Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«To‘xtasam — pulsiz qolaman». Biz noshukurmizmi?!

«To‘xtasam — pulsiz qolaman». Biz noshukurmizmi?!

Foto: «Semeynaya Ekonomika»

Hayotidan noligan odamni yoqtirmayman. Ayniqsa, duch kelgan kishiga obidiyda qilishdan xunukroq ish bo‘lmasa kerak. Bejizga xalqimiz «Birni ko‘rib shukur qil, birni ko‘rib fikr qil», demaydi. Ammo negadir keyingi paytda noliydiganlar ko‘payib qoldi. Kim biladi, bunaqalar ilgari ham kam bo‘lmagandir, e’tibor bermagandirmiz ehtimol.

So‘nggi paytda ayrim noxushlik­lar ham yuzaga qalqib chiqayotgandek tuyulyapti negadir. Masalan, kollejlarda bir-biriga pichoq o‘qtaladigan, ko‘plashib bir kishini do‘pposlaydigan yoshlar, xotinining qotiliga aylangan erlar, qaynonasining joniga qasd qilgan kelinlar, ish izlab xorijda halok bo‘layotgan yigitlar, katta miqdorda pora bilan qo‘lga tushayotgan huquqshunoslar, qo‘l ostidagilarni haqorat qiladigan rahbarlar. Avval ham bunday voqealar ko‘p bo‘lganu bizga bildirishmagandir balki. Har nechuk, qaysidir yillari qaysidir viloyatda bir avtobus odam daryoga qulagani yoki avtobus haydovchisi uxlab qolib, yuk mashinasiga urilgani, qaysidir vazirlikning boshqarma boshlig‘i qanchadir pulni o‘marib, xorijga qochib qolgani, qaysidir boyvachcha davlatning puli hisobidan ishchilarga avtomashina tarqatgani haqidagi mish-mishlar quloqqa chalingan edi.

Mana bu taksichi yigit ham gapni nolishdan boshladi. Benzinning narxi «osmonga chiqib» ketgani, hali yana ko‘tarilishi mumkinligi, kommunal to‘lovlar kundan-kunga oshib borayotgani, bozorlardagi qimmatchilik haqida gapirardi tinmay.

—Moshinangiz gazda yuradi shekilli?, — «sen nega noliyapsan», degandek gapini bo‘ldim uning.

— Gazda, oka, gazda. Benzinda tirikchilik qilib bo‘larmidi? — «Esingiz joyidami», degandek g‘alati qarab qo‘ydi u menga.

Sirtidan binoyidek ko‘ringan «Neksiya-2»ning saloni puturdan ketgandi: o‘rindiqlari cho‘kib qolgan, rul chambaragiga o‘rnatilgan g‘ilof titilib, rangi uniqqan, oyoq ostidagi rezinadan chang ko‘tarilardi.

Mahalla ko‘chasiga kirgach, mashina rostmanasiga titray boshladi.

— «Xodovoy»laringiz charchabdimi, deyman? – bilag‘onlik qildim.

— Charchagan, oka. Balonlariyam charchagan. Yaxshiyam tili yo‘q bechoraning. Bir minut tindirmayman. Ba’zan, moshinada yurish jonimga tegib ketadi.

— Unday demang uka, noshukurlik bo‘ladi, — dedim nasihat ohangida. — Buni bitta g‘ildiragiga yetolmay yurganlar qancha?

— O‘zimniki bo‘lganida boshidan suv o‘girib ichardim, arenda bu, oka, - deydi taksichi yigit bir oz zardali ohangda. — Kun bo‘yi itday izg‘ib topganimning to‘qson foizini qurtday sanab olishadi. O‘ttiz uch yoshga kirdim. Uch nafar farzandim bor. Keliningiz uy bekasi. Bolalarning maktabi, bog‘chasi, yeyish-ichishi, kommunal to‘lovlar, mana bu zormandaning xarajatlari, u rul chambaragini urib qo‘ydi — hammasi shu taksichilikning orqasidan. Umr o‘tib ketyapti. Lekin men to‘xtay olmayman. To‘xtasam – pulsiz qolaman. Shuning uchun ulfatlar bilan yozilib o‘tirolmayman, mehmondorchilikka borolmayman. U tinmay gapirar, meni esa yana o‘sha savol o‘ylantirardi: Biz noshukurmizmi?

Sharm-ash Shayxliklar nega o‘zbekcha bilmaydi?

O‘tayotgan har bir kunimizga shukur qilib yashaydigan xalqmiz. Shukronalik vujudimizga sut, qalbimizga qon bilan kirgan. Shukur, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, farzandlarimiz bag‘rimizda. Qornimiz to‘q, ustimiz but. Bir odamga bundan ortiq yana nima kerak? Qanoatli millatmiz: boriga shukur – yo‘g‘iga sabr qilamiz. Ertadan umidvormiz. Biz ko‘rmagan kunlarni farzandlarimiz ko‘radi, ular xuddi ertaklardagidek baxtli-saodatli umr kecharadi, deb ishonamiz.

Prezidentimiz ko‘plab sohalar kabi O‘zbekistonning turizm sohasidagi cheksiz imkoniyatlaridan samarali foydalanmayotganimiz haqida og‘rinib gapirmoqda. Mamlakatda turizm indus­t­­ri­yasini rivojlantirish uchun jon kuydirmoqda. Xorijiy davlatlardagi elchilarimizga yurtimizga sayyohlarni jo‘natish majburiyati yuklanayotir.

— Har yili O‘zbekistonga yuzlab nemis sayyohlarini yuboramiz, — deydi «Turkestan Travel Ltd» sayyohlik firmasi rahbari, «Davra» o‘zbek-olmon madaniy jamiyati raisi Anvar Shermatov. — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biri — bu turizmdir. Yurtimizda 7 ming 300 dan ortiq madaniy meros ob’yektlari mavjud. Haqiqatan ham Vatanimiz turizm sohasida yuksak salohiyatga ega.

Men shu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkor sifatida nafaqat xorijliklar O‘zbekistonga kelishini, balki yurtdoshlarimiz ham dunyo ko‘rishlarini, ta’til chog‘ida farzandlari bilan Yevropani tomosha qilishlarini, Osiyoning okean va dengiz sohilidagi so‘lim go‘shalarida hordiq chiqarishlarini istayman. Afsuski, bunday imkoniyatga ega bo‘layotganlar juda kam.

2009 yilda bir guruh jurnalistlar Misr davlatida xizmat safarida bo‘ldik. Madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan bu safar dasturiga Qizil dengiz bo‘yidagi Sharm ash-Shayx shahriga sayohat ham kiritilgan edi. Sharm ash-Shayx – o‘rtahol sayyohlar shahri. Bu yerga dunyoning turli burchaklaridan dam oluvchilar keladi. Mehmonlarga xizmat ko‘rsatuvchi misrliklar esa turli tillarda so‘zlay bilishadi. Hech bo‘lmaganda sayyohni xursand qilish, to‘g‘rirog‘i, pulini olish uchun uning ona tilida besh-olti so‘z aytadi. Ular rus, hatto qozoq tilida ham so‘zlashadi. Biroq o‘zbek tilini bilishmaydi. Nafaqat bilishmaydi, balki bunday til borligidan xabarlari ham bo‘lmasa kerak.

«Iste’mol savatcha»miz bo‘ladimi?

Ish so‘rab kelgan ellik yoshlar atrofidagi kishining hujjatlarini ko‘zdan kechirar ekanman, u ayni paytda nufuzli bir davlat tashkilotida bosh hisobchi bo‘lib ishlashini bilib, hayron qoldim.

— Bundan tashqari yana bir joyda o‘rindoshlik asosida ishlayman. Ikkita tashkilotning oylik buxgalteriya hisobotini tayyorlab beraman, — dedi u ikkilanib qolganimni sezib. — Xavotirlanmang, ulguraman. Ishda muammo bo‘lmaydi.

Menga tajribali hisobchi kerak, biroq besh joyda ishlaydigan odamning ishida sifat bo‘larmikan?

— Aka, charchab qolmaysizmi? Sog‘liqniyam o‘ylash kerak, har holda...

— Ha, yosh ham, sog‘liq ham ketyapti, — dedi u gapimni tugatmasimdan.

— Farzandlardan nechta? — so‘radi kutilmaganda. Aytdim.

— Menda ham to‘rtta, – dedi u o‘ychan. — Ikkitasi shartnoma asosida universitetda o‘qiyapti. Uchinchisi uchta fandan repetitorga qatnaydi. Kenjamiz boshlang‘ich sinfda. To‘ng‘ich qizimni fotiha qilib qo‘yganmiz. Qudalar ko‘klamga chiqib to‘y qilishmoqchi. Bu yoqda necha yildan beri chalasi bitmayotgan uyni epaqaga keltirishim, to‘yga tayyorlanishim kerak.

O‘zimda ham shu muammo. Unga o‘xshab to‘rtta joyda ishlamasam-da, ikki tashkilot o‘rtasida qatnab yuribman.

— Soliqni nima qilyapsiz? – so‘radim qiziqib.

— Nima qilardim, eng yuqori stavkada, ya’ni 32 foiz to‘layapman.

Xullas, gap aylanib, soliq masalasiga taqaldi.

— Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida soliq tizimini tubdan takomillashtirish masalasi ko‘zda tutilgan. Soliq qonunchiligida o‘zgarishlar bo‘lishidan umid qilib turibmiz, – dedi u. — Bizda daromad solig‘i ancha yuqori. Masalan, Fransiyada 500 yevrogacha bo‘lgan daromaddan soliq ushlanmaydi. Undan oshgan qismdan 5 foizdan boshlab soliq olinadi. Rossiya va Belorusda 13 foiz (12 foiz daromad solig‘i, 1 foiz pensiya fondiga) soliq undiriladi. Xitoyda ham soliq 5 foizdan boshlanadi. Bolgariyada 10 foiz. Qozog‘istonda ham 10 foizdan 20 foizgacha daromad solig‘i olinadi. Bizda amaldagi soliq tizimi joriy qilinganiga ko‘p yil bo‘lyapti. Yevropa shabloni aosida tashkil etilgan bizning soliq tizimimiz. Aslida esa, milliy mentalitet, qadimiy an’analar, xalqning turmush darajasi inobatga olinishi kerak edi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida amaldagi moliya tizimini qattiq tanqid qildi. Xalqimizning o‘rtacha daromadini ko‘tarish, «iste’mol savatchasi» haqida gapirdi, eshitgandirsiz?

«Yoshlar» teleradiokanalining shu yil 28 yanvar kuni efirga uzatilgan «Davr hafta ichida» ko‘rsatuvida «Iste’mol savatchasi» xususida so‘z yuritildi. Mutaxassis sifatida taklif etilgan «Soliq va bojxona xabarlari» gazetasi bosh muharririning, yurtdoshlarimizning (ular orasida taniqli jurnalist akamiz ham bor edi) fikrlari berildi. Masalaga bir oz yuzakiroq yondashilgan bo‘lsa-da, bu mavzuning aynan televideniyeda ko‘tarilganidan xursand bo‘ldim.

Bizning ham hayotiy ehtiyojlarimizni qoplashga yetadigan «Iste’mol savatchamiz» bo‘lishi lozim.

Nafsni tiyishni o‘rganishimiz kerakmi?

Albatta, bu savolga ko‘pchilik: «Bo‘lmasam-chi, badnafslik insonni halokatga boshlaydi», deb javob berishi tayin. Viloyat hokimlaridan biri ham OAVga bergan intervyusida shunga yaqin gap gapirgan. «Dadasi, bugun payshanba, osh damlash kerak edi, go‘sht yo‘q», deydi. Nima deyish kerak shunda?! Tuxum bormi? Bo‘lsa, ikkitasini bosib turavering, ertaga go‘sht bo‘ladi. Oilani ham shunga ko‘niktirish, tiyib turish kerak. Nafsni tiyish degan narsani oilada ham o‘rgatish kerak», deydi u.

Ehtimol hokim o‘z oilasi haqida gapirgandir, biroq har payshanba u yoqda tursin, oyda bir marta go‘sht yemaydigan, qora qozonini amallab qaynatib, non-choy bilan kun kechirayotgan kishilarni nafsini tiyolmaslikda, hokim aytganidek, «o‘rtog‘iga o‘xshab yaxshi kostyum, yaxshi oyoq kiyimi kiyishni istagani» uchun emas, zarurligidan, agar o‘sha oyoq kiyimni olib bermasa, o‘g‘li maktabga borolmay qolishini o‘ylab, qo‘shnisidan qarz so‘ragan otani «oiladagi vaziyat, tarbiya»ni boy berganlikda, yetishmovchilik sabab xorijga ishlagani ketib, turli qiyinchiliklarni boshidan kechirayotganlarni noshukurlikda ayblasak, to‘g‘ri bo‘larmikan?

Birinchi Prezidentimiz «Odamning hayoti o‘zgarmas ekan, uning hayotga bo‘lgan munosabati ham o‘zgarmaydi», degan edi. Islom Karimov ezgu g‘oyalari, uning rahbarligida 25 yil davomida mamlakatimizda bajarilgan ishlar zamirida ulug‘ bir maqsad – odamlarning tafakkurini, dunyoqarashini, hayotini o‘zgartirish maqsadi mujassam edi.

Bugun hayotga ochiq ko‘z bilan qarayapmiz. O‘z muammolarimizni, kamchiliklarimizni tahlil qilyapmiz. Xatolarimizdan to‘g‘ri xulosa chiqarishga intilyapmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshlagan shiddatli islohatlarni amalga oshrishda o‘z irodamizni namoyon etishga, davlatimiz rahbariga kamarbasta bo‘lishga harakat qilyapmiz.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz yaxshi yashashga haqlimiz. Yaxshi yashashga intilish esa noshukurlik emas.

Vohid Luqmon

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring