Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda qilich bilan tahdid qilib, zo‘rlik ishlatganlarning 3 nafari qo‘lga olindi

Toshkentda qilich bilan tahdid qilib, zo‘rlik ishlatganlarning 3 nafari qo‘lga olindi

Foto: «Repost»

Internet tarmog‘ida Toshkentda noma’lum shaxslar erkakka qilich bilan tahdid qilib, uni mashinaga majburan o‘tqazib noma’lum tarafga olib ketgani tasvirlangan video tarqalgani haqida xabar bergan edik.

Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, 11-avgust kuni Toshkentning Uchtepa tumanida bir guruh shaxslar VAZ-2105 mashinasida kelib, «Spark» haydovchisini kuch bilan mashinadan chiqarib, Sergeli tumaniga olib ketgan va kaltaklashgan. Ichki ishlar bosh boshqarmasi tekshiruv o‘tkazib, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish ochdi.

Voqeaning to‘liq tafsilotlarini o‘rganish jarayonida barcha daliliy ashyolar to‘planib, ushbu jinoiy ish ishtirokchilarining ko‘rsatmalari olindi va ularning har biriga albatta tegishli baho beriladi, deyiladi IIBB xabarida.

Hozirga qadar voqeaning uch nafar jabrlanuvchisi va yana uch nafar gumonlanuvchisi ko‘rsatma bergan. Yana ikki gumondor, jumladan hodisa tashkilotchisi deb aytilayotgan 27 yoshli J.Shohruxni qo‘lga olish harakatlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, jabrlanuvchi — 23 yoshli A.Botirjon tanishi Shohruxdan pul qarz olib, oxirgi 500 ming so‘mni qaytarolmagan. Gumonlanuvchi J.Shohrux 24 yoshli G.Ziyovuddin, 31 yoshli M.Muzaffar, N.Bekzod va 33 yoshli I.Abdug‘ani bilan «VAZ-2105» (Muzaffar boshqaruvida) va Abdug‘ani boshqargan «Nexia 3» avtomobilida «Vatan» kinoteatri yonida «Spark» mashinasini boshqarib ketayotgan 34 yoshli M.Jasurning yo‘lini to‘sib, uni to‘xtatishgan.

Qo‘lga olinganlarning ko‘rsatma berishicha, Ziyovuddin «Spark» mashinasining shinasiga ziyon yetkazgan, Muzaffar esa oynasini sindirgan.

Shundan so‘ng, huquqbuzarlar jabrlanuvchilarni kuch bilan o‘zlarining mashinalariga o‘tqizib, Sergeli tumaniga olib ketishgan va o‘sha yerda ularga tan jarohati yetkazishgan. Jarohat darajasiga shifokorlar aniqlik kiritishmoqda.

Shundan keyin G.Ziyovuddin va N.Bekzod jabrlanuvchilarni shifoxonaga olib borib, haqiqatni aytib qo‘ymasligi uchun kuzatib turishgan.

Qo‘rquv ostida qolgan jabrlanuvchilar shifokorlarga bo‘lib o‘tgan voqea haqida aytishmagan va ichki ishlarga ham xabar berishmagan. Lekin holat tasvirlangan videolavha Internet tarmog‘ida tarqatilgandan so‘ng, sir oshkor bo‘lgan.

Toshkent shahar IIBB mazkur tasvir asosida tezkor tergov harakatlarini olib borib, shu kuni kechki payt gumondorlarning shaxsiga aniqlik kiritilgan va qisqa fursatda ulardan 3 nafari qo‘lga olingan.

Alohida qayd etib o‘tish kerakki, hamshaharlarimiz yon-atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga e’tiborsiz bo‘lmay, «102»ga xabar berayotgani yoki video va fotolavhalarni yuborayotgani katta yordam bo‘lmoqda. Oramizda o‘zining ona shahri va odamlar taqdiriga befarq bo‘lmagan insonlar ko‘pligidan xursandmiz, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring