziq-ovqat va dorilar xarid qilish uchun.

Xodimlar fuqaro qancha vaqtga chiqayotganligini qanday aniqlashadi?

– Uydan chiqish maqsadi haqida savol beriladi. Ishga yo‘l olayotganlar ish joyidan ma’lumotnoma (tasdiqlovchi hujjat) taqdim etishlari lozim. Oziq-ovqat yoki dori-darmon mahsulotlarini xarid qilish uchun chiqqanlar barcha kerakli narsalarni uylariga eng yaqin bo‘lgan do‘kon va dorixonalardan xarid qilib, uylariga qaytishlari kerak. Agar biror shaxs uzrli sababni aytib xodimlarni aldasa va ko‘chalarda sayr qilib yursa, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54 moddasiga («Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish») muvofiq chora ko‘riladi. Velosipedlar (motoskuterlar, samokatlar va hokazo) bunday hollarda vaqtincha olib qo‘yiladi.

Keksa yoshdagi ota-onamning (boshqa qarindoshlarim, tanishlarimning) oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlariga ehtiyojlari tug‘ilsa va mendan boshqa zarur narsalarni yetkazib beradigan odam bo‘lmasa nima qilish zarur?

– Homiylik faoliyatini muvofiqlashtirish markaziga qo‘ng‘iroq qiling: 11-97, 90-900-63-46, 71-210-01-15. Qo‘ng‘iroqlar faqat soat 09.00 dan 17.00 gacha qabul qilinadi. Oldindan quyidagi ma’lumotlarni tayyorlab qo‘ying: yordamga muhtoj kishining pasport raqami va seriyasi, istiqomat qiladigan mahallasining nomi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari fuqarolarni to‘xtatish, ularga yuqoridagi savollarni berish, harakatlanishini kuzatish, velosipedlar (motoskuterlar, samokatlar va hokazolarni) olib qo‘yish huquqiga egami?

Ha, bunday huquqqa egalar. Hozirgi vaqtda qoidalarni epidemiologik holat belgilaydi. Hozir «huquqlarni himoya qilish» mavridi emas. Hech kimga oson emas. Holatga mulohaza bilan, aqlni ishga solib yondashish kerak. Gap hamyurtlarimizning hayoti va salomatligi haqida ketmoqda.

Uy hayvonlari, xususan itlar egalari qanday yo‘l tutmoqlari kerak?

– Itni faqatgina uy oldida sayr qildirish mumkin. So‘ng najosatini paketga yig‘ib, chiqindilar bakiga tashlab, uyga qaytish zarur. Agar siz itingiz bilan qo‘shni kvartalda yoki boshqa mahallada yurganingiz aniqlansa – sizga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llaniladi.     

«Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari! Ushbu chora – haqiqatdan ham qattiqdir. Bu choralarni Xitoy hukumati qo‘llagan, xuddi shunday choralarni koronavirus sababli o‘lim soni oshib borayotgan boshqa mamlakatlar ham qo‘llashmoqda.  

Afsuski, oramizda holatning jiddiyligini tushunmayotganlar bor, ular biror bahona bilan stikersiz yoki qalbaki stiker bilan avtomobil haydamoqdalar, velosipedlarda harakatlanmoqdalar, itlar va bolalari bilan sayr qilishmoqda. Bu odamlar birovlarning hayoti, salomatligi uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yinlariga olishga tayyormilar? Hech kim koronavirus tashuvchisi emasligiga amin bo‘la olmaydi. Shu bilan birga hech kim ularning kasallik yuqtirmasliklariga kafolat bera olmaydi.

Qonun va yurtimiz rahbariyati talabiga binoan Toshkent shahar IIBB, umuman ichki ishlar organlari xodimlari xalq uchun, odamlar xavfsizligi uchun, sizning hayot va salomatligingiz uchun xizmat qilishmoqda. Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi tomonidan joriy qilinayotgan barcha choralar koronavirus infeksiyasining tarqalishi xavfini to‘xtatish va unga barham berishga qaratilgan.

Sizni irodali bo‘lishga, ongli ravishda va fuqarolik mas’uliyati his etgan holda ish tutishga chaqiramiz. Koronavirus pandemiyasini yengishda va ko‘p sonli o‘limlarni oldini olishda bizga faqatgina intizom yordam beradi, zero kasallik keng tarqalgan boshqa mamlakatlarga aynan shunday tartib yordam bergan» – deyiladi IIBB xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring